13 Avgust 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,8 °C

Energetika
23 Iyul  2020 508

“Acwa Power” kompaniyasi shamol elektr stansiyasi quradi

Saudiya Arabistonining “Acwa Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda umumiy quvvati 1 000 MVt boʻlgan 2 ta shamol elektr stansiyasi quriladi.

Maʼlumki, 2019-yil 20-sentyabrda Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Energetika Investitsion forumi doirasida, Energetika vazirligi va “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi oʻrtasida quvvati 500 MVtdan 1 000 MVtgacha boʻlgan shamol elektr stansiyasi qurish boʻyicha kelishuvga erishilgan edi.

Shundan kelib chiqqan holda, joriy yil 5-martda Energetika vazirligi va “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasida umumiy quvvati 500 – 1 000 MVt boʻlgan shamol elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish kelishuvi imzolandi.

Ushbu kelishuvlarga asosan, mutaxassislar tomonidan Respublika boʻylab bir qancha yer maydonlari har tomonlama oʻrganib chiqildi va Buxoro hamda Navoiy viloyatlarining Peshku, Gʻijduvon va Konimex tumanlari umumiy quvvati 1 000 MVt boʻlgan 2 ta shamol elektr stansiyalarini qurish uchun tanlandi.

Loyihaning umumiy qiymati 1 milliard dollar deb baholandi va u 100 foiz toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya mablagʻlarini jalb qilish orqali barpo etiladi.

Loyiha doirasida investor bilan elektr energiyasini sotib olish va investitsiya shartnomalari imzolanadi va natijada 25-30 yil davomida Respublikamizni yashil energiya manbalari orqali ishlab chiqarilayotgan elektr energiya bilan taʼminlash imkoniyati yaratiladi.

Hozirda tanlangan yer maydonlarida shamol koʻrsatkichlarini aniqlash uchun yuqori malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislar jalb qilingan boʻlib, ular tomonidan shamol oʻlchash uskunalari (machtalar) oʻrnatilmoqda.

Ushbu uskunalar 100 metr balandlikda boʻlib, shamolning tezligi, yoʻnalishi, davomiyligi va bundan tashqari ob-havo maʼlumotlarni oʻlchaydi va saqlab boradi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech