06 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28 °C

Salomatlik
9 Aprel  2020 500

Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari barchani birdamlikka chaqirdi

Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari, elchi Eduards Stiprays “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida oʻzbek xalqini birdam boʻlishga va koronavirusga qarshi kurashda hukumatga har tomonlama yordam berishga chaqirdi.

– Biz koʻpincha bir-birimizga tilaydigan soʻzlarning maʼnosi haqida oʻylaymizmi? Tinchlik, osoyishtalik, sogʻliq ... Oʻylaymanki, soʻnggi kunlarda biz ushbu ezgu soʻzlar maʼnosini yana-da teranroq tushuna boshladik.

Darhaqiqat, har birimizning salomatligimiz oilamiz va jamiyat uchun bebahodir. Shuning uchun hozirgi kunda Oʻzbekiston rahbariyati va hukumati tomonidan insonlar salomatligini oʻylab qilinayotgan ishlarni muhim va zarur choralar deb bilaman. Har birimiz ushbu jarayonda faol ishtirok etishimiz kerak.

Oʻzbekistonning boyligi nimada? Baʼzilar buni madaniy meros yoki goʻzal tabiati deb bilishadi. Ammo mamlakatning eng muhim boyligi bu uning xalqidir. Ushbu qiyin davrda barchaning hayotini saqlab qolish muhim. Biz nafaqat oʻzimizga, balki boshqalarga ham gʻamxoʻrlik qilishimiz kerak va bu har birimizning insoniy burchimizdir. Iltimos, tashqariga chiqayotganda va mashinaga oʻtirganda, niqob taqishni unutmang.

Ha, Oʻzbekistonda juda koʻp ishlar qilinmoqda. Ammo kasallik tarqalishining oldini olish bilan bir qatorda, ertangi kun haqida ham oʻylashimiz kerak. COVID-19 pandemiyasi tugaydi va mamlakat iqtisodiyotini qayta “oyoqqa” turgʻazishni boshlash kerak boʻladi.

Shuning uchun hukumat iqtisodiyotni tejash, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun juda muhim choralarni koʻrmoqda. Biz, birgalikda harakat qilsak, katta natijalarga erishishimizga ishonaman.

Aytmoqchimanki, Yevropa Ittifoqi Oʻzbekiston hukumatini qoʻllab-quvvatlashda davom etadi. Qoʻshimcha moliyaviy yordam berish imkoniyatlarini koʻrib chiqamiz va mavjud inqirozni bartaraf etish bilan bogʻliq muammolarni hal qilishga imkon darajasida mablagʻlarni yoʻnaltiramiz.

Yana bir bor barchaga sihat-salomatlik va tinchlik tilab qolaman!

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech