05 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +15,9 °C

Ta'lim
25 Mart  2020 1049

“Karantin davrida dars”: barchani oʻylantirayotgan savollarga 11 javob

Bugun, 25-martda AOKA huzurida tashkil etilgan shtabda Xalq taʼlimi vazirining matbuot kotibi Anvar Umarov ishtirokida brifing oʻtkazildi.

1. Oʻqituvchilarning attestatsiyadan oʻtishi onlayn boʻlib oʻtadimi?

Respublika Maxsus komissiyasi majlis bayoni va Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, odamlar toʻplanishi mumkin boʻlgan barcha tadbirlar toʻxtatilgan, jumladan pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayonlari ham qoldirildi.

Attestatsiya jarayonlari onlayn shaklda oʻtkazilmaydi.

Pedagog kadrlar uchun malaka sinovlari qachon oʻtkazilishi haqida Taʼlim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi bilan kelishilgan holda qoʻshimcha xabar beriladi.

2. Oʻqituvchilarga hozirgi berilgan taʼtil yozgi taʼtilga qanchalik taʼsir qiladi, yaʼni yozgi taʼtil davri qisqaradimi?

Xabaringiz bor, respublikamizdagi barcha pedagoglar joriy yilning 18-martidan boshlab haq toʻlanadigan mehnat taʼtiliga chiqarildi.

Ushbu mehnat taʼtili oʻqituvchilarning yozgi davrda beriladigan mehnat taʼtilining bir qismi boʻlib, amaldagi mehnat qonunchiligiga muvofiq rasmiylashtiriladi. Yaʼni oʻqituvchilar hozirda olgan taʼtil davrining foydalanilmagan qismini yozda davom ettiradi. Boshqacha aytganda, yozgi taʼtil davri mos ravishda qisqaradi.

3. Oʻquv yili odatdagidek 25-mayda tugatiladimi?

Respublika Maxsus komissiyasi qaroriga asosan taʼtilning davomiyligiga qarab oʻquv jarayonlarini davom etishi yoki etmasligi haqida oʻquvchilar va ota-onalar xabardor qilinadi.

Taʼtil vaqtida belgilangan oʻquv dasturlardagi bilimlar televizion darslar orqali oʻquvchilarga yetkaziladi.

Bu darslarni faqat oʻquvchilar emas, balki ularning ota-onalari va yaqinlari, barcha pedagoglar ham kuzatib borishi lozim boʻladi.

4. Bolalar imtihonga mustaqil tayyorlanishi uchun imtihon materillarini eʼlon qilish mumkinmi?

Yakuniy davlat attestatsiyasi va bosqichli imtihon materiallari hozirda Respublika taʼlim markazi tomonidan 5-11-sinf oʻquvchilari uchun belgilangan fanlar kesimida tayyorlanmoqda.

Nazorat materiallari 2020-yil 1-aprelga qadar Xalq taʼlimi vazirligining uzedu.uz rasmiy veb-sayti va eduportal.uz axborot taʼlim portaliga joylashtiriladi.

5. Darslar toʻxtatildi, ana endi darslar boshlangandan keyin toʻxtatilgan darslar joyidan davom ettiriladimi?

Yoʻq. Chunki darslar toʻxtatilgan kun, yaʼni 16-martdan 20-martga qadar oʻquv yilining 3 chorak yakuniga toʻgʻri kelganligi sababli, bu davrda oʻquv dasturiga asosan aksariyat mavzular takrorlash yoki oʻtilgan mavzularni mustahkamlashga qaratilgan.

Shu bois karantin rejimi tugatilib, darslar boshlangandan keyin aynan toʻxtatilgan mavzudan boshlashga ehtiyoj qolmaydi. Chunki oʻquvchilar uchun tayyorlanayotgan televizion darslar orqali ana shu boʻshliq toʻldirib ketilmoqda.

6. Maktab darslari masofaviy va mustaqil oʻzlashtiriladi, deyildi. Darslar boshlanganda shu darslardan imtihonmi yoki shunga oʻxshash biror narsa boʻladimi? Oʻzlashtirilganligi qanday aniqlanadi?

Televizion darslarni parallel ravishda internet tarmogʻida vazirlikning rasmiy veb-sayti Uzedu.uz, kundalik.com hamda onlayn maktab elektron portali orqali kuzatib borishga imkon yaratiladi.

Kundalik.com orqali oʻqituvchilar oʻquvchilarning videodarslar orqali bilim olishini nazorat qilib, baholab boradi.

7. Men maktabda psixolog boʻlib ishlayman. Lekin karantin vaqtida maktabda administratsiya yaʼni direktor, direktor oʻrinbosarlari, psixolog, Yoshlar ittifoqi, ishlasin degan qaror chiqdi. Lekin meni 3 nafar voyaga yetmagan farzandlarim bor. Direktor oʻz hisobingizdan taʼtilga chiqing, deb aytdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi Farmonida belgilab berilganidek, bogʻcha yoki boshlangʻich sinf yoshida boʻlgan farzandlariga uyda qarab turishlari uchun lavozimidan qatʼiy nazar mehnat taʼtili beriladi. Buning uchun ularga barcha sharoitlar yaratilishi shart.

8. Karantin tufayli umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkaziladigan fan olimpiadasining III viloyat bosqichi qoldirildimi? Agar qoldirilgan boʻlsa, qaysi oy oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda?

Yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, Maxsus komissiya qarori va Hukumatimiz tomonidan qabul qilingan “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi (23-mart 2020 y 176-sonli) qaroriga muvofiq, barcha tadbirlar, jumladan 23-28-mart kunlariga rejalashtirilgan fan olimpiadalari ham qoldirildi.

Taʼtil davri tugaganidan soʻng oʻquv jarayonlariga taʼsir qilmagan holda fan olimpiadalari oʻtkaziladi. Bu haqda albatta ota-onalar va oʻquvchilar hamda pedagoglar qoʻshimcha ravishda xabardor qilinadi.

9. Xususiy maktabda ishlayman. Maktabning xorijlik rahbari ishga kelishni talab qilyapti. Aks holda ishdan boʻshashim mumkinligini aytmoqda. Shu toʻgʻrimi?

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi 176-sonli qaroriga muvofiq idoraviy boʻysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼiy nazar barcha tashkilotlarning asosiy ish faoliyatiga taʼsir etmagan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xodimlarni mehnat taʼtiliga chiqarish, qolgan qismining mehnat faoliyatini maksimal darajada masofadan turib (“onlayn” rejimda yoki masofaviy tarzda) tashkil etish choralarini koʻrish topshirilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda umumtaʼlim muassasalari, shu jumladan, nodavlat taʼlim muassasalarida ham oʻqituvchilarni mehnat taʼtiliga chiqarish yoki masofaviy ishlash rejimiga oʻtkazish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

10. Viloyat xalq taʼlimi boshqarmalari, shahar tuman xalq taʼlimi boʻlimi metodistlari faoliyatini davom ettiradimi ular ham mehnat taʼtiliga chiqadimi?

Hududiy xalq taʼlimi boshqarmalari va tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari metodistlari va boshqa xodimlari qonunchilikka muvofiq mehnat taʼtiliga chiqishi yoki ish faoliyatini masofadan tashkil etishi mumkin.

11. PISA 2021 xalqaro tadqiqotlar boʻyicha joylarda tashkil etilgan tayanch maktablar faoliyati karantin vaqtida toʻxtatiladimi yoki davom ettiriladimi?

Respublikadagi barcha taʼlim muassasalari qatori xalqaro baholash tadqiqotlar boʻyicha tayanch maktab etib belgilangan taʼlim muassasalari faoliyati ham vaqtinchalik toʻxtatilgan.

Shu oʻrinda alohida taʼkidlash joizki, televizion darslar orqali tajribali trener oʻqituvchilar xalqaro baholash tadqiqotlariga oid maʼlumotlarni ham berib boradi. Oʻquvchilar bilan bir qatorda tayanch maktablarda faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilarga PISA 2021 xalqaro tadqiqotlarga oid materiallar bilan tanishib, bilimlarini boyitib borish imkoniyati yaratiladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech