16 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent -3,6 °C

Bo‘sh vaqtda
21 Aprel  2019 1842

To‘rt bosqich va olti xil odam

Yoshlikda kuchingiz o‘qish, ish, ko‘ngilxushlik va uchrashuvlar, xullas, hamma-hammasiga bemalol yetadi. Ammo yosh ulg‘aygan sari ko‘p ishlarning uddasidan chiqish qiyinlashaveradi. Keyin qarabsizki, turli cheklashlar... Ayrim ishlarga qo‘l urishni shifokorlar taqiqlasa, ba'zilaridan tananing o‘zi voz kechadi. Ammo keksa kishilarning favqulodda tetik yurishini ham kuzatgansiz. Xo‘sh, ularning siri nimada? Quyida noan'anaviy ta'sir ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassis Yu.Borisovning fikrlarini keltiramiz...

Buning mohiyatini tez va oson tushunish uchun, keling, insonning eng yuqori quvvat salohiyatini 100 foiz, deb olaylik. Eng quyisi, tabiiyki — 0. Insonning hayotiy quvvati miqdori nolga tushsa, u yashashdan to‘xtaydi.

Farzand ulkan hayotiy kuch zaxirasi bilan dunyoga keladi. Uning quvvat salohiyati 65—75 foizni tashkil qiladi. 25 yoshga to‘lgunicha kuchiga kuch qo‘shilib turganini his qilib yashaydi. Bu birinchi bosqich.

Ikkinchi bosqich esa 35 yoshlargacha davom etadi. Ana shu davr ichida quvvatning tiklanishi tobora qiyinlashib, sarflanishi ilgarigidan ancha osonlashadi. Turli «yopishqoq» kasalliklar paydo bo‘lib, tana bo‘shashib boradi, tez-tez bosh og‘riydi. Endi oshqozoningiz hazmi og‘ir taomlarni ilgarigiday ko‘tara olmaydi. Tanish holat, to‘g‘rimi?

Uchinchi bosqich esa, odatda, 35 dan 50 yoshgacha davom etadi. Quvvat sekin-asta xavfli nuqtasi (50 foiz)ga tusha boshlaydi. Xuddi shu davrda turli jiddiy kasalliklar paydo bo‘ladi. Inson iqlim va atmosfera bosimi o‘zgarishini o‘z tanasida sezadi. yengil shamollash osongina surunkali kasallikka aylanadi... Chunki oldingi bosqichlarda biz hal qilmagan ruhiy muammolar endi quvvatiy to‘siqlarga aylangan bo‘lib, mustahkam to‘g‘on singari kanallar orqali quvvat kirishiga yo‘l qo‘ymaydi. Keyin u yoki bu a'zo «o‘z vazifasini bajarishdan bosh tortadi». Negaki, unga quvvat kelmay qo‘ygan va falajlanishga majbur. Bora-bora ertalablari inqillab turishni odat qilasiz.

To‘rtinchi bosqichda esa (50 yoshdan boshlab) kasalliklar yanada zo‘rayib, dorisiz turolmay qolasiz. Ko‘p quvvat yo‘qotiladi. Hayotiy quvvatning 20 foizga tushgani tibbiyotda koma (behushlik holati) deb nom olgan. Nol bo‘lganida esa — fin (frans. «tamom, tugadi»), yanayam tushunarliroq aytadigan bo‘lsak, marhum ajdodlar huzuriga yo‘l!

To‘xtang! Xafa bo‘lishga oshiqmang! Yuqoridagi ma’lumotlarni keltirishdan maqsad yuragingizga g‘ulg‘ula solish emas. Aksincha, buning oldini olish mumkinligini bildirib qo‘yish. Bir zinani ko‘z oldingizga keltiring. E'tibor qiling, zinadan pastga yursa bo‘ladi, ammo xuddi o‘sha zinaning o‘zidan ortga, yuqoriga yurish ham mumkin-ku!

Asosiysi, hayotiy quvvatning nol chizig‘iga kelib qolmasidan vaziyatni o‘z tomonimizga og‘dirish va iskanjadan chiqib, yana «quvvat idish»larimizni to‘ldirish uchun imkon bor. Bordi-yu, hayotiy quvvat ko‘rsatkichi bir bilan o‘n ikki oralig‘iga tushsa, bizga hyech nima bog‘liq bo‘lmay qoladi. Nega deganda ong va aql-idrok allaqachon «o‘chgan» bo‘ladi. Faqat shifokorlarning mahorati va mo‘jizaga umid qilish mumkin.

To‘rtinchi bosqichda ham shifokor yordamisiz iloj yo‘q. Shuningdek, turli-tuman dorilar, fiziomuolaja, davolashning bir talay an'anaviy usullari va hokazo. Ammo ular bilan cheklanib qolmaslik kerak. Kasallikni emas, balki kasalni davolaydigan tabibni topish zarur. Va u organizmning quvvat muvozanatini tiklab beradi. Bunda yillar davomida berkilib qolgan kanallar majburlab ochiladi va a’zolarga yetarli miqdorda quvvat yetib bora boshlaydi. Ya'ni quvvat kirib turadigan yetti asosiy chakra yo‘llari ochiladi. Qisqa muddat ichida tana yana o‘zini tiklab oladi. Xullas, ushbu bosqichda jismoniy tanadagi istalgan kasallikning ruh xastaligidan kelib chiqishini tushunib olishingiz kerak.

Zina bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilishning keyingi bosqichi ruhiy muolaja, nafas olish amaliyoti,  autotreninglar bo‘lishi mumkin. Bular kasalliklar sababli buzilgan va izidan chiqib ketgan ichki uyg‘unlikni tiklashga, ruhiy va boshqa muammolardan xalos bo‘lishga yo‘naltirilgan sog‘lomlashtirish tizimlari hisoblanadi.

Hyech qachon tayyor retseptni izlamang. Chunki bunday yagona formula yoki dorinomaning o‘zi yo‘q. Hammasini bir-bir sinab ko‘rayotganda tanangizga quloq tuting. O‘shanda, albatta, sizni jismoniy va ruhiy sog‘lomlikka olib keluvchi usulni topasiz.

«Idishlar»ni 75 foiz hayotiy quvvat bilan to‘ldirgan inson amalda juda ko‘p ishlarga qodir bo‘ladi. Yoshingiz nechada bo‘lmasin o‘zingizni 25—30 yoshlilardek his qilasiz. Tanangiz yana sizga to‘laqonli va yaxshi xizmat qilishga tayyor. Asosiysi, ana shu bosqichda inson o‘zining asl mohiyatini anglaydi. Bizga biror hayotiy lazzatdan voz kechish ko‘pincha qiyin ko‘rinadi. Bu ruh va tanamizning sog‘lomlashishi uchun insonning o‘ziga xos to‘lovi. Juda katta quvvat yig‘ishda bu juda arzimas narx, ishonavering.

Keyingi bosqichda inson atrof-muhit bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga chiqadi. Bu, uning har bir harakati va istagiga tabiat darhol javob beradi, degani. Masalan, biror narsani bilmoqchisiz. Ertasigayoq ana shu haqda batafsil yozilgan kitobga yoki siz bilishni istagan ma'lumot borasida katta malaka, tajribaga ega odamga yo‘liqasiz. Hatto, devorlarga yozilgan e’lonlar ham yo‘l ko‘rsatadi. O‘ylagan niyatlaringiz amalga osha boshlaydi. Sizga butun olam nimanidir tushuntirmoqchi bo‘layotgandek tuyuladi. Aslida u ilgari ham sizga yordam berib turgan. Ammo ma'lumotlar kiradigan kanallar berkilib yotgani uchun ularni «eshita» olmagansiz.

Olti odam...

Hozirgi psixologik maktablardan biri insonni oltita ruhiy tipga bo‘ladi: Mehnatkash, Kuzatuvchi, O‘yinchi, Johil, Jangchi va Sayyoh. Ulkan bog‘da olma daraxti o‘sadi va har yili mazali hosil beradi. Uning eng baland shoxida esa bir dona yashartiruvchi olma pishgan. Tabiiyki, o‘sha olma daraxti atrofida HAYOT QAYNAYDI.

Mehnatkash: bu — o‘sha yashartiruvchi olma bo‘lishi mumkin, degan umidda jon-jahdi bilan yetilib daraxt tagiga tushgan mevalarni tera boshlaydi. Ularni to‘playdi, bir joydan ikkinchisiga ko‘chiradi va birorta olmaning o‘tlar orasida qolib ketmasligiga intiladi. Boshini ko‘tarib, baland shoxdagi mo‘jizakor olmaning haliyam o‘z joyida turganini ko‘rishga esa uning na vaqti va na hafsalasi bor. Olma pishib yetiladigan paytga kelib esa u butunlay holdan toygan bo‘ladi. Hatto, shoxdan uzilib yoniga yumalab kelganini ham sezmaydi yoki boshqa oddiylaridan ajrata olmaydi.

Kuzatuvchining esa o‘zini tutishi juda qiziq. Olmaning pishib, uzilib tushishini nazardan qochirmaslik uchun bir daqiqa ham undan ko‘zini uzmay, harakatsiz tikilib o‘tiradi. Oylar, yillar o‘tib, Kuzatuvchi harakat qilishni batamom unutadi. Buning ustiga ko‘zlari ham xira torta boshlagan... Xullas, uning ham yashartiruvchi olmadan benasib qolishi aniq.

O‘yinchi esa kutish niyatida emas! Vaqtni qo‘ldan boy bermay shoxdan-shoxga sakrab o‘sha olma sari ko‘tarila boshlaydi. Ammo yetay deganida biror quruq shox chiqib qolib, qarsillab sinib ketadi va u pastga qulaydi…

Johil ham daraxtga ko‘tariladi. Ammo O‘yinchi kabi shoxdan-shoxga sakramaydi. Unga raqiblarining boshi narvon vazifasini o‘taydi. Lekin raqiblar ham anoyi emas. Ular daraxtdan bir-birini pastga uloqtira boshlaydilar. Qarabsizki, tez orada asosiy maqsad unutiladi. Johillar olmani olisholmaydi, unga yetishmoqchi bo‘lganlarga ham yo‘l bermaydi! Oxiri, holdan toyib yiqiladilar!..

Jangchi pishganida xotirjam uzib yeyish uchun kuch ishlatib, olma daraxtini o‘ziniki qilib olishga intiladi. Ammo boshqa raqiblar ham qarab turmaydi va Jangchining butun umri jangu jadallar bilan o‘tadi. U barcha quvvatini kurashlarga sarflab tugatadi.

Sayyoh esa bog‘ni aylanib yuradi. Ochiqsa, boshqa pishgan nok, uzum, shaftolilardan yeydi. Biladiki, olma pishishiga hali fursat bor. Va bir kuni daraxt oldiga kelganida uning atrofida HAYOT QAYNAMAYOTGANINI ko‘radi. Kimdir butunlay holdan toygan, boshqasi daraxtdan yiqilib, tamom bo‘lgan, uchinchisi, olgan jarohatidan oh-voh chekmoqda. Sayyoh esa kuch-quvvatga to‘la. Qo‘lini shundoq uzatadi va pishgan olma uzilib, uning kaftiga kelib tushadi…

Nurbek G‘AFFOROV tayyorladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech