25 May 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +18,6 °C

Kеyingi avlod
24 Aprel  2019 551

To‘garak tashkil etayotgan o‘qituvchilarga qo‘shimcha rag‘batlantirish mexanizmi yaratildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan 5 ta tashabbusni ilgari surgan edi.

Mazkur tashabbuslar doirasida maktablarning infratuzilmasidan maqsadli foydalanish uchun madaniy, sport va fan to‘garaklari tashkil etiladi. To‘garaklarni tashkil etgan o‘qituvchilarni rag‘batlantirish esa to‘garaklarni samarali tashkil etishda muhim rol o‘ynaydi.

Mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, ta'lim muassasalarida madaniy, sport va fan to‘garaklarini samarali tashkil etish hamda o‘qituvchilar mehnatini munosib rag‘batlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida pullik ta'lim xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori tasdiqlandi.

Qaror bilan maktablarda pullik ta'lim xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Maktablarda tashkil etiladigan ta'lim xizmatlari o‘quv dasturlarida nazarda tutilmagan (davlat ta'lim standartlaridan tashqari) mashg‘ulotlar bo‘yicha maktab direktori va o‘quvchilarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘rtasida shartnoma asosida ko‘rsatilishi belgilanmoqda. Asosiysi, direktor va pedagoglar tomonidan o‘quvchilarni pullik ta'lim xizmatlariga majburiy jalb etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Nizomga ko‘ra, ta'lim xizmatlari narxlari Kuzatuv kengashi bilan kelishilgan holda maktab direktori tomonidan tasdiqlanadi. To‘lovlar belgilangan tartibda banklar orqali maktabning hisob varaqlariga naqd pul yoki pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Kam ta'minlangan oila farzandlari uchun narxlar umumiy to‘lovning 50 foizi miqdorida belgilanadi.

Pullik xizmat ko‘rsatishdan kelib tushadigan mablag‘larning 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdori o‘qituvchilarga haq to‘lashga yo‘naltiriladi.

Mazkur hujjat maktablarda qo‘shimcha ta'lim xizmatlari ko‘rsatishda shaffoflikni ta'minlaydi. Shu bilan birga o‘quv muassasasining infratuzilmasi va ta'minotini yaxshilash uchun qo‘shimcha mablag‘ topish imkoniyatini yaratadi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech