16 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24,6 °C

Hukumat
19 Mart  2019 7485

Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha muhim vazifalar belgilab berildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 mart kuni yoshlarga eʼtiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan toʻgʻri foydalanish koʻnikmasini shakllantirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. 

Mamlakatimiz aholisining 30 foizi 14 dan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlardir. Ularning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi uchun zamonaviy sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Shu bilan birga, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishni tashkil etish dolzarb masala hisoblanadi. Yoshlar qanchalik maʼnaviy barkamol boʻlsa, turli yot illatlarga qarshi immuniteti ham shuncha kuchli boʻladi. 

Maʼlumki, davlatimiz rahbari ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi. 

Birinchi tashabbus yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, isteʼdodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi. 

Ikkinchi tashabbus yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yoʻnaltirilgan. 

Uchinchi tashabbus aholi va yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan. 

Toʻrtinchi tashabbus yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etishga yoʻnaltirilgan. 

Beshinchi tashabbus xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash masalalarini nazarda tutadi. 

Ana shu ezgu gʻoya Prezidentimizning Sirdaryo viloyatiga tashrifi chogʻida boshlanib, qisqa vaqtda ulkan ishlar amalga oshirildi. Mazkur hududdagi tuman va shaharlar kutubxonalariga 300 ming nusxada badiiy adabiyotlar yetkazib berildi. Musiqa va sanʼat maktablari cholgʻu asboblari, sport obyektlari jihozlar bilan taʼminlandi. 

Bu ishlar Namangan viloyatida ham davom ettirilib, “Maʼrifat karvoni” tashkil etildi. Yoshlar uchun 25 ming dona kitob, 80 turdagi sport jihozlari va musiqa asboblari yetkazib berildi. 

Ushbu 5 tashabbus xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. 

Yigʻilishda bu tajribani Oʻzbekistonning barcha hududlarida keng joriy qilish masalalari muhokama qilindi. 

Bugungi kunda mamlakatimizdagi 800 dan ortiq madaniyat markazi, 312 ta musiqa va sanʼat maktabiga atigi 130 ming nafar oʻgʻil-qiz qamrab olingani, mazkur muassasalarning aksariyati oʻquv qoʻllanmalari, notalar toʻplami, musiqa asboblari va jihozlar bilan yetarli darajada taʼminlanmagani qayd etildi. 

Davlatimiz rahbari joylardagi madaniyat markazlari, musiqa va sanʼat maktablarining moddiy-texnik bazasi va ulardan foydalanish holatini oʻrganib, faoliyatini yaxshilash boʻyicha topshiriqlar berdi. 

Madaniyat vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligiga hokimliklar bilan birgalikda tuman (shahar) madaniyat markazlari va umumtaʼlim maktablarida yoshlarning qiziqishidan kelib chiqib, qoʻshimcha 1,5 mingta toʻgarak tashkil etish vazifasi qoʻyildi. Tashabbuskor isteʼdodli yoshlar va mahalliy homiylarni jalb etgan holda, madaniyat markazlarida badiiy-havaskorlik jamoalari, yoshlar teatr-studiyalari va “Yoshlar klublari” tashkil qilish zarurligi taʼkidlandi. 

Atoqli sanʼatkor va isteʼdodli ijodkorlarni tumanlardagi madaniy ishlarga koʻmakchi sifatida biriktirish yaxshi natija berayotganini inobatga olib, bu tajribani butun mamlakatga yoyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Unga muvofiq, taniqli artistlar tuman va shaharlarga ijodiy maslahatchi sifatida biriktirilib, oʻsha joylarda madaniyat va sanʼatni rivojlantirishga masʼul boʻladi, tuman va shaharlar hokimlari esa ushbu ishlarga moddiy va tashkiliy jihatdan yordam beradi. 

Musiqa va sanʼat sohasida oliy maʼlumotli kadrlarni koʻpaytirish masalasiga ham eʼtibor qaratildi. 

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim hamda Xalq taʼlimi vazirliklariga muayyan mavzular boʻyicha tarix darslarini muzeylar, tarixiy obidalar, qadamjo va teatrlarda sayyor oʻtkazilishini tashkil qilish topshirildi. 

Ikkinchi tashabbusga doir masalalar muhokama qilinar ekan, yurtimizda 12 mingdan ziyod sport inshooti borligi, lekin yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sportga qamrab olish darajasi yetarli emasligi qayd etildi. Umumtaʼlim maktablarining sport anjomlari bilan jihozlanish koʻrsatkichi mamlakat boʻyicha 56 foizni tashkil etgani holda, Surxondaryo viloyatida atigi 12 foiz, Xorazmda 14 va Qoraqalpogʻistonda 15 foiz, xolos. 

Yigʻilishda yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish borasidagi chora-tadbirlar belgilab berildi. 

Tuman va shaharlar hokimlarining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlariga mutaxassislar bilan birgalikda yoshlarning sport turlariga qiziqishi hamda sport inshootlarining jihozlanish darajasini oʻrganib, shu asosda takliflar berish, Vazirlar Mahkamasiga ularni amalga oshirish uchun zarur mablagʻlar manbasini aniqlash vazifasi yuklatildi. 


Olis va chekka qishloqlarda yengil konstruksiyali sendvich panellardan kichik sport zallari va sunʼiy qoplamali maydonlar qurish, tashabbuskor tadbirkorlarga sport inshootlari barpo etish uchun yer ajratish zarurligi taʼkidlandi. Bunday tadbirkorlarga Milliybank tomonidan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida imtiyozli kreditlar ajratiladi. 

Joylardagi sport maktablariga taniqli xalqaro musobaqalar gʻoliblarini rahbar etib tayinlash, shuningdek, sportchilarni oliy oʻquv yurtlarining maxsus sirtqi boʻlimlarida maqsadli oʻqitish yaxshi natija berishi qayd etildi. Bolalar va oʻsmirlar sport maktablari sonini koʻpaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi. 

Videoselektor yigʻilishida yoshlarni internetdagi zararli xurujlardan asrash, ularni axborot texnologiyalaridan unumli foydalanishga oʻrgatish masalalariga ham alohida ahamiyat qaratildi. 
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga ilgʻor xalqaro tajribalar asosida barcha shaharlarda va tumanlar markazida Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlarini tashkil etish boʻyicha topshiriq berildi. Bu markazlarda elektron tijorat va dasturlash bepul oʻrgatiladi, axborot texnologiyalari sohasida biznes boʻyicha innovatsion koʻnikmalar shakllantiriladi, “startap” loyihalarga yordam koʻrsatiladi. 

Bugungi kunda barcha maktablarda kompyuter texnikalari boʻlishiga qaramasdan, internet xizmatidan yetarli darajada foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Xalq taʼlimi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga 2021 yilgacha barcha maktablardagi kompyuter sinflarini zamonaviy texnologiyalar va yuqori tezlikdagi internet tarmogʻi bilan taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. 

Tashabbuskor tadbirkorlarni jalb qilgan holda, kompyuter oʻyinlari markazlarini tashkil etish, ularda bolalar va yoshlarning bilim va dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladigan test, viktorina, rivojlantirish strategiyalari va boshqa foydali dasturlar boʻlishi zarurligi taʼkidlandi. 

Yoshlarda bolalik chogʻidan kitobga mehr uygʻotish, mustaqil fikr va keng dunyoqarashni shakllantirish ularning hayot yoʻllarida mustahkam zamin boʻladi. Lekin koʻplab qishloq va mahallalarda buning uchun zarur sharoit mavjud emas. Ilgarigi kutubxonalar oʻrnida tashkil etilgan Axborot-resurs markazlari oʻzlariga yuklatilgan vazifalarni bajara olmadi. 

Shu holatlarni hisobga olib, yangi tashabbus doirasida yoshlar sonidan kelib chiqqan holda joylarga qoʻshimcha kitoblar yetkazib berish rejalashtirilgan. 

Davlatimiz rahbari mutasaddi vazirlik va idoralarga “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida badiiy, maʼrifiy, ijtimoiy mavzularda kitoblar chop etish hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarga 1 million nusxadan kam boʻlmagan miqdorda yetkazib berish boʻyicha topshiriq berdi. 

Yigʻilishda mahalliy hokimliklar har bir shahar va tuman markazida bittadan namunali kitob doʻkoni tashkil etishi kerakligi taʼkidlandi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga barcha shahar va tumanlarda koʻchma kitob pavilyonlarini joylashtirish, “Bibliobus”larni yoʻlga qoʻyish orqali qishloq va ovullar aholisiga kutubxona xizmati koʻrsatish vazifasi yuklatildi. 

Yigʻilishda xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash masalalari ham muhokama qilindi. 

Shu maqsadda 2019-2020 yillarda barcha tumanlarda sendvich panellardan 195 ta tikuv-trikotaj korxonasi tashkil etish belgilangan. Ularni qurish uchun aholi zich yashaydigan, mehnat resurslari koʻp joylar tanlab olingan. Bu korxonalarni tashkil etish natijasida xotin-qizlar uchun 24 mingdan ortiq doimiy ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan. 

Prezidentimiz mehnat qilish istagidagi ayollar ish oʻrinlari sonidan ancha koʻpligini hisobga olib, korxonalarda ishni 2 smenada tashkil etish, ularda xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish zarurligini taʼkidladi.
Yigʻilishda qayd etilgan 5 tashabbusni keng joriy qilish maqsadida barcha hududlarga mutasaddi rahbarlar masʼul qilib biriktirildi. Shuningdek, bu vazifalarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlar hokimlari, “Nuroniy”, “Mahalla” jamgʻarmalari, Xotin-qizlar qoʻmitasi, Yoshlar ittifoqi rahbarlari shaxsan masʼul va javobgar etib belgilandi. 

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan axborotlar tinglandi. 
 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech