19 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +31 °C

Salomatlik
10 Aprel  2019 1102

Yangi majmuada yiliga 8 mingta travmatologik operatsiyalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining zamonaviy andozalar darajasida barpo etilgan va eng so‘nggi tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan yetti qavatli yangi majmuasi foydalanishga topshirildi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Ayni paytda markazda konsultativ poliklinika, tez yordam bo‘limi, 240 o‘ringa mo‘ljallangan 8 ta statsionar va 6 ta paraklinik bo‘lim faoliyat ko‘rsatmoqda. Yiliga 85 mingdan ortiq bemorga yuqori malakali davolash-konsultativ xizmati ko‘rsatib kelayotgan markaz klinikasida 6 mingdan ziyod noyob amaliyotlar ham bajarilmoqda.

Barcha qulayliklarga ega yangi majmuaning foydalanishga topshirilishi travmatologiya sohasida ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni yanada takomillashtirishga zamin yaratadi. Markazdagi mavjud o‘rinlar soni 300 taga yetdi. Binoda telemeditsina, elektron hujjatlashtirish, yurishni tekshiruvchi laboratoriya (GateLab), magnit-rezonansli tomografiya, intraoperatsion mikroskopiya, intraoperatsion neyromonitoring kabi yangi diagnostika usullari joriy etiladi. Shu bilan birga, bu yerda yelka, oshiq va mayda bo‘g‘imlarni endoprotezlash, umurtqa disk churralarini yopiq usulda olib tashlash, umurtqa disklarini lazer bilan kuydirish, umurtqada endoskopik operatsiyalar, yelka bo‘g‘imida artroskopik operatsiyalar, tug‘ma skoliozni operativ davolash singari zamonaviy davolash texnologiyalarini qo‘llash imkoniyatlari ham paydo bo‘ladi.

Majmuaning birinchi qavatida shikastlangan bemorlarga shoshilinch travmatologik yordam ko‘rsatish bo‘limi, ikkinchi qavatida konsultativ poliklinika, uchinchi qavatida diagnostika laboratoriyalari, to‘rtinchi va beshinchi qavatida travmatologiya va shikastlar asorati bo‘limlari, oltinchi qavatida reanimatsiya bo‘limi hamda yettinchi qavatida operatsiya bo‘limi joylashgan. Unda tibbiyoti rivojlangan nufuzli xorijiy davlatlardagi zamonaviy klinikalarda mavjud bo‘lgan tibbiy asbob-uskunalar o‘rnatildi va kompyuterlashgan xizmat tizimi barpo etildi.

Markazda operatsiyalar sonini yiliga 8000 taga, ulardan yangi texnologiyali operatsiyalarni 6400 taga oshirish rejalashtirilmoqda. Yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufayli tibbiyot turizmini ham rivojlantirilib, 1500 nafardan ortiq bemorga yordam berish imkoni paydo bo‘ladi. So‘nggi yutuqlarga asoslangan operatsion blok va texnologiyalar AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya davlatlarining nufuzli tibbiyot markaz va klinikalari bilan aloqalar o‘rnatilishini ta'minlaydi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech