03 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22,8 °C

Xalqaro hamkorlik
30 Iyun  2020 240

AQSH delegatsiyasi bilan uchrashuv

2020-yil 30-iyunda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov AQSHning Afgʻonistondagi yarashish masalalari boʻyicha maxsus vakili Zalmay Halilzod va AQSH Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DF) bosh ijrochi direktori Adam Boler bilan uchrashdi.

Tomonlar yaqin siyosiy munosabatlar oʻrnatilganini, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va harbiy-texnikaviy aloqalar mustahkamlanganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Suhbatdoshlar Afgʻoniston siyosiy rahbarlari oʻrtasidagi kelishuvga erishilganini qoʻllab-quvvatladilar hamda inklyuziv hukumat tuzilishi va Milliy yarashuv boʻyicha Oliy Kengash Afgʻonistonning yorqin kelajagi uchun mamlakatning barcha siyosiy kuchlarini birlashtirishga yordam berishi zarurligini taʼkidladilar.

Uchrashuvda ikki mamlakatning Afgʻoniston yoʻnalishidagi hamkorligini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Shu oʻrinda taʼkidlanganidek, 27-may kuni boʻlib oʻtgan “Oʻzbekiston-AQSH-Afgʻoniston” uch tomonlama hamkorlik shaklidagi birinchi uchrashuv Afgʻonistonni tiklash va uni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga faol jalb qilish boʻyicha amaliy takliflarni ishlab chiqishda ushbu mexanizmning muhimligini tasdiqladi.

AQSH tomoni Oʻzbekiston rahbariyatining Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etishda mintaqaviy yondashuvni ilgari surish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi va ushbu yoʻnalishda faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini yana bir bor taʼkidladi.

Muzokaralar chogʻida Afgʻoniston va mintaqamiz oʻrtasidagi iqtisodiy, transport-kommunikatsiya aloqalarini kengaytirishga koʻmak beradigan qator loyihalarni moliyalashtirish uchun DF mablagʻlarini jalb qilish yuzasidan fikr almashildi.

Adam Boler Oʻzbekistonda energetika, infratuzilma, tibbiyot va taʼlim sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishga DF tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech