19 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +37,7 °C

Kеyingi avlod
17 Aprel  2019 963

Yangi o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar QR kodli darsliklardan foydalanadi

2019/2020-o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta'lim maktablarning 8-sinf o‘quvchilariga geografiya fani innovatsion darslik yordamida o‘tiladi.

Mazkur darslik O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi xodimi Jahongir Musaev tomonidan yaratilgan bo‘lib, kitob sahifalarida o‘rin olgan QR kodlar orqali turli qiziqarli (xarita, diagramma, infografika, audio, video, matn ko‘rinishidagi) ma'lumotlar bilan tanishish mumkin.

Avvallari darsliklardagi illyustratsiyalar asosan foto-rasmlardan iborat bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ular o‘rnini turli diagrammalar, xarita-chizmalar egalladi. So‘nggi ikki yil ichida esa darsliklarga infografikalarni joylashtirish boshlandi.

Bu kabi darslikning foydasi nima?

Darslikning o‘qimishliligini oshiradi, darslik sahifalarining ixchamlashishiga olib keladi, eng muhimi, o‘quvchida fanga qiziqishni orttiradi. Ayni paytda axborot-texnologiyalar ildam rivojlanishi, QR-kod belgilarning kashf etilishi bosma nashrlarga elektron resurslarni bog‘lash imkoniyatini yaratmoqda.

Hozirda yuqori sinf o‘quvchilari uchun darsliklar nashr etish davriyligi 5 yilda bir marotabaga o‘tganligi, qo‘shimcha adabiyotlarni chop etish uchun mablag‘larning tanqisligi, undan ham avval bu kitoblarni ko‘tarib yurish, topish kabi muammolarni hal qilish maqsadida hamda ta'lim tizimiga zamonaviy innovatsion axborot resurslarni kiritishni yo‘lga qo‘yish maqsadida 8-sinf geografiya darsligi (“O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi”)ga QR-kod belgisi joylashtirildi. Mazkur belgi darslikni tashkil etgan 60 mavzuga alohida o‘rnatilgan bo‘lib, shu mavzuga oid qo‘shimcha internet manbalaridan foydalanish imkonini berdi.

O‘z navbatida, internet resurslaridan foydalanishda havfsizlikni ta'minlash, turli saytlardan olingan havolalar, saytning yopilib qolishi yoki shu resurs sayt egasi tomonidan olib tashlanishining oldini olish maqsadida darslikning alohida internet sayti ishga tushirildi va internet resurslari shu saytga joylashtirildi. Mazkur jarayon darslikni nafaqat boyitdi, shu bilan birga, keyingi chop etilgunicha o‘tadigan 5 yil davomida bo‘ladigan o‘zgarishlarni davriy ravishda internet resurslari hisobiga to‘ldirib borish imkoniyatini yaratdi.

Ma'lumot uchun, QR-kod – inglizcha “Quick Response” so‘zidan olingan bo‘lib, Quick – tez, Response – javob, ya'ni “tezkor javob” ma'nosini bildiradi. Bitta QR-kod o‘rtacha 7089 ta raqam, 4296 ta raqam harf, ikkilik sanoq sistemasiga 2953 bayt yoki 1817 ta ierogliflarni o‘z ichiga olishi mumkin. Bir so‘z bilan aytganda QR-kod – bu maxsus tarzdagi kodlardan iborat bo‘lgan, qandaydir bir ma'lumot, kvadrat ko‘rinishdagi tasvirdir. Unda oddiy matn, audio yozuvlar, video roliklar, 3D formatdagi shakllar va boshqa shu kabi boshqa internet resurslari bo‘lishi mumkin. Hozirgi kunda kameraga ega zamonaviy telefonlar kvadrat ko‘rinishdagi tasvir ostida yashiringan ma'lumotlarni oson o‘qish imkoniyatini beradi. Buning uchun bor-yo‘g‘i telefon kamerasini QR-kodga yo‘naltirgan holda, maxsus ilova orqali kodni o‘qish lozim bo‘ladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, 8-sinf texnologiya fani darsligi 16 ta amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan QR-kod belgilari bilan chop etilmoqda, bu orqali o‘qituvchi va o‘quvchilar amaliy mashg‘ulotlarning video tasvirini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Kelgusida boshqa darsliklarga ham QR-kod belgisini o‘rnatish va shu orqali internet resurslariga bog‘lash mumkin va ularni bitta saytda jamlash (masalan, xalq ta'limi vazirligining rasmiy veb-sayti uzedu.uz yoki portali http://eduportal.uz ga) doimiy to‘ldirib borilishi mumkin.

Mazkur loyihani amalga oshirilishi bosma darsliklarni internet resurslariga bog‘lash, o‘quvchilarni qo‘shimcha qiziqarli yangiliklardan matn, audio, video shakllarida xabardor qilib turish, bosma nashrlarga sarf bo‘layotgan mablag‘larni iqtisod qilish, ularni elektron resurslar bilan boyitish imkoniyatini yaratadi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech