13 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +11,1 °C

Bo‘sh vaqtda
1 Iyun  2019 1371

Yovg‘on sho‘rva (Yaroslav GASHEK)

Knyaz Robert juda insonparvar odam edi. Bir kuni qo‘shni qishloqdagi kambag‘al bolalar uchun «Bir kosa sho‘rva» ko‘chma oshxonasini tashkil etish fikri miyasiga kelib qoldi. Xarajatlarini hali hisoblab ham ko‘rmagan knyaz maxsus pavilon qurishga buyruq berib yubordi va Venadan ko‘chma oshxona olib keltirdi.

Ko‘chma oshxonani keltirishgandan so‘ng knyaginya xonim salkam tiz cho‘kib, bu ishni qilmaslikni o‘tinib so‘radi. Ammo knyazning qarori qat’iy edi.

— Jim bo‘ling, knyaginya! — dedi u. — O‘sha juldurvoqilar uchun shaxsan o‘zim kartoshkali obiyovg‘on pishirmoqchiman.

Knyaginyaning ukasi graf Manxard ham shunday aslzoda kishiga ovqat pishirishning yarashmasligini aytib, qaynog‘asini bu yo‘ldan qaytarishga urinib ko‘rdi. Bunga javoban knyaz baqirib berdi va aynan, shu ishni o‘zi qilmoqchiligini, agar kimda-kim qarshi chiqsa, shaxsan o‘zi u bilan gaplashib qo‘yishini aytdi. Bundan knyaz Robertning nafaqat insonparvar, balki juda badjahl kishi ekanini ham anglagandirsiz.

Xullas, ajoyib kunlarning birida pavilon va ko‘chma oshxona ignabargli daraxt novdalari, bayroqchalar va ikki xil rangdagi tasmalar bilan bezatildi, eshiklarga esa «Yaratganga shukrlar bo‘lsin!» degan yozuvlar osildi. Frak va silindr shlyapa kiygan xizmatkorlar og‘asi qozon oldida turib, o‘choqqa o‘tin qalardi. Negaki, knyaz Robert shunday qilishni buyurgan.

Knyazning o‘zi esa dam-badam deraza oldiga kelib, tashqariga qarardi. Agar xizmatkorlar og‘asi shlyapasini yechsa, bu qozondagi suvning qaynaganini va knyaz janob oliylarining kartoshka archish uchun chiqadigan vaqti bo‘lganini bildirardi. Buni ham knyaz o‘ylab qo‘ygandi.

Va nihoyat, u qasrdan chiqdi va salobat bilan ko‘chma oshxonali pavilon tomon odimladi. Bolalar esa nima qilarini bilmay burun kavlab turishardi va qishloq oqsoqoli knyazga munosib hurmatni ko‘rsatish lozimligini tushuntirib qo‘yish uchun mushtini ko‘rsatdi.

Oqsoqoli bunaqa tadbirlarga juda usta bo‘lib ketgandi. U bolalarning knyazga qarab, «ura» deb qichqirishlariga ishora berdi, hammasi yuvinib-taranganmi, ishonch hosil qilish uchun ularga bir qur razm soldi-da, qishloq mirshabi Pazurekka imo qildi. U esa kalta zambaraklardan birining piltasini yoqdi va ikkinchisi tomon oshiqdi. Ikki marta qattiq gumburlash eshitildi, knyaz esa quyuq tutun ichidan chiqib olishga shoshildi. Bolalar esa quloqni qomatga keltirgudek baqirardilar. Knyaz ularga iltifot bilan qo‘l siltadi va ko‘chma oshxona yoniga borib o‘tirdi. Ikki xizmatkori uning yoniga kartoshka keltirib qo‘yishdi. Knyaz esa oppoq qo‘lqop kiygan qo‘li bilan bitta kartoshka oldi-da, archib bo‘lgach, suv qaynayotgan qozonga tashladi. Atrofni bolalarning quvonchli hayqirig‘i tutdi. (Darvoqe, ularning ovozi sal xirillab ham qolgandi). Janob oliylari ikkinchi kartoshkani tozalay boshladi. Mana, bunisi ham qozonga tushdi. Yana atrofni bolalarning quvonchli hayqirig‘i tutdi. Shundan so‘ng knyaz Robert o‘rnidan turib, tilga kirdi:

— Bolalar, bu… sizniki xursand bo‘lgan. Hozir sizniki kartoshkali obiyovg‘on yeydi va xursand bo‘ladi, negaki uni shaxsan meniki tayyorlaydi… Unutmang, meniki sizlarnikiga xuddi onaday mehribon… haligi… meniki shaxsan o‘zi pishiradi…

Ana shunday notiqlik san'atidan bahramand bo‘lgan bolalar yana baravariga hayqirishdi.

— Bugun tarixiy kun, meniki sizlarga ovqat pishiradi, — viqor bilan davom etdi knyaz, — yenglar bolalar, sizniki «xam-xam» qiladi. Bu juda mazali yovg‘on sho‘rva… Meniki sizlarga oshpaz bo‘ldi va kartoshkani shaxsan meniki archidi. Sizniki buning uchun menga minnatdorchilik aytadi…

Keyin yigirma uch nafar bolakayning har biri janob oliylarining qo‘lidan bir krondan pul oldi, qishloq oqsoqoliga esa knyaz kir bo‘lib ketgan qo‘lqopini berdi. Uni yechayotib, dedi:

— Muhtaram oqsoqol, bu sizga, mening birinchi yovg‘on sho‘rva tayyorlaganimdan esdalik. Sizniki buning uchun menga minnatdorchilik aytadi…

Xuddi shu payti gavdali bir aravakash knyazga ot keltirdi va janob oliylari sayr qilgani o‘zining ov qiladigan qo‘riqxona o‘rmoniga kirib ketdi, xizmatkorlar va a'yon ham kerilgancha, qasr tomon jo‘nadilar.

Qishloq oqsoqoli knyaz bergan qo‘lqoplarni cho‘ntagiga tiqdi, oldin juldurvoqilarga, so‘ng qishloq mirshabi Pazurekka razm soldi, cho‘ntagidan qo‘lqoplarni chiqardi, yana nima qilishni bilmay, ularga tikilib qoldi va nihoyat, qishloq sarkori Verjinga qarab dedi:

— Xo‘p, yaxshi, ammo juldurvoqilar uchun yovg‘on sho‘rvani kim oxirigacha pishiradi?

— Pazurek bilan bolalar kartoshkani oxirigacha tozalab berishadi, — dedi unisi.

— Pazurek, yovg‘on sho‘rvani oxirigacha pishirishni sizga topshiraman. Siz esa qizlar, kartoshka archasizlar.

Shunday deya ular bolalarni Pazurek ixtiyorida qoldirishdi. Issiqqa chidab bo‘lmasdi, Pazurek ko‘zlarini chaqchaytirgancha bolalarga o‘shqirdi:

— Siz chuvrindilarga tekin tushlikni ko‘rsatib qo‘yaman hali.

Biroq boshqa chorasi ham yo‘q edi, chubug‘ini tutatib bo‘lgach, qari askar mahorat bilan yovg‘on sho‘rva uchun ziravorlarni tayyorlay boshladi. Bu orada qizlar kartoshkani archib bo‘lishdi, Pazurek esa peshonasidagi terni yengi bilan artgancha qozonni cho‘mich bilan kavlay boshladi.

Kutilmaganda uning miyasiga yalt etib bir fikr kelib qoldi. U to‘xtadi, ko‘chma oshxona yaqinidagi o‘tloqda o‘ynayotgan bolalarga qaradi va qichqirdi:

— Karel Malina, qani, bu yoqqa kel-chi!

Hech gapdan xabari yo‘q Karel Pazurekning yoniga keldi.

— Sen la'nati bolakay, — qichqirdi unga Pazurek, — kecha yong‘oqzorda nima qilayotgan eding? Buning uchun jarima undirilishini bilasanmi o‘zi? Qani, bir kronni bu yoqqa cho‘z-da, ukang Pepikniyam chaqir. Pepik, yaramas akang Karelni yong‘oq o‘g‘irlagani uchun avaxta kutyapti. Knyazdan bir kron oldingmi? Qani, bu yoqqa cho‘z! Haliyam shunday knyazni sizlarga ro‘para qilgani uchun Xudoga shukr qilinglar! Bo‘lmasam, sizlar uchun jarimani kim to‘lardi? Jarima uchun ikki kron yetadi. Agar yana yong‘oq o‘g‘irlayotganlaringni ko‘rib qolsam, pichanxonaga qamab, ishtonlaringni yechib, yaxshilab savalayman. O‘g‘irlik qilish, bolalar, gunoh! Bo‘pti, bu safar sizlarni kechirdim. Pepik yugurib borib, menga aroq opke, sen Karel yovg‘on sho‘rvani cho‘mich bilan kavlaysan.

Pazurek maysaga yaxshilab joylashib oldi. Ko‘p o‘tmay Pepik aroq ko‘tarib keldi. Ichib olgan Pazurek bolalarni atrofiga yig‘ib, xo‘jayinlarni qanday hurmat qilish kerakligi haqida to‘lib-toshib nutq so‘zladi.

— Negaki, buning bari Yaratgandan, eshityapsizlarmi, churvaqalar?

Ikkinchi aroqqa ham bolakayni jo‘natdi.

Quyosh esa ayamasdan qizdirardi. Pazurek qo‘nji uzun etigini yechib, maysaga cho‘zildi va ko‘p o‘tmay, xurrak ota boshladi. Bolalar janob oliylarining yovg‘on sho‘rvasi pishishini kutib, qaroqchi o‘yinini o‘ynay boshladilar. Ko‘p o‘tmay, ular o‘rmon ichiga kirib ketib, tovushlari ham butunlay eshitilmay qoldi.

Tush paytida knyaz sayrdan qaytdi. Uning nigohi birinchi bo‘lib, kimsasiz ko‘chma oshxona va pavilonga tushdi. Qozondan esa quyuq bug‘ chiqar va yovg‘on sho‘rvaning ishtaha ochuvchi «biq-biq»lab qaynashi eshitilardi. Qozonga yaqin kelib, unda... qishloq mirshabi Pazurekning etiklari pishayotganini ko‘rdi. Knyaz uni yaxshigina tepib uyg‘otdi, negaki u nafaqat insonparvar, balki juda badjahl kishi ham edi.

Bu hodisani esa qiya tepalikdagi butalar orasiga bekinib olgan aka-uka Malinalar hiringlagancha kuzatardilar. Ular o‘zini xuddi chizgan asari birinchi mukofotga loyiq topilgan rassomlardek his qilardilar. Yo‘qotishgan ikki kron puli o‘rnini ana shu tomosha qopladi.

Janob oliylarining esa «Bir kosa sho‘rva» ko‘chma oshxonasiga bo‘lgan qiziqishi so‘ndi va darrov chiroyli pavilonni yig‘ishtirishni buyurdi.

Uning qayni graf Manxard (uyam juda insonparvar odam) bir safar o‘rmonda Pazurekni uchratib, undan qanday qilib, birinchi va oxirgi marta yovg‘on sho‘rva pishirishganini so‘rab bilib olibdi.

— E, nimasini aytasiz, janob oliylari! — soddadillik bilan tan olibdi Pazurek. — Aytishgayam uyalasan kishi! Atrofni dimog‘ni yoradigan shunaqa hid tutib ketgandiki, asti qo‘yaverasiz... bunaqa hiddan Xudoning o‘zi saqlasin!

Rus tilidan

Nurpo‘lat NURQULOV tarjimasi

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech