06 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +32,4 °C

Fan
16 Aprel  2020 484

Yangi taklif yoʻqmi?

Unda topshirilgan vazifalarni soʻzsiz bajaring!

Kuni kecha Kaliforniya universiteti professori, matematika sohasida eng yuksak mukofot boʻlmish Filds medali laureati Ye.Zelmanov menga qoʻngʻiroq qildi. U Oʻzbekistonda virusdan kasallanish darajasining nisbatan ozligi, tuzalish jarayonining boshlanishi, pandemiyaning iqtisodiyot tarmoqlariga taʼsirini kamaytirish borasida qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlar kelgusida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgani bilan optimal boshqarish nazariyasining oʻzginasi ekani va bu ilmiy yangilik hisoblanishini alohida eʼtirof etdi.

Darhaqiqat, optimal boshqarish nazariyasi salbiy holatlarning oldini olish orqali kelgusi rivojlanishning istiqbolini belgilashga qaratilgani bilan ahamiyatli. Prezidentimizning shu yil 19-martidagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqirozli hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi va 3-apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonlarini mazkur ilmiy nazariyaning amaldagi inʼikosi, deyish mumkin.

Masalan, Prezidentimizning 3-apreldagi farmonida yuridik shaxslarning kreditlari boʻyicha 7,9 trillion soʻm hajmdagi qarzdorlik kechiktirilgani, moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan tashkilotlarning kreditlari boʻyicha restrukturizatsiya qilinadigan toʻlovlar hajmi qoʻshimcha ravishda 7 trillion soʻmni, jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan shu yilning navbatdagi 6 oyi mobaynida soʻndirilishi lozim boʻlgan kreditlar boʻyicha muddati uzaytiriladigan toʻlovlar hajmi 4,7 trillion soʻmni tashkil etishi aholi va tadbirkorlik subyektlarining pandemiya sababli iqtisodiy qiyinchiliklardan yengil chiqib olishiga ijobiy yordam beradi.

Masalaning ikkinchi jihati mavjud. Koronavirus toʻliq bartaraf etilgach, tijorat banklarining kredit siyosati dastlabki natijaning samaradorligini taʼminlashi kerak. Buning uchun bugun berilgan imtiyozlar ertaga aholi va tadbirkorlar yelkasiga qoʻshimcha yuk boʻlmasligi zarur. Istiqbolda inflyatsiya va milliy valyuta devalvatsiyasi hisobida tadbirkorlik subyektlari va aholi qarzdorliklarining muayyan qismini tijorat banklari buxgalteriya balansidan tashqarida hisoblashga oʻtkazmoq maqsadga muvofiq boʻladi.

Aksariyat olimlar mazkur farmonlarga kutilajak jahon inqirozi oldidan koʻrilgan chora-tadbirlar sifatida taʼrif berdi. Chindan ham moliyaviy masalalar, ayniqsa, pul-kredit sohasidagi yangiliklar iqtisodiyotimiz rivojlanishi uchun zarur tadbirdir. Bularning bajarilishi hujjatlarda keltirilgan talablar darajasida amalga oshirilsa, respublikamiz iqtisodiy rivojlanishi va aholining yashash darajasi 2019-yilga nisbatdan kam boʻlmasligi shubhasiz.

Shuningdek, Moliya vazirligi huzurida yuridik maqomga ega boʻlmagan Inqirozga qarshi jamgʻarmadan qilinadigan xarajatlar toʻgʻridan toʻgʻri iqtisodiyot, xususan, tadbirkorlik va aholi bandligi hamda iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashni taʼminlashga qaratilgan. Jamgʻarma mablagʻidan 2,2 trillion soʻmi iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni, 1,4 trillion soʻmi infratuzilmalar va yoʻl taʼmirlashini moliyalashtirishga yoʻnaltirilishi koʻzda tutildi.

Moliya vazirligiga mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlashni kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) imkoniyati berilishi munosabati bilan mahalliy byudjetlarning olinmay qolinadigan daromadlari oʻrnini Inqirozga qarshi jamgʻarmasidan har oyda qoplashni taʼminlash topshirigʻi berilgan. Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasiga 500 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ berilib, ish oʻrinlari yaratadigan biznes subyektlarga koʻmaklashiladi.

Shuningdek, 2020-yil 3-aprel kuni koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan yordam berish koʻlami yana-da kengaytirilishini taʼkidladi.

Hozirgi kunda tadbirkor olgan kredit stavkasi 24 foizgacha boʻlganda uning 8 foizini jamgʻarma qoplab berar edi. Endi kredit stavkasi 28 foizgacha boʻlganda ham uning 12 foizini davlat qoplaydi.

Buning uchun tadbirkorlarning 3 trillion soʻmlik kreditlari foizini qoplashga jamgʻarmadan qoʻshimcha 400 milliard soʻm yoʻnaltiriladi. Jamgʻarma bir tadbirkorning faqatgina bitta loyihasiga kafillik berishi boʻyicha cheklov ham endi bekor qilinadi.

Jamgʻarma intizomli va ishonchli tadbirkorlarga kreditning 75 foiziga kafillik beradi (bugungi kunda 50 foiz). Kafillik summasining yuqori chegarasi ham 8 milliard soʻmdan 10 milliard soʻmga oshiriladi, deb taʼkidladi.

Qabul qilingan ikkala farmonga koʻra berilgan soliq toʻlovlaridan imtiyozlar asosida yuzlab milliard mablagʻlar korxona, tashkilotlarda aylanma mablagʻ sifatida qoldiriladi.

Prezidentimizning 2020-yil 19-martdagi farmonida Markaziy bank tomonidan berilgan pul-kredit siyosati dastaklarini aktiv qoʻllash orqali pul bozorining har oylik likvidliligi 1 trillion soʻm hajmida boʻlishini taʼminlash taklifining maʼqullanishi makroiqtisodiyot uchun juda katta yordam. Bu degani tijorat banklarida mablagʻ taqchilligi boʻlmaydi. Ularda mablagʻ yetmay qolganda likvid holda faoliyat yuritayotgan pul bozoridan vaqtinchalik xarid etib turish imkoniyati yuzaga keladi. Bir soʻz bilan aytganda, moliya bozori jonlanadi va pul-kredit mexanizmi faoliyati yana-da tezlashadi.

Bu kabi imtiyozlar yaratiladigan YAIMga nisbatan salmoqli oʻrin tutadi. Aslini olganda, soʻnggi uch yilda hukumat tomonidan ajratiladigan mablagʻlardan toʻliq maqsadli foydalanilsa va korrupsiya boʻlmaganda edi, iqtisodiyotimiz bugungidan-da rivojlanardi. Afsus, jamiyatimizda bunday illatlar mavjud ekan, mablagʻ samaradorligi toʻgʻrisidagi savol doimo boʻladi. Masalan, Prezidentimizning 2020-yil 19-martdagi farmonida koronavirus infeksiyasi tarqalishidan zarar koʻrgan iqtisodiyot tarmoqlari va kredit portfelining sifati pasaygan tijorat banklariga foizsiz uch yilgacha muddat bilan byudjet ssudalari ajratilishi koʻrsatilgan. Mazkur imtiyoz nazorat ostida boʻlmasa, Markaziy bankning “har qanday imtiyoz bor joyda korrupsiya paydo boʻladi”, degan xulosasi toʻgʻri boʻladi. Bu borada farmonda koʻrsatilganidek, Inqirozga qarshi respublika komissiyasi, mutasaddi vazirliklar, mahalliy hokimliklar va Hisob palatasi doimiy nazorat oʻrnatishlari zarur. Aks holda Inqirozga qarshi jamgʻarma iqtisodni rivojlantirishga emas, balki tijorat banklarining qaytarilmay qolgan kreditlarini yopishga sarflanishi mumkin.

Pandemiyaning davri qisqa boʻlsa-da, uning asoratlari xalqaro hisob-kitoblarda uzoq saqlanishi mumkin. Masalan, 2020-yil 19-martdagi farmonda oldin eksport bilan shugʻullanib, muddati oʻtgan 10 foizdan koʻp debitorlik qarzdorligi boʻlmagan tadbirkorlik subyektlariga qatʼiy toʻlovni talab qilmagan holda tovarlarini eksport qilishga ruxsat berilmoqda. Shu oʻrinda taklif qilardikki, hudud va tarmoqlarda eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy ishlovchi respublika komissiyasi mutasaddi vazirliklar va qoʻmitalar bilan hamkorlikda eksport shartnoma shartlarini qayta koʻrib chiqishlari shart. Unda “fors-major” bandida “koronavirus infeksiyasi” masalasi uchun muayyan chegara yoki talab qoʻyilmasa, kelajakda oʻzaro moliyaviy kelishmovchiliklarga sabab boʻlishi mumkin.

Markaziy bankning pul bozori likvidligini taʼminlab turish tadbiri faqat inqiroz davrida emas, balki doimiy asosga qoʻyilsa, bugungi makroiqtisodiyotda mavjud boʻlgan pul yetishmovchiligining oldi olinar edi.

Jamiyatda inflyatsiya mavjud ekan, bozorda birlamchi isteʼmol tovarlariga talab ortadi. Shuning uchun farmonda Markaziy bank taklifi asosida tijorat banklari tomonidan birlamchi zaruriyatli tovarlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlariga revolver kreditlarning berilishi faqat inqiroz holatida amalga oshirilmay, undan keyin ham bu usulda kreditlash davom ettirilishi kerak.

Respublikamiz iqtisodiyoti global inqiroz oqibatidan talofat koʻrishi aniq boʻlgan bir paytda ichki manba va zaxiralarimizdan unumli foydalanishni oʻrganmogʻimiz shart. Masalan, 2020-yil 3-apreldagi farmonda tijorat banklarining likvidliligini oshirish maqsadida ularning vakillik hisob-raqamlariga oldindan tashkil etilgan majburiy zaxira talablarini yengillashtirish orqali 2,6 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi taʼkidlangan. Demak, pul-kredit siyosatini samarali boshqarish orqali shuncha mablagʻdan boshqa maqsadlarga foydalanish mumkin ekan. Shunday zaxiralarimiz boshqa sohalarda ham boʻlishi kerak. Ularni topish va foydalanish sharoitlarini aniqlashning yagona va toʻgʻri yoʻli iqtisodiy ilm xulosalaridan unumli foydalanishda. Buning uchun respublikadagi iqtisodchi olimlarimiz istiqboldagi vazifalarimiz toʻgʻrisida oʻzlarining aniq takliflarini yozma ravishda Matematika institutiga topshirishlari va matematik olimlar bilan birgalikda har bir taklifning samaradorligini hisoblab, iqtisodiyotimizning ichki imkoniyatlaridan samarali foydalanish kompleks modelini tayyorlash mumkin. Yaʼni institutimiz jamoasi doimiy ravishda muloqot va munozalarga tayyor.

Xulosa qilib aytish mumkinki, bugungi jahon iqtisodiy inqirozining makroiqtisodiyotimizga taʼsirini kamaytirish va bu holatdan tezroq chiqib ketishni tashkil etishga barchamiz masʼulmiz. Mabodo, oʻzimiz yangi bir taklif bilan chiqmas ekanmiz, hech boʻlmasa, davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan topshirilgan vazifalarni soʻzsiz bajarishimiz har birimizning fuqarolik burchimiz ekanini unutmaylik.

Shavkat Ayupov,
OʻzR FA V. I. Romanovskiy nomidagi
Matematika instituti direktori,
akademik, Oliy Majlis Senati aʼzosi

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech