24 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +29,1 °C

Ijtimoiy hayot
24 Yanvar  2019 1658

“Yoyma bozor”dan nega ko‘p xarid qilamiz, arzonligi uchunmi yoki yo‘limizda bo‘lganligi uchun?

Kunda-kunora oziq-ovqat mahsulotlari olish uchun bozorga tushamiz. Asosan kechga yaqin ikki qator bo‘lib mahsulotlarini yerga yoyib sotayotganlarga guvoh bo‘lamiz. Qaysiki yirik dehqon bozorlariga borsangiz shu holatni ko‘rasiz.

Biz nega “yoyma bozor”dan xarid qilamiz?

Ko‘pchilik “yoyma bozor” mahsulotlarini arzon, deb biladi.

– Odatda ish vaqtim tugaganidan keyin bozorga kelaman, – deydi Po‘lat Abdullaev. – Yo‘l-yo‘lakay yerda o‘tirib savdo qilayotganlardan xarid qilib ketaveraman. Ular nazarimda rasta yoki do‘kondan ko‘ra arzonroq sotadi.

Aslida ham shundaymi?

– Rastada ham joyim bor, – deydi “Shirin” dehqon bozori sotuvchisi Gulsora Alixonova. – Kechga yaqin ko‘pchilik ishdan qaytadi va bozorga kiradi. Ular asosan shunday qator o‘tirganlardan savdo qiladi. Rastalarga kam odam boradi. Shuning uchun men ham ulardek ish tutaman.

Narx-navodagi tafovut haqidagi savolga sotuvchilar birozgina farqi bo‘ladi, lekin ko‘p hollarda narxi bir xil ekanini ta’kidladi.

Aslida qorni qor, yomg‘irni yomg‘ir, issiqni issiq demay shu kabi savdo qilayotganlarning joniga barakalla, deging keladi. Turli ob-havoda bir soatgina ko‘chada kimnidir kutib ko‘ring. Ularga ham oson emasligini anglaysiz.

Qora qozonni qaynatish oson emas, albatta. Lekin bu kabi savdo qilayotganlarga hech bir bozorda ruxsat yo‘q. Shu bois, ular huquq-tartibot xodimlarini ko‘rganda, ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Har qalay ishsiz yurib bezorilik qilib kimnidir tunashdan, firibgarlik qilib, aldab birovlarning pulini yeyishdan yoki chegaradan noqonuniy mol olib o‘tishdan ko‘ra yaxshiroq-ku, shunday emasmi?

Qancha yigitlar, xotin-qizlarimiz xorijga ishlash uchun, kun kechirish uchun ketayapti. Bozordagidan-da qiyin sharoitlarda pul topayapti. O‘z yurtidan, ota-onasi, oilasi, yaqinlari, farzandidan uzoq bo‘lgan ba'zilar hatto yo‘ldan adashib ketayapti.

Surxondaryolik 35 yoshli Arslon Boltaev 4 yil xorijda ishladi. Uyiga, bolalariga pul jo‘natib turdi. Ishlab turgan joyida ishlari biroz o‘xshamagach, uni notinch bo‘lgan davlatga taklif qilishdi. U yerda ko‘p pul topish mumkinligini aytishdi. Yaxshi daromadni eshitgach A.Boltaev bu gapni ayoliga aytdi. Turmush o‘rtog‘i bunga ko‘nmadi va uning qaytib kelishini iltimos qildi. Oila a’zolarining qiyin-qistovi bilan yurtga qaytgan bu fuqaro yo‘ldan adashishiga bir bahya qoldi.

Kelgach, kichik tomorqada dehqonchilik boshladi. Dehqonchilik ham birda yaxshi, birda yomon. Kun kechirish oson bo‘lmadi. Lekin farzandlari, oilasi yonida bo‘lganiga ne yetsin?

Arslon kabi ish, mo‘may pul izlab yurganlar ozmi?

Endi yana bozordagi yoyma savdoga qaytsak. Ular o‘z holidan shikoyat qilganini eshitganmisiz? Kelgan xaridorga shunday chiroyli muomala qiladiki, mahsulotlarini sotib olganingizni bilmay qolasiz. Ular majburan nimadir sotmayapti. Zahmatli bo‘lsa ham o‘z yurtida. Kam topayotgan bo‘lsa ham noni shirin va totli.

Ammo bir narsa o‘ylantiradi. Sotilayotgan hamma mahsulot ham “yoyma bozor”da sotilishi kerakmi? Ba’zan sanitariya-gigiena talablariga javob bermaydigan mahsulotlar ham sotilayotganining guvohi bo‘lamiz. Ularga qandaydir imtiyoz berish barobarida bu ishni ham nazoratga olish mumkindir. Qor-yomg‘irli kunlarda ustiga loy, chang-to‘zonli kunlarda g‘ubor o‘tiradigan mahsulotlarni “yoyma bozor”da sotish to‘g‘rimikin?

Buni sotuvchilarimiz ham o‘ylab ko‘rsa bo‘lardi.

 

B.Meliqulova

Fоtо: qalampir.uz

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech