28 Oktyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +9,6 °C

Turizm
3 Iyul  2020 980

Turizm oqimini qayta tiklash masalasi oʻrganildi

Amerika va Kanada turoperatorlari Oʻzbekistonga sayohat tiklanishini kutishmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda AQSH va Kanadadagi sayyohlik agentliklari oʻrtasida onlayn brifing boʻlib oʻtdi. Tadbirga Oʻzbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov moderatorlik qildi. Brifingda AQSH va Kanadaning Oʻzbekiston hamda Markaziy Osiyo mamlakatlariga sayohatlar tashkillashtirishga ixtisoslashgan yetakchi sayyohlik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etishdi.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi rahbariyati tomonidan AQSH va Kanadadan turistik oqimlarni qayta tiklash istiqbollari, xorijiy sayyohlik agentliklari va turistlarga qoʻyiladigan talablar va tavsiyalar, mamlakatda sayyohlar xavfsizligini taʼminlash shart-sharoitlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Ishtirokchilarga joriy yil 1-iyundan boshlab mamlakatning “yashil” va “sariq” mintaqalari ichki turizm uchun ochilishi, 15-iyundan boshlab esa xorijiy mamlakatlardagi koronavirus bilan bogʻliq vaziyatdan kelib chiqib, xavf darajasi boʻyicha “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratilgan holda xalqaro reyslar qayta tiklanishi haqida maʼlumot berildi.

AQSH va Kanada turizm sohasi vakillari respublikamizda sohani qoʻllab-quvvatlashga doir koʻrilayotgan chora-tadbirlarga katta qiziqish bildirishdi. Andijon, Buxoro va Urganch aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimini kengaytirish, shuningdek, turizm infratuzilmasini rivojlantirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlariga yuqori baho berildi.

AQSH madaniy-gumanitar doiralari vakillari Oʻzbekiston-Amerika doʻstlik jamoalarini mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Siyetldagi oʻzbek diasporasi faoli Fazliddin Shamsiyev Toshkent bilan doʻstlik aloqalarini kengaytirish uchun barcha imkoniyatlarini safarbar qilishi va mahalliy turoperatorlarni Oʻzbekistondagi yangi imkoniyatlardan xabardor qilishga tayyor ekanini qayd etdi. Uning fikricha, bunday ittifoq Amerika shahrida oʻzbek brendini mustahkamlashga va Oʻzbekistonga sayohat qiluvchi amerikaliklar sonini oshirishga yordam beradi. Tadbir natijalariga koʻra, Amerika qitʼasidan Oʻzbekistonga turistik oqimni tiklash, epidemiologik vaziyat barqarorlashishi bilan AQSH va Kanada sayyohlik kompaniyalari uchun mamlakatimizga maxsus oʻrganish safarini tashkil etish, taklif etilayotgan sayyohlik yoʻnalishlari koʻlamini kengaytirish maqsadida muntazam muzokaralar olib borishga kelishib olindi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech