23 Oktyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +13 °C

Ta'lim
23 Iyun  2020 3129

Xotin-qizlarga OTMga kirish uchun qoʻshimcha grant

2020-yil 23-iyunda Hukumatning 402-son qarori bilan Oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni oʻqishga qabul qilishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, bunday tavsiyanomalar quyidagi mezonlardan biri asosida beriladi:

- kam taʼminlangan oiladan chiqqan xotin-qizlar;

- toʻliqsiz oilada tarbiyalanayotgan, yaʼni ota yoki onasi vafot etgan xotin-qizlar;

- 14 yoshgacha boʻlgan ikki va undan ortiq farzandlarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolgʻiz ayol (erkak)larning qizlari;

- shaxsiy uy-joyga ega boʻlmagan, ijarada yashayotgan oilalar;

- ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz boʻlgan va ish qidiruvchi shaxs sifatida aholi bandligiga koʻmaklashish markazlarida hisobda turganlar;

- nogironligi boʻlgan farzandi bor oilalardan chiqqan xotin-qizlar;

- oliy maʼlumotli xotin-qizlar bilan qamrab olish darajasi respublikaning oʻrtacha koʻrsatkichlaridan ikki yoki undan ortiq marotaba past boʻlgan tumanlar, shuningdek, olis va borish qiyin boʻlgan hududlarda yashovchi oilalardagi qiz farzandlar (ularni oʻz hududida 3 yil ishlash sharti bilan).

Nizom bilan tavsiyanoma olish tartibi belgilandi.

Unga koʻra, har yili fevral oyida xotin-qizlarga tavsiyanomalar berish boʻyicha ishchi guruhi tuziladi.

Tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari tavsiyanoma olish maqsadida murojaat etgan xotin-qizlarning hujjatlarini har yili 10-mayga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmalariga taqdim etadi.

Ishchi guruh tomonidan saralab olinib, qoʻshimcha qabul koʻrsatkichlari uchun tanlovda ishtirok etishga tavsiya etilgan xotin-qizlarning roʻyxati har yili 15-iyunga qadar Davlat test markaziga taqdim etiladi hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

Tavsiyanoma oliy maʼlumot olish istagida boʻlgan xotin-qizlarga 3 yildan koʻp boʻlmagan muddatga beriladi.

Tavsiyanoma ajratilgan qoʻshimcha toʻrt foizli davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida abituriyent sifatida roʻyxatdan oʻtishida tanlagan birinchi taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tanlovda ishtirok etish huquqini beradi, ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlim olish uchun tanlovda ishtirok etishga nisbatan tatbiq etilmaydi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech