07 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +13,5 °C

Ta'lim
10 Mart  2020 855

Toshkenta Turkiya universiteti filiali ochiladi

Anqara shahrida Turkiya iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining (TOBB ETU) Toshkenta filialini ochish masalasi ko‘rildi.

4 -7-mart kunlari Anqara shahrida Turkiya savdo palatalari va tovar birjalari uyushmasi bilan birgalikda Toshkent shahrida Turkiya iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining (TOBB ETU) filialini tashkil qilish masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda O‘zbekistonning Turkiyadagi Elchixonasi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.

TOBB ETU tomonidan mazkur universitet to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi, shuningdek yangi universitet ochishda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi imkoniyatlari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.

Turkiya universiteti filiali uchun Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti majmuasidan joy ajratilgani va loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ham hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi. O‘z navbatida, Turkiya tomoni mazkur loyihani to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Kelishuvga ko‘ra, yangi Universitet Turkiya Savdo-sanoat palatalari va birjalar ittifoqi hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan ta’sis etiladi. Qo‘shma dastur asosida ta’lim faoliyati 2020/2021-o‘quv yilidan boshlab, kunduzgi ta’lim shaklida, jumladan dual ta’lim, elektron va masofaviy ta’lim texnologiyalarini qo‘llagan holda, ingliz tilida amalga oshiriladi.

Bunda TOBB ETU Toshkentda ochilayotgan Universitetning ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini tatbiq etishni ta’minlashga ko‘maklashadi. Shuningdek, yangi Universitet mutaxassislari malakasini oshirish va professor-o‘qituvchi xodimlarini qayta tayyorlash, universitetning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda.

Ta’kidlash joizki, Turkiya Savdo-sanoat palatalari va birjalar ittifoqi yangi ta’lim muassasasi kutubxona fondini shakllantirish va uni zamonaviy o‘quv, o‘quv-uslubiy va ilmiy-texnik adabiyotlar, masofaviy ta’lim resurslari, shu jumladan multimedia ko‘rinishidagi zamonaviy adabiyotlar bilan boyitishga ko‘maklashadi, o‘z tizimidagi ko‘zga ko‘ringan tadbirkorlar, malakali professor-o‘qituvchilarni Universitetda ta’lim berish va o‘quv jarayonini tashkil etish uchun jalb qiladi.

Ilk bosqichda qo‘shma ta’lim dasturi asosida bakalavriatda mutaxassislar tayyorlash, 10-15 kunlik kurslarda ilmiy-pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirib borish nazarda tutilgan.

Shu bilan birgalikda, yangi Universitetga abiturientlar qabuli va bitiruvchilar attestatsiyasi, Universitetga ta’lim oluvchilarni qabul qilish kvotalari, Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan TOBB ETUning belgilangan namunadagi diplomi berilishi masalalari keyingi bosqichda muhokama qilinishiga kelishib olindi.

Muzokaralar yakunida, 2020-yil 6-mart kuni Iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida kadrlarni tayyorlash, oliy ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi, deb xabar beradi Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech