20 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +33,5 °C

Mamlakatimizda
20 Avgust  2019 292

Yerni xususiylashtirish bizga nima beradi?

Endilikda O‘zbekiston fuqarolari o‘zlarining uylari, korxonalari va boshqa mulklari joylashgan yerni xususiylashtirib olish imkoniga ega bo‘ldilar.

Kuni kecha qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonun, qo‘rqmay aytish mumkinki, tarixiy hujjat bo‘ldi. Chunki shu paytgacha bizda yer davlatniki, hammamiz undan u yoki bu tarzda foydalanuvchi edik, xolos.

Tarixga nazar tashlasangiz, o‘zbekning qo‘lidan yer tortib olingan kolxozlashtirish davridan beri biz yerdan foydalanuvchi bo‘lib kelganmiz. SSSRning so‘nggi yillarida va Mustaqillik davrida yerni xususiylashtirishga bir necha marta urinish bo‘lgan, ammo bu urinishlar turli sabablarga ko‘ra muvaffaqiyatli yakunlanmagan.

Mana, nihoyat, hukumatning bu masaladagi qat'iy siyosati hamda ijtimoiy-iqtisodiy sharoit taqozosi bilan yerlarni xususiy mulk sifatida rasmiylashtirish imkoni paydo bo‘ldi.

Bu nima degani?

yerni xususiylashtirishning ahamiyati ikki muhim omil orqali namoyon bo‘ladi.

  1. Ma'naviy omil. “Er kishi yer sotmaydi, yer sotgan er bo‘maydi”, degan Mirzakarimboy haq edi – yer mulklar orasida eng salmoqlisi va eng qadrlisi ekanini keksa savdogar yaxshi bilgan.

“Qaydan bilsin ot qadrin ot minmagan erkaklar” (M.Yusuf) deganlaridek, yuz yildan ortiq yerga egalik nimaligini bilmagan millat bu hujjatning qadriyu ahamiyatini to‘liq anglamayotgandek. Aslida, bu tarix kitoblariga muhrlanadigan, kelgusida hujjat qabul qilingan kun “kun tarixi” ruknida birinchi navbatda esga olinadigan sanadir.

yerning xususiy mulkka aylanishi ma'naviy tomondan fuqaroga katta ishonch beradi. Xususiy yerga kishining mehri boshqacha bo‘ladi. yer egasi o‘zini oyoqda mahkam turgandek his qiladi, uzoq kelajakka doir rejalar tuzadi va istiqbolini aniqroq ko‘ra boshlaydi.

Qolaversa, ayrim katta to‘ralar tomonidan endi “yer seniki emas, davlatniki” degan iddaolar bo‘lmaydi. O‘z uyingizda ijarada turgandek yashamaysiz.

  1. Iqtisodiy omil. Hyech bir ishlab chiqarish yersiz amalga oshmaydi, chunki har qanday korxona bir parcha yer ustiga joylashgan bo‘ladi. yer – xuddi kapital, energiya, axborot singari iqtisodiy omil. Olaylik, ishchi kuchi arzon, texnika qimmat bo‘lsa, tadbirkor qimmat texnika sotib olishdan ko‘ra ko‘proq ishchi yollashga harakat qiladi. Xuddi shunday, korxonasi qimmat yerda joylashgan bo‘lsa, uni sotib, ishni arzon yerga ko‘chirishga harakat qiladi, chunki yerning narxi ham mahsulot tannarxiga ta'sir qiladi. Demak, yer xususiylashsa, tadbirkor ham, jamiyat ham foyda ko‘radi (shaharning markazida ishlab chiqarish korxonalari bo‘lmaydi, masalan).

yerga kim egalik qiladi? Albatta, undan ko‘p foyda olishga qodir bo‘lgan, shu sababli yer uchun bozorda eng yuqori narx bera oladigan shaxs. Ta'kidlash joiz, u puli ko‘p bo‘lgani uchun yerni qimmat bahoga sotib olmayapti (normal sharoitda tadbirkor pulni bankdan kreditga oladi, hatto shu yerni garovga qo‘yib bo‘lsa ham), balki u shu yer uchastkasida foydali biznesni yo‘lga qo‘ya olishiga ko‘zi yetgani uchun sotib olyapti. Demak, yerga egalik yerdan foydalanuvchilarni makonda oqilona, o‘z o‘rnida joylashtirish uchun turtki bo‘ladi.

Shuningdek, yer xususiy mulkka aylangach, o‘z-o‘zidan yer bozori paydo bo‘ladi, xuddiki bir paytlar uy-joy xususiylashgach, uy bozori paydo bo‘lganidek. Demak, yerning haqiqiy bozor bahosi shakllanadi.

Bundan tashqari yerni garovga qo‘yish, ijaraga berish kabi imkoniyatlar paydo bo‘ladi, ya'ni yer iqtisodiy muomala ob'ektiga aylanadi.

Oddiy fuqaro hayotida nima o‘zgaradi? Birinchi navbatda, uning xususiy mulki mustahkam himoyaga ega bo‘ladi.

Bugungi “buz-qur” zamonida uy-joylarni davlat ehtiyoji uchun olib qo‘yish, obod shaharlar va mahallalar qurish asnosida xususiy mulk daxlsizligi masalasi birmuncha muammoga aylangani sir emas. Odamlar yerning emas, faqat uning ustiga qurilgan binoning mulkdori bo‘lgani holda, ba'zan shu binoning ham tovon pulini ololmay sarson bo‘lyapti. Shunday sharoitda fuqarolarning mulkini himoya qilish uchun uni mutahkam zaminga bog‘lab qo‘yish imkoni paydo bo‘ldi.

Hujjatda aytilishicha, xususiy yerlar faqat mulkdorning roziligi bilan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi mumkin. Agar yer xususiylashtirilgan bo‘lsa, endi binoning, mulkning kompensatsiyasini to‘labgina, yerni davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish imkoni bo‘lmaydi. Bunda yerni mulkdordan sotib olish yoki boshqa yo‘l bilan uni rozi qilish kerak bo‘ladi. Agar rozi qilinmasa, uning yerini olib qo‘yish mumkin emas.

Tasavvur qiling: Sitining o‘rtasida bitta kulba turibdi. Demak, o‘sha kulba joylashgan yer egasi yerini sotishni istamagan. Xususiy mulk daxlsizligi shu bo‘ladi.

Qurbi yetmaganlar-chi? Ayrimlar aholining daromadlari past bo‘lgan sharoitda yerni xususiylashtirish nimaga kerak, masalan, shahar markazida yashovchi pensioner qariyalar yoki kam ta'minlangan oilalar baribir o‘zi yashab turgan yerni xususiylashtirib ololmaydi-ku, deyishi mumkin.

Bir jihatdan haqli e'tiroz. Lekin shu sababni deb yerni xususiylashtirishning ahamiyatini kamaytirib ko‘rsatish to‘g‘ri emas. Avvalo, yerni xususiylashtirib olish uchun juda katta mablag‘ talab qilinmaydi: hozircha, buning mexanizmi ishlab chiqilmoqda.

Qolaversa, tasavvur qiling, bir mahalladan hyech bo‘lmasa bitta fuqaro o‘z uyi joylashgan yerni xususiylashtirib oldi. Shuning o‘zi butun mahalladagi binolarni noqonuniy buzlishdan himoyalovchi qo‘shimcha qalqon bo‘lishi mumkin. Birgina shu fuqaro yerimni sotmayman, deb tursa, kifoya. Butun mahallani buzib, bitta uyni qoldirib kim “siti” qura oladi? Vaholanki, yerni xususiylashtirishga qurbi yetadiganlar mahallada bir necha, hatto o‘nlab bo‘lishi mumkin, ayniqsa, shahar markazida.

Demak, fuqarolarda hokimiyat bilan mojarolarda o‘z mulklarini himoya qilish uchun yana bir richag paydo bo‘ldi.

yerlar talon-taroj bo‘lib ketmaydimi? Yo‘q, unday bo‘lishi mumkin emas. Chunki jismoniy va yuridik shaxslarga faqat mulki joylashgan yerni xususiylashtirib olishga ruxsat berilyapti. U hatto qo‘shnisining bir qarich yerini ham o‘ziniki qilib olomaydi, ustida o‘ziga tegishli bino bo‘lishi kerak.

Korrupsiya uchun yangi darcha ochilmadimi? Hokimliklar yerlarni xususiylashtirishni avval rad etib, ma'lum manfaat evaziga keyin rozilik berish hollari uchramaydimi, degan xavotir bo‘lishi mumkin. Bu asossiz qo‘rquv. Chunki qonunda yerlarni xususiylashtirish qaysi holatlarda rad etilishi mumkinligi aniq sanab berilgan.

Qonunga ko‘ra, yer uchastkalarini xususiylashtirishni rad etishga quyidagilar asos bo‘lishi mumkin:

  • yer uchastkalariga nisbatan sud jarayoni ketayotgan bo‘lsa;
  • yer uchastkalarida joylashgan ko‘chmas mulk ob'ektlariga nisbatan taqiq yoki xatlov mavjud bo‘lsa;
  • ariza berilguniga qadar yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish, infratuzilma ob'ektlarini qurish to‘g‘risida vakolatli davlat organlari hujjatlari mavjud bo‘lsa;
  • arizada noto‘g‘ri, bir-biriga zid bo‘lgan yoki buzib ko‘rsatilgan ma'lumotlar aniqlansa;
  • yer uchastkasi uchun Qonunda belgilangan muddatda va to‘liq to‘lov qilinmagan bo‘lsa.

Ko‘rinib turganidek, bu ro‘yxat uzun emas va uni istagancha talqin va tatbiq etish mumkin emas.

“Biz yerni ajdodlardan merosga oldik deb xato o‘ylaymiz, aslida biz uni avlodlardan qarzga olganmiz”, degan edi Antuan de Sent Eksyuperi. yerga oqilona munosabatda bo‘lish bizning farzandlar oldidagi burchimiz. Ayniqsa, bu yer o‘zimizning xususiy mulkimiz bo‘lsa. Shu nuqtai nazardan ushbu Qonunni yerga bo‘lgan tabiiy egalikni (va mas'uliyatni) qonunlashtiruvchi hujjat deb baholash mumkin.

Shahnoza Soatova,

Adliya vazirligi mas'ul xodimi

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech