20 Aprel 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +14,7 °C

Salomatlik
11 Mart  2019 643

Yurtimizda har yili 700 ming nafar homilardor ayollar yuz foiz skrining tekshiruvi bilan qamrab olinadi

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 25-dekabrda qabul qilingan “2018 – 2022 yillar davrida bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bilan bolalarda genetik sindromlarni erta tashxislash, nasliy kasalliklarga qarshi ommaviy skrining tekshiruvlarini o‘tkazish bo‘yicha amalga oshiriladigan muhim vazifalar belgilab berilgan edi.

 

Shuningdek, ushbu dasturda zamonaviy skrining xizmatidan mamlakatimizning eng olis tumanlarida yashovchi aholi ham to‘liq bahramand bo‘lishini ta’minlash ko‘zda tutilgan bo‘lib, ushbu vazifalar ijrosi doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan homilador ayollarni ultratovush tekshiruvidan to‘liq o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yilib, bu borada barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

– Prezidentimiz  tashabbusi bilan Davlat byudjeti hisobidan dunyodagi nufuzli “General Electric” kompaniyasining eng zamonaviy 200 ta ultratovush tekshiruvi apparatlari xarid qilindi. Mamlakatimizning barcha tuman va shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarining prenatal tashxis xonalari yuqori texnologik imkoniyatga ega bo‘lgan ushbu apparatlar bilan jihozlandi,– deydi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. – Natijada, ilgari homilador ayollar poytaxtimiz yoki viloyat markazlariga sarson bo‘lib, kelib-ketishgan bo‘lsa, hozirda bunga hojat qolmadi. Bundan tashqari, avvallari homilador ayollarimiz ultratovush tekshiruvi bilan 40-50 foiz qamrab olingan bo‘lsa, ayni paytda yurtimizda har yili o‘rtacha 700 ming nafar homilardor ayollarimiz yuz foiz skrining tekshiruvi bilan qamrab olinadi. Eng muhimi, 14 haftagacha bo‘lgan muddatdagi homila o‘sishida tug‘ma nuqsonlarni barvaqt aniqlash, o‘limga olib boradigan nuqsonlarga ega bolalar tug‘ilishining to‘liq oldini olish imkoni paydo bo‘ldi. Endilikda shifokorlarimiz yanada mas’uliyatli bo‘lishi barobarida, homilador ayollarimiz ham o‘z vaqtida skrining tekshiruvidan o‘tishga e’tiborli bo‘lishi lozim.   

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Matbuot xizmati

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech