07 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +16,2 °C

Mamlakatimizda
13 Fevral  2020 1513

Vatandoshlarimiz qabriga Vatan tuprog‘i qo‘ildi

«101 vatandosh izidan» loyihasi ishchi guruhining O‘zbekiston — Germaniya — Niderlandiya — Polsha — Belarus — Rossiya —O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha ekspeditsiya davom etmoqda.

Ekspeditsiya a’zolari Germaniyaning Berlin, Shtukenbrok, Niderlanidiyaning Amsterdam, Amersfort shaharlarida bo‘lishib, Ikkinchi jahon urushida qurbon bo‘lgan o‘zbek o‘g‘lonlari shaxsini aniqlash bo‘yicha ish olib boryapti.

O‘zbekistonning Germaniyadagi Elchixonasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida fashistlarning «Stalag 326 VI K Senne» harbiy lageriga tegishli Birodarlik qabristonida o‘zbek jangchilari dafn etilgan joyi aniqlangan edi. Ekspeditsiya doirasida  qabrlari aniqlangan 3 nafar vatandoshimiz qabriga O‘zbekistondan olib kelingan tuproqni qo‘yishga erishildi.

Shuningdek Elchixona vakillari ekspeditsiyasi a’zolariga Germaniyadagi «Stalag 326 VI K Senne» harbiy lagerida tutqinlikda saqlangan 360 nafar o‘zbekistonliklar ro‘yxati hamda 35 nafar o‘zbek askarining aynan Shtukenbrok qabristonida dafn etilganini tasdiqlovchi  arxiv hujjatlarini topshirdi.

Quyida ekspeditsiya a’zolari tomonidan aniqlangan 3 nafar vatandoshimiz qabrlari haqida ma’lumot bayon qilingan:

  1. (Saodarov Nurali) Safarov Nurali Safarovich, 1912-yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 1943-yil 5-mart kuni vafot etgan. Otasi — Bekmarov Safar, onasi — Safarova Qundus.      (Ommaviy dafn etilgan qabr toshining 48-toshi)
  2. (Avizub Bagron) Avezov Bahron, 1921-yilda tug‘ilgan. 1944-yil 8-mart kuni vafot etgan. Turmush o‘rtog‘i — Xursanova Norjon. (Birodarlik qabristoni uchun o‘rnatilgan 36 ta qabr toshning 29-toshi)
  3. (Ruzmet Atrachman) Ruzmetov Abdurahmon, 1918-yil 3-martda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Onasining ismi (Zgoida) ehtimol Saida bo‘lishi mumkin. 1944-yil 9-iyulida vafot etgan. (Birodarlik qabristoni uchun o‘rnatilgan 36 ta qabr toshining 32-toshi)

2020-yilning 11-fevral kuni ekspeditsiya a’zolari Amersfort shahri yaqinida dafn etilgan 101 noma’lum askar qabrlarini ziyorat qildilar. U shaxsi aniqlangan urush qurboni — navoiylik askar Saidqul Qahhorov qabriga uning Nurota tumanidagi hovlisidan keltirilgan tuproq qo‘yildi. Ishchi guruh tomonidan, shuningdek, tashrif yakunida Toshkent shahrida joylashgan Xotira bog‘iga qo‘yish maqsadida o‘zbeklar dafn etilgan ushbu qabriston tuprog‘i ham olindi.

Shuningdek, katta hajmdagi o‘rganishlar olib borgan niderlandiyalik jurnalist Remko Reyding bilan uchrashuv o‘tkazildi. Mazkur tadbirlarni tashkillashtirishda O‘zbekistonning Benilyuks davlatlaridagi elchixonasi vakillari yaqindan ko‘maklashdilar. Ekspeditsiya davom etmoqda, deya xabar beradi «Yuksalish» umummilliy harakati matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech