23 Aprel 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +11 °C

Xalqaro munosabatlar
12 Mart  2019 799

Turkiya universitetlari bilan hamkorlik aloqalari kengaymoqda

Andijon davlat universiteti ham xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Ayni vaqtda universitetning bir guruh pedagoglari akademik va ilmiy hamkorlik aloqalarini o‘rnatish maqsadida Turkiya Respublikasida bo‘lib turibdi.

 

Safar davomida delegatsiya vakillari Anqara hamda Gazi universitetlariga tashrif buyurib, u yerdagi o‘quv jarayoni va universitetlar moddiy texnik bazasi bilan tanishdilar, akademik va ilmiy hamkorlik masalalari bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Muzokaralarda ikki tomon uchun ham manfaatli hamkorlik aloqalari o‘rnatish muhokama qilindi va ayrim masalalarda ilk kelishuvlarga erishildi.

Xususan, Anqara davlat universitetiga tashrif chog‘ida akademik almashinuv (talabalar va professor-o‘qituvchilar) dasturini amalga oshirish, kimyo yo‘nalishida tadqiqot olib borayotgan doktorantlarni Erasmus+ dasturi doirasida 1-3 oylik malaka oshirishlarini tashkil etish, shuningdek, hamkorlikda konferensiya, festival va seminarlarni tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.

Joriy yilning aprel oyida Anqara universiteti delegatsiyasining Andijon davlat universitetiga tashrif buyurishi va ushbu tashrif davomida hamkorlik dasturlarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha kelishuvlarga erishish rejalashtirilmoqda.

Gazi universiteti bilan hamkorlik bo‘yicha muzokaralar ham juda muvaffaqiyatli kechdi deyish mumkin. Gazi universiteti ilmiy ishlar prorektori, professor Yashar Aydemir bilan uchrashuvda pedagogika, musiqa ta'limi va jismoniy madaniyat yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma dasturlar (bakalavrlar uchun 2+2, magistranlar uchun 1+1, tegishlicha O‘zbekiston va Turkiyada) ochish, shuningdek, doktorantlar almashinuvi bo‘yicha shartnoma shartlari hamda ikkala oliygoh rektorlarining shartnomalarni imzolash bilan bog‘liq masalalar kelishib olindi.

 Bundan tashqari vakillarimiz Gazi universitetida ilmiy izlanishlar olib borayotgan doktorantlarimiz Surayyo Omonullaeva va Gulchehra Rahmonovalarning faoliyati bilan tanishib, ularning ilmiy rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdilar.

 Quvonarlisi, ushbu amaliy tashriflar juda samarali va ikki tomonlama manfaatli hamkorlik aloqalarining boshlanishidir.

 

Asilabonu Hamzaeva

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech