26 Oktyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +8,3 °C

Agrosеktor
11 Iyun  2020 1054

Latviyaga 1 million yevroga teng tola eksport qilinadi

Oʻzbekistonning Latviyadagi elchixonasi koʻmagida ushbu mamlakatning yuqori sifatli gigiyena va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “iCotton” kompaniyasi bilan yurtimizning oqartirilgan momiq paxta ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Barakat Alfa” qoʻshma korxonasi rahbariyati ishtirokida videokonferensaloqa shaklida muzokaralar boʻlib oʻtdi.

 

Unda Latviyadagi Favqulodda va muxtor elchimiz Qadamboy Sultonov, “Cotton” rahbarlari Sergeys Binkovskis va Igor Fyodorovlar hamda qoʻshma korxona bosh direktori Tohirjon Odamboyev qatnashdi.

Tadbirda “iCotton” kompaniyasida Oʻzbekistonning oqartirilgan gigroskopik momiq paxta tolasiga boʻlgan talabni qondirish maqsadida eksport hajmini oshirish imkoniyatlari toʻgʻrisida fikr almashildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

“iCotton” direktorlar kengashi raisi Sergeys Binkovskisning taʼkidlashicha, Latviya mamlakatimiz kompaniyalari, xususan, birinchi navbatda, “Barakat Alfa” masʼuliyati cheklangan jamiyat kabi korxonalar bilan oʻzaro foydali va uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishdan manfaatdor. Koronavirus pandemiyasi oqibatlariga qaramay soʻnggi ikki oy ichida “iCotton” mahsulotlarining sotilishi hajmida 4 barobar ortish kuzatildi. Bu kompaniyaning Yevropa bozoriga muvaffaqiyatli moslashib, oʻz oʻrnini topayotganidan dalolat. Kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish rejasi oqartirilgan momiq paxtaga boʻlgan talabni yana-da oshiradi.

Oʻz navbatida, Tohirjon Odamboyev “Barakat Alfa” Osiyo va MDH hududida toʻliq avtomatlashtirilgan yirik zavodlardan biri ekanini taʼkidlab oʻtdi.

“Korxonaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 6 ming tonnaga yetdi. Oqartirish texnologiyasida 100 foizli perekis vodorodi qoʻllaniladi va bu jarayon avtomatlashtirilgan tizimda amalga oshiriladi. Ayni paytda Yevropa andozalariga mos keladigan kompaniya mahsulotlari Belarus, Italiya, Gretsiya, Polsha, Rossiya, Turkiya, Ukraina, Fransiya va boshqa mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Shu kunga qadar oʻrnatilgan aloqalardagi ijobiy tajribalardan kelib chiqib, Oʻzbekiston tomoni mahalliy ishlab chiqarish mahsulotlarini sotish uchun yangi bozorlarni ochishdan manfaatdor. Shu bois “iCotton” kompaniyasi bilan uzoq muddatli sheriklikka tayyormiz”, dedi “Barakat Alfa” rahbari.

Tadbir soʻngida yaqin kunlarda bitimning huquqiy jihatlarini rasmiylashtirib, Latviyaga bir million yevrolik oqlangan gigroskopik paxta tolasi yetkazib berish shartnomasini imzolashga kelishib olindi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech