29 Sentyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +19,9 °C

Sanoat
4 Mart  2020 3993

«Jizzax» EIZda «Volkswagen» avtomobili ishlab chiqariladi

«O‘zavtosanoat» AJ va «Folksvagen Grup Rus» kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi.

Unga ko‘ra «Jizzax» EIZda yiliga 20 000 dona avtomobil  ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod barpo etilib, u yerda yengil tijorat avtomobillari ishlab chiqarish joriy etiladi.

Loyiha «O‘zavtosanoat» AJning mahalliy korxonalari bazasida,  «Volkswagen» konserni ishlab chiqarish texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi

«O‘zavtosanoat» AJ va «Folksvagen Grup Rus» kompaniyasi hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzolash jarayonida  «Jizzax» EIZda «Jizzax avtomobil zavodi» MChJ bazasida yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek ishlab chiqarilgan texnikani sotish tizimini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi. Zavod «Volkswagen» konsernining yo‘lovchi va yuk tashishga mo‘ljallangan bir necha modeldagi yengil tijorat avtomobillarini to‘liq sanoat sikli bo‘yicha ishlab chiqarishga ixtisoslashadi.

Kelishilgan bitimga ko‘ra, «Folksvagen Grup Rus» yangi zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari va jarayonlarini taqdim etadi, shuningdek xodimlarni o‘qitishni amalga oshiradi. Zavod «Volkswagen» konsernining ishlab chiqarish, sifat, xaridlar, yetkazib berish va sotuv tizimlari boshqaruvi borasidagi zamonaviy standartlariga muvofiq ish yuritish vazifasini zimmasiga oladi. Shuningdek, korxona rejalariga mahalliy avtomobil butlovchi qismlari ishlab chiqaruvchilarini (bugungi kunda ular «O‘zavtosanoat» AJga tegishli 30 ta yirik zavod va 160 dan ziyod o‘rta hamda kichik korxonalardan iborat) jalb qilish orqali muayyan mahalliylashtirish darajasini ta'minlash ham kiradi.

Bitim doirasida tomonlar hamkorlikni 2020-yilda «Volkswagen Caddy» modelini ishlab chiqarish va sotish bilan boshlashga kelishib oldilar.

U ikkita modifikatsiyada taklif etiladi: 7 o‘rinli yo‘lovchi universali va yuk furgoni. Ushbu model ham tijorat, ham oilaviy foydalanishga mo‘ljallangan. Avtomobil quvvati 110 ot kuchi va hajmi 1,6 litrli tejamkor benzinli dvigatel bilan jihozlanadi. Shahar sikli rejimida yoqilg‘i sarfi 100 kilometrga 9,3 litr, trassada – 100 kilometrga 6,1 litrga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, hamkorlik doirasida kelajakda «Volkswagen Group» konsernining keng modellar qatoridan boshqa namunalarni ham ishlab chiqarish va keltirish imkoniyati ko‘rib chiqiladi, deb xabar beradi «UzAuto Motors» kompaniyasi matbuot xizmati.

Ma’lumot uchun: «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati 1994-yil 17-martda ta’sis etilgan. Hozirda jamiyat 85 ta yirik va o‘rta korxona hamda kompaniyalarni birlashtiradi, ular sirasiga Janubiy Koreya, Turkiya, Italiya, Germaniya, Niderlandiya, AQSh va MDH mamlakatlari kompaniyalari xorijiy kapitali va texnologiyalari ishtirokidagi korxonalar ham kiradi. «O‘zavtosanoat» AJ ning asosiy ishlab chiqarish kompaniyalari: «UzAvto Motors» OAJ, «Uz Track & Bus Motors» QK MChJ, «SamaAvto» QK MChJ . «O‘zavtosanoat» korxonalari Chevrolet, Ravon, MAN, Isuzu, Kamaz va Sinotruck brendlari ostida yetakchi xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda mahsulotlar ishlab chiqaradi. Aksiyadorlik jamiyati faoliyatining asosiy yo‘nalishi yengil avtomobillar, avtobuslar, yuk avtomobillari va butlovchi detallar ishlab chiqarish sanaladi. Xodimlar umumiy soni 27 mingdan ziyod, ularning 5 mingdan ortig‘i dunyodagi yetakchi sanoat kompaniyalarida tahsil olgan.

 «FOLKSVAGeN Grup Rus» «Volkswagen AG» konsernining sho‘ba korxonasi bo‘lib, Rossiya bozorida konsernning yettita rusumi faoliyatini birlashtirib turadi: Volkswagen — yengil avtomobillar, Audi, ŠKODA, Bentley, Lamborghini, Ducati va Volkswagen Tijorat avtomobillar. 2019-yilda  «FOLKSVAGeN Grup Rus»ning Rossiya bozoridagi sotuvlar hajmi 233 600 dona avtomobilni tashkil etgan.

 «Volkswagen AG» konsernining Bosh qarorgohi Volfsburg (Germaniya)da joylashgan bo‘lib, u dunyoda yetakchi va yevropadagi eng yirik avtoishlab chiqaruvchilardan biri sanaladi. 2019-yilda butun dunyodagi xaridorlarga 10 974 600 dona avtomobil taqdim etilgan (2018-yilda – 10 834 000 dona) Konsern tarkibiga yettita yevropa mamlakatidagi o‘n ikkita brend kiradi: Volkswagen — yengil avtomobillar, Audi, Seat, ŠKODA, Bentley, Bugatti, Lamborghini, Porsche, Ducati, Volkswagen Tijorat avtomobillar, Scania i MAN. Volkswagen konserni yevropadagi 20 ta mamlakatda va Shimoliy hamda Janubiy Amerika, Osiyo va Afrikadagi 11 ta mamlakatda 123 ta zavodga ega.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech