20 May 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +16,4 °C

Madaniyat
25 Aprel  2019 1880

Vaqt izmida bo‘lmagan haqiqatlar

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida yuz yilligi keng nishonlangan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Hamid G‘ulom ijodining gullagan davri XX asr o‘rtalariga to‘g‘ri kelgan atoqli mualliflar sirasiga kiradi.

Uning serqirra merosi ulkan iste’doddan darak va bugun ham kitobxonlar qalbidan chuqur joy oladi.

Yozuvchilar uyushmasida uzoq yillar raislik qilgan, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda direktor bo‘lgan adib o‘z asarlarida ikkiyuzlamachiliksiz yo‘lni qidirib topa olgan. Bu uning «Qit’alar uyg‘oq», «Chanqoqlik» she’rlar va balladalari to‘plamida, nasrda - «Mash’al», «Binafsha atri», «Mashrab», «Mangulik» va boshqa romanlarida ham o‘z aksini topgan.

Hamid G‘ulom Shekspir, Pushkin, Lermontov va boshqa mualliflarning ijodini o‘zbek tiliga tarjima qilib, ulardagi asl go‘zallikni buzmagan holda yetkaza olgan.

Yozuvchi o‘zini bilganlar xotirasida qanday saqlanib qolgan? Uchrashuv chog‘ida bu haqida uning eng yaqin kishilari so‘zlab berishdi.

– Dadam ochiqyuz, kirishimli, odamlarga yaxshilik istovchi, mehmondo‘st kishi edi. Buning bari uning yoshlik yillari juda qiyin o‘tganiga qaramay. Bir yarim yoshida otasidan ayrilgan. Onasi, juda aqlli ayol bo‘lgan, uni tikuvchilik fabrikasida ishlab, yolg‘iz o‘zi tarbiyalagan, – deya so‘zlaydi yozuvchining qizi, pediatr-shifokor Gulshod G‘ulomova. – Aynan onasi sabab u shaxs sifatida shakllangan, hayotda hamma narsaga o‘z kuchi va mehnati bilan erishishni o‘rgangan. Uning «Mash’al» va «Birinchi qaldirg‘ochlar» asarlari eng yaqin kishisiga bag‘ishlangan. 15 yoshidan boshlab she’rlar yoza boshlagan. 18 yoshida esa bir umrga sevib qolgan onamni uchratgan. Ular uzoq va baxtli turmush kechirdilar. Oyim uning uchun ilhom manbai edi. Dadam o‘zining ta’sirchan va samimiy «Ko‘zlaring» va boshqa she’rlarini unga bag‘ishlagan.

Hamid G‘ulomning nabirasi – jurnalist, Toshkent shahar hokimiyati qoshidagi Jamoatchilik kengashining Xalqaro aloqalar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Abu-Ali Niyazmatov ham u haqda juda iliq taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

– Bizning urushlar va turli mojarolar yemirayotgan olamimizda asl tinchlik o‘rnatuvchilarni juda kam uchratish mumkin, – deydi A.Niyazmatov. – Bobom xuddi shunday kishi edi. Butun umri davomida janjalga olib keladigan, suhbatdoshini xafa qilib qo‘yadigan birorta so‘z aytmagan. Ruhan zaif bo‘lgani uchun emas, balki ulkan donishmandlik sabab muloyim kishi edi. Suhbat to‘g‘ri yo‘nalishda kechishi uchun, xoh u mamlakatga yoki alohida bir kishiga taalluqli bo‘lsin, hamisha kerakli so‘zlarni topa olardi. Har bir o‘quvchi o‘zi uchun uning asarlaridan ezgulik, tinchlik va mehr-muhabbat sari yetaklovchi haqiqatni topadi, deb o‘ylayman.

Menga o‘quvchi sifatida Hamid G‘ulomning barcha asarlari juda yaqin. Ammo ikkita «Binafsha atri» va «Toshkentliklar» romanlarini alohida ta'kidlagan bo‘lardim. Birinchisi, asl fidoyi odamlar, chinakam vatanparvar insonlar tomonidan chek-chegarasi yo‘q hayotsiz hududlarning o‘zlashtirilishi va u yerlarning gullagan bog‘-rog‘larga aylantirilishi haqida hikoya qiladi. O‘quvchi bunda odamlarimizning hozirgi yoshlarni yuksak cho‘qqilarni zabt etishga undaydigan qahramonliklariga baho beradi. Ikkinchi kitob sahifalarida esa  og‘ir, mashaqqatli urush davridagi Toshkent aks etadi. Unda minglab mamlakat ichkarisiga evakuatsiya qilinganlarga boshpana berish bilan bir qatorda O‘zbekiston aholisining uchdan bir qismi frontga jo‘naydi. Bu xalqimizning juda muruvatli va olijanob ekani, barcha umuminsoniy qadriyatlar qon-qonimizgacha singib ketganidan dalolat beradi. Shu bois ham Hamid G‘ulom o‘z asarlarida ochayotgan mavzular - vaqtdan tashqarida. Ular hamisha muhim, yaqin va har birimizga tushunarli.

Oksana Kadisheva.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech