21 May 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +30,7 °C

Mamlakatimizda
26 Mart  2019 666

Uyi buzilgan ayolga hozircha 2 xonali, keyinroq 3 xonali uy beriladigan bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xalq qabulxonasi tomonidan Toshkent shahrida tashkil etilgan navbatdagi ommaviy qabulda Prezident davlat maslahatchisi birinchi o‘rinbosari U.Muhammadiyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov, Bosh prokuror O.Murodov, Adliya vaziri R.Davletov, Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov, Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Musayev, Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayev va boshqa mutasaddilar fuqarolarni shaxsan qabul qildi.

 

Ichki ishlar vazirligi madaniyat saroyida qabul uchun ajratilgan maxsus xonalarda rahbarlarning bevosita qabuli kun bo‘yi davom etdi.

Adliya vaziri qabuliga kelgan o‘nlab kishilar o‘z murojaatlarida uy-joy, ish bilan ta'minlash, egalik huquqi, pensiya kabi masalalar bo‘yicha muammolarini hal qilishda amaliy yordam so‘radi.

Notarusning mas'uliyatsizligi, egalik huquqini ololmaslik, ishga kirishda amaliy yordam so‘ralgan masalalarni Adliya vaziri R.Davletov joyida hal etishga, odamlarga amaliy yordam berish uchun tegishli xodimlarga shu yerning o‘zida zarur topshiriqlar berdi.

Hujjatlardagi bitta harf mos kelmasligi oqibatida necha oylardan beri sarson yurgan Nasiba Zohidovaning ishi hal bo‘ldi, hisob.

Xonadonini o‘z do‘stiga sotish huquqi asosida ishonchnoma orqali foydlanishga bergan, oqibatda uyidan ayrilgan fuqaroning dardini eshitib, vazir o‘ylanib qoldi. Ko‘r-ko‘rona o‘z huquqini o‘zgaga topshirgan, o‘zini o‘z huquqidan mahrum qilib nadomat chekayotgan kishining holi, albatta, juda achinarli. U  qanchalik afsuslanmasin, yuqori idora rahbarlariga shikoyat qilmasin, bari befoyda. Chunki yo‘qotilgan huquqni endi tiklash imkonsiz. Shu kabi buxorolik bir ayolning vafot etgan o‘g‘lidan qolgan nabiralarini 14 yilki ko‘ra olmayotganidan yozg‘irib ko‘z yosh to‘kishi ham huquq me'yorlariga to‘g‘ri kelmaydi. Axir huquqlar o‘z vaqtida kerakli idoraga borib talab qilingandagina u sizning manfaatingizga moslashadi. Lekin ayrimlar hamon kattaroq rahbarning oldiga borib “Adolat yo‘q, qani haqiqat?” deb to‘polon ko‘tarib ishimni hal qilaman, deb o‘ylab qattiq adashmoqda.    

  

– Qabul davomida fuqarolarning huquqiy ongi masalasida hali muammolar borligini yana bir karra his qildim, – deydi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov. – Avvallari huquqiy madaniyatga yuksaltirishga qaratilgan ko‘p ish qilingan. Ammo huquqiy ong masalasi bilan hyech kimning ishi bo‘lmagan. Bugun ayrim odamlar qaysi idora qanday ish bilan shug‘ullanishini bilmasdan eshikma-eshik, idorama-idora sarson bo‘layotgani o‘sha besamar ishlar mahsuli, desak xato bo‘lmaydi. Bugun ham o‘nlab kishilarni “sizning ko‘tarib kelgan masalangiz sudga taalluqli”, deb ularni sud qabuliga yo‘naltirdik. Ayrim kishilar esa “Yo‘q mening ishimni siz hal qilib berishingiz kerak”, deb turib olayotgani esa hyech aqlga sig‘maydi. Meni quvontirgani, qabulga kelgan ayrim fuqarolar adliya tizimi faoliyati bilan bog‘liq kamchiliklarni ro‘y-rost aytib, sohani yanada yaxshilash uchun o‘z takliflarini bildirgani bo‘ldi. Biz bularni albatta inobatga olamiz. Xalqqa maksimal qulaylik yaratish uchun adliya tizimi xodimlariga eng qattiq choralarni ko‘rish zarur bo‘lsa, albatta ko‘ramiz.

Bosh prokuror qabuliga kirgan uyi olib qo‘yilgan, yeridan mahrum bo‘lib qolgan, korxonasidan ayrilgan, biznesidan judo bo‘lgan o‘nlab kishilar huquqlarini tiklashda amaliy yordam so‘radi. Bularning bari, albatta, alohida o‘rganish talab qiladigan, tekshiruv o‘tkazilishi shart bo‘lgan masalalar hisoblanadi. Shuning uchun barchasi nazoratga olinib, tegishli mas'ul shaxslarga qonuniy hal qilish uchun topshirildi.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev qabuliga kirgan S.Niyozova 2018-yil 5-yanvarda uyi buzilgani, shundan beri bola-chaqasi bilan har yerda sarson bo‘lib yashayotganini ma'lum qildi.

Holbuki, Qo‘shqo‘rg‘on ko‘chasida istiqomat qilgan bu ayolga uyini buzishdan oldin shahar markazidan 2 ta uy berilishi va'da qilingan.

J.Ortiqxo‘jaev bu borada kim mas'ul bo‘lgani, nega va'da bajarilmagani bilan qiziqdi. Mulozimlar har xil bahonalarni keltirdi. Hokim esa bu masala bugun hal etilishi kerakligini aytdi. Oilasi katta bo‘lgan, oilali ikki o‘g‘li bo‘lgan bu ayolga hozircha 2 xonali uy berilishi, sal keyinroq qurilayotgan uylardan 3 xonalisi berilishi ma'lum qilindi.

Qabullarda besh yuzdan ziyod fuqaro shikoyatlarini tegishli organ rahbarlariga ma'lum qildi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech