14 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +37,7 °C

Energetika
29 Yanvar  2020 1704

O‘zbekiston va Tojikiston birgalikda GES quradi

Toshkentda 2020-yilning 28-yanvarida Tojikiston va O‘zbekiston Respublikasi ishchi guruhlarining Tojikiston Respublikasi hududida Zarafshon daryosida birgalikda GES qurish masalasini muhokama qilish bo‘yicha muzokaralari bo‘lib o‘tdi, deya xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Shu maqsadda mamlakatimizga Tojikistonning Energetika va suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Shoimzoda Jamshed Shodi boshchiligidagi nufuzli delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Jo‘rabek Mirzamahmudov ta’kidlaganidek, uchrashuvning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida Zarashfon daryosida gidroelektrostansiyalarni qurish va ulardan foydalanishda ulushbay ishtirok etish tartibi va shartlari to‘g‘risidagi bitim loyihasini muhokama qilishdan iborat.

Ma’lum kelishuvlarga erishilganidan so‘ng loyiha tafsilotlari elektr energiyani xarid qilish va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishini ishlab chiqish to‘g‘risidagi bitimda bayon qilinadi.

Gidroelektrostansiyalarni bosqichma bosqich amalga oshirilishi ko‘zda tutiladi: dastavval hisob-kitob qiymati 282 mln dollar, quvvati 140 MVt bo‘lgan, 700-800 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi Yovon GESi quriladi. Navbatdagi bosqichda tomonlar Fandaryoda hisob-kitob qiymati 270 mln dollar, quvvati 135 MVt bo‘lgan, 500-600 mln kVt/soat  elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi GES qurilishi imkoniyatini ko‘rib chiqadi. 

Qurilgan gidroelektrostansiyalar faqat O‘zbekiston Respublikasi ehtiyojlari uchun 1400 mln kVt/s ekologik sof elektr energiya ishlab chiqaradi.

Shuningdek, loyiha yagona energotizimi quvvatining eng yuqori nuqtasini saqlashga, GES ni birga qurish va foydalanishda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga, elektr energiyaning teng asosda O‘zbekiston va Tojikistonning boshqa hududlariga uzatilishiga ko‘maklashadi.

Tojikiston tomoni ta’kidlaganidek, «ushbu uchrshuv loyihani amalga oshirish borasida birinchi qadam bo‘lib, ikki davlat yetakchilari irodasini ifodalaydi». 

Shuningdek, delegatsiya a’zolari O‘zbekiston tomonidan energetika sohasida jadal islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Tojikistonda Zarafshon daryosida umumiy quvvati  320 MVt ga teng ikkita GES ni birgalikda qurish masalasini ishlab chiqish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Tojikiston Respublikasi Prezidentlarining 2018-yil 17-avgustda imzolangan Qo‘shma bayonotida ko‘zda tutilgan edi.

Keyinchalik ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi»da aks etgan.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech