07 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +15,4 °C

Ijtimoiy hayot
11 Mart  2020 608

Uy-joyga bo‘lgan talab Yangi ipoteka tizim orqali ta’minlanadi

Shu yilning 9 martidan respublikamizning ko‘plab banklari aholiga ipoteka kreditlarini taqdim qila boshladi. Bu o‘zgarish banklararo sog‘lom raqobatni yuzaga keltirishi kutilmoqda. Chunki ular mijozlarni jalb qilish maqsadida o‘z manfaatli takliflari bilan chiqmoqda. Buning natijasida esa aholida o‘zi istagan bank xizmatidan foydalanish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida uy-joy qurilishiga xususiy sektorni faol jalb qilmasdan turib, aholining uy-joyga bo‘lgan talabini to‘liq ta’minlash mumkin emasligi, shu sababli yangi ipoteka tizimi joriy etilishi lozimligi ta’kidlangan edi. Shuningdek, banklar o‘rtasida sog‘lom raqobatni ta’minlash maqsadida ularga qariyb 4 trillion so‘m mablag‘lar auksionlar orqali ajratilishi, kam ta’minlangan aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida shaharlarda 16 ming oilaga uy-joy olish uchun boshlang‘ich badal va kredit foizini qoplashga byudjetdan 1 trillion so‘m subsidiya berilishi belgilandi.

Ikkala tomonga ham talablar bor

— O‘zbekiston Prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Moliya vazirligi va Markaziy bank tomonidan Aholiga ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralarni sotib olish uchun bozor tamoyillari asosida ipoteka kreditlari ajratish konsepsiyasi tasdiqlandi, — deydi Markaziy bank jamoatchilik bilan aloqa, kommunikatsion siyosat departamenti bosh mutaxassisi Nurali Xolmurodov. — Unga ko‘ra, yangi tartib doirasida ipoteka krediti oluvchi jismoniy shaxslar va ushbu kreditlarni berishda qatnashuvchi tijorat banklariga talablar belgilandi. Ipoteka krediti oluvchilarga kredit olish uchun murojaat qilgan kunida 18 yoshga to‘lgan va 50 yoshdan oshmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi, belgilangan to‘lovni jadvalga muvofiq, har oyda qaytarish imkoniyati mavjud doimiy ish joyiga, shaxsiy yordamchi yoki dehqon xo‘jaligidan yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatidan doimiy daromadga ega bo‘lishi, qarz oluvchi va birgalikda qarz oluvchilarning qarz yuki ko‘rsatkichi 70 foizdan oshmasligi hamda avvalgi olingan kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi bo‘lmasligi belgilab qo‘yilgan.  

Ipoteka krediti berishda ishtirok etuvchi banklarga ham o‘ziga xos talablar bor. Xususan, qarz beruvchi bankda yangi tartib doirasida ipoteka kreditlarini ajratish yuzasidan aniq belgilangan ichki tartib ishlab chiqilishi zarur. “Fitch Ratings” yoki “Standard & Poor’s” xalqaro reyting agentliklarining “V” darajasidan yoki “Moody’s Investors Service” reyting agentligining “V2” reytingidan past bo‘lmagan darajada uzoq muddatli kredit reytingiga ega bo‘lishi ham e’tiborga olinadi. Shuningdek, banklar oxirgi uch yillik moliyaviy hisobotlariga auditorlik tashkilotidan ijobiy xulosa olishi, davlat byudjeti mablag‘lari, shu jumladan, Moliya vazirligi tomonidan yangi tartibga muvofiq joylashtirilgan moliyaviy mablag‘lar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlikni bartaraf etish shartlarini ham bajarishi lozim. Bundan tashqari, regulyativ kapitali 500 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan tijorat banklari yangi tartib doirasida kreditlashda qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Kredit berish bosqichlari

Moliya vazirligi mablag‘lari hisobidan aholiga birlamchi uy-joy bozorida kvartirani sotib olish uchun ipoteka kreditlari ajratish bir necha bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda fuqaro o‘zining to‘lov qobiliyatidan kelib chiqib,

birlamchi uy-joy bozorida sotiladigan kvartiralarni tanlaydi va pudrat tashkiloti bilan shartnoma imzolaydi, — deydi N.Xolmurodov. — Ikkinchi bosqichda fuqaro tijorat banki filiallariga tanlangan kvartirani sotib olish uchun ipoteka krediti ajratishni so‘rab ariza bilan birgalikda bir nechta hujjatni taqdim etadi. Uchinchi bosqichda bank tomonidan ipoteka krediti berish to‘g‘risida ijobiy qaror qabul qilinganidan (subsidiya xabarnomasiga ega qarz oluvchilarga boshlang‘ich badalning bir qismi uchun subsidiya mablag‘lari bankka o‘tkazib berilgandan) so‘ng bank va qarz oluvchi (birgalikda qarz oluvchilar) o‘rtasida kredit shartnomasi rasmiylashtiriladi.

Qanday xujjatlar kerak?

Qarz oluvchi (birgalikda qarz oluvchi) pasportining asli, kvartira sotib olish bo‘yicha pudrat tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma, qarz oluvchi (birgalikda qarz oluvchi) oxirgi 12 oy mobaynida (12 oydan kam ishlagan taqdirda – ishlangan davri uchun) olgan daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotnomalari hamda subsidiya xabarnomasi (subsidiya ajratish to‘g‘risida ijobiy xulosaga ega bo‘lgan shaxslar uchun)ni olib, bankka murojaat qilishi mumkin.

Kredit muddati 15 yil bo‘lib, uning yillik foizini banklar induvidual belgilamoqda. Aytaylik, bir bank yillik 20 foizda kredit bersa, boshqasida bu ko‘rsatkich 24 foizni tashkil etishi mumkin. Kreditni har oyda teng miqdorlarda (annuitet usulida) to‘lash belgilangan.

2020 yil 1 martdan boshlab subsidiya olish istagida bo‘lgan, kam ta’minlangan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj shaxslardan Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali arizalar qabul qilinmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, endi poytaxtdagi yoki viloyatlardagi ko‘p qavatli uylardan xonadon sotib olishni istagan fuqarolar uchun ushbu imtiyozlar katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech