23 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +19,5 °C

Mamlakatimizda
11 Mart  2019 1461

Xovosning yangi tarixi yozilmoqda

Ayollar yuzidagi tabassum – nainki oilalar, balki xalq hayotining ham o‘ziga xos barometridir.  Mamlakatimiz rahbari g‘oyasi bilan amalga oshirilayotgan  “Obod qishloq”, “Obod mahalla” kabi dasturlardan ko‘zlangan murod-maqsad ham, avvalo, chekka-olis hududlardagi xotin-qizlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun yetarlicha shart-sharoit yaratishdan iborat.

 

Ayniqsa, xotin-qizlarni ham doimiy ish o‘rni, ham uy-joy bilan ta'minlashda o‘tgan yili o‘ziga xos “Mirzacho‘l tajribasi” yaratildi: Mirzacho‘l tumani markazi – Gagarin shahri qisqa mudddatda tanib bo‘lmas darajada o‘zgartirildi, xususan, eski barak kulbalar o‘rnida yangi-zamonaviy uy-joylar qurilib, bu uylarning katta qismi imtiyozli ipoteka krediti evaziga ijtimoiy himoyaga muhtoj, mehnatga layoqati cheklangan, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarga ajratildi. Bu ayollar bandligini ta'minlash, ularning barqaror daromad topib, kredit to‘lashi uchun esa “Mirzacho‘l tikuvchilik majmuasi” barpo qilindi. Bu bilan 300 nafar xotin-qiz doimiy ish joyiga, ham o‘z uyiga ega bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mazkur “Mirzacho‘l tajribasi” mamlakatimiz miqyosida keng mashtabda tatbiq etilmoqda. Prezidentimiz shu yilning 19-fevral kuni Xovos tumaniga tashrif buyurib, Xovos shaharchasining bosh rejasi bilan tanishish asnosida «Mirzacho‘l tajribasi» asosida Xovos shaharchasining yangi markazini bunyod etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bor xotin-qizlarni ham doimiy ish, ham uy-joy bilan ta'minlash maqsadida viloyatda 32 ta tikuvchilik majmualari tashkil etish va shu asosda 4 ming 200 dan ziyod xotin-qizni ish bilan ta'minlash bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Mamlakatimiz rahbarining bu ezgu tashabbusi qariyb 40 yildan beri e'tibordan chetda qolgan, og‘ir-murakkab turmush tegirmonida qiynalib kun kechirgan xovosliklarni ruhlantirib, ularning kuchlariga kuch, g‘ayratlariga g‘ayrat qo‘shdi. Xovos eli uyg‘ondi. Shunga yarasha marra ham katta olindi.

“Guliston siti”dan keyin “Xovos siti” uchun ham tamal toshi qo‘yildi, ramziy qoziq qoqildi. Bu – viloyatda ikkinchi markaziy shahar qurilishiga asos solindi degani. Xovosda oxirgi ellik yil davomida bironta ko‘p qavatli uy qurilmagan. Odamlar eski, tor, zax uylarda yashab kelgan. Yangi markaz hududida esa 5 qavatli 30 ta turar-joy binolari, uylarning birinchi qavatida savdo do‘konlari barpo qilinadi. Ikki sotixli 100 ta arzon uy-joylar, maktabgacha ta'lim muassasalari, maktab, tibbiyot muassasasi, madaniyat saroyi va boshqa ko‘plab ma'muriy binolar qad rostlaydi.

Mana, bu loyihaning ilk natijasi ham bo‘y ko‘rsatdi: Xovos tumani Bunyodkor mahallasidagi qarovsiz, tashlandiq, sho‘r bosgan joyda qisqa muddat – 17 kun ichida eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan tikuv majmuasi yangidan barpo etildi. Buning natijasida mahalladagi 140 nafar xotin-qiz doimiy ish o‘rni bilan ta'minlandi.

“Sirdaryo baraka chevarlari” korxonasining ochilish marosimida ta'kidlanganidek, davlatimiz rahbari g‘oyasi bilan Xovosning yangi tarixi yaratilmoqda, mazkur korxona esa ushbu bunyodkorlik solnomasining ilk mujdasidir.

Korxona to‘liq quvvatda ishlay boshlagach, yiliga 8 million dona turfa tayyor mahsulotlar – sochiqlar, bolalar va kattalar kiyimlari, choyshablar ishlab chiqariladi. Mahsulotning 60 foizi eksportga, qolgani ichki bozorga yo‘naltiriladi. Xom ashyo esa mahalliy korxonalardan olinmoqda.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech