07 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +30 °C

Agrosеktor
20 Aprel  2020 411

Tomorqa – xonadondagi xazinasi

Issiqxonada moʻtadir haroratni saqlash muhim ahamiyatga ega. Buni plyonka ostida mahsulot yetishtirayotganlar yaxshi bilishadi, albatta. Masalan, bodring uchun quyoshli kunlarda havo harorati 25–28, bulut boʻlganda 20–22 va kechasi 18–20 S dan past boʻlmasligi lozim. Bunday harorat oʻsimlikning rivojlanishiga yaxshi yordam beradi. Hosil yaxshi toʻplanadi, har xil kasalliklar tarqalishining oldini oladi.

Chinoz tumanidagi “Chorvador” mahallasi tomorqachilari ham issiqxonada mahsulot yetishtirishning hadisini olishgan. Shu bois, parvarish davomida barcha agrotexnik qoidalarga rioya qilishadi va pirovard natijada bodringdan moʻl hosil olmoqdalar.

– Hududimizdagi deyarli 90 foiz aholida issiqxona bor, – deydi mahalla fuqarolar yigʻini mutaxassisi Qunduz Isoqova.– Mavjud 1123 xonadonning asosiy daromadi ham tomorqadan. Istagan xonadonga kirsangiz, buning shohidi boʻlasiz.

Navqiron koʻchasidagi 36-xonadondamiz. Uy bekasi Mavluda Tursunaliyeva bizni qulupnay pishib turgan uncha katta boʻlmagan issiqxonaga boshladi. Naqadar chiroyli manzara. Koʻm-koʻk barglar orasidan marjondek terilib turgan qip-qizil qulupnaylar goʻyo “mani terib ol” deyayotgandek. Yonidagi issiqxonada esa bodringlar gʻarq pishib yotibdi.

– Salkam 28 yildan buyon issiqxona bizning oltin xazinamizga aylangan. Yetishtirgan bodring, pomidor va boshqa sabzovot mahsulotlarimizni xalqimiz dasturxoniga tortiq qilayotganimizdan xursandman, – deydi Mavluda Tursunaliyeva.

Darhaqiqat, oila asosiy daromadni tomorqadan olmoqda. Mavluda opa turmush oʻrtogʻi Bekpoʻlat aka, ikki farzandi, kelini barchalari hamjihatlikda mehnat qilib, tomorqadan moʻl hosil yetishtirishmoqda. Yiliga oʻn millionlab foyda koʻrishadi. Olgan daromadlariga esa uylar qurib, toʻylar qilishyapti.

“Birlik” mahallasining issiqxonalarida yetilib turgan pomidor, bodring va boshqa  sabzavotlarni koʻrib, koʻzingiz quvonadi. “Sogʻlom avlod” koʻchasida istiqomat qiluvchi Dilshod Isoqov 9 sotixli issiqxonasida pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri mahsulotlarini yetishtirib, el dasturxoniga tortiq qilmoqda. Hosilning dastlabgisini bozorga chiqarishgani ancha boʻldi.

Usmon Nosir koʻchasining 6-xonadonida yashovchi Alisher Aliyev xonadonini jannatga qiyoslasak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Issiqxona pishib turgan sabzovot mahsulotlari jannatni eslatadi. Oila aʼzolarining bir tanu bir jon boʻlib, mehnat qilishi natijasida qishda ham yozdagidek noz-neʼmatlar yetishtirilyapti. Pirovardida nafaqat tuman, balki poytaxtimiz aholisi dasturxoniga ham pomidor va bodring mahsulotlarini tortiq qilib, odamlar rahmatini olishmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 14-aprelida oʻtkazilgan videoselektr yigʻilishida respublikamizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda qayta ishlash hajmini ikki baravarga oshirish boʻyicha vazifalar belgilab olingandi. Bunda mahalliy hokimliklar va sektor rahbarlariga har bir mahalla kesimida aholining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini aniqlash va uni yetishtirish uchun tomorqa yerlaridan samarali foydalanish yuzasidan topshiriqlar berilgandi.

Chinoz tumanida tomorqadan foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hukumatimiz topshiriqlariga aynan mosdir. Demak, tajribani boyitib borish, unumdorlikni yana-da oshirish zarur.

Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech