21 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,5 °C

Hukumat
20 Mart  2019 3164

Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarnioʻzlashtirish holati tanqidiy tahlil qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 mart kuni investitsiya loyihalarini amalga oshirish va toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etish ishlarini jadallashtirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi. 

Maʼlumki, investitsiya iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchi – drayveridir. Keyingi yillarda butun dunyoda xorijiy investitsiyalar jalb etish tobora murakkab kechmoqda. Masalan, 2018 yilda jahonda investitsiya oqimi 19 foizga kamaygan. 

Shu bois, jalb etilgan xorijiy investitsiyalardan samarali foydalanish, bu borada jadal va tizimli ish olib borish zarur. 

Joriy yil 8 yanvar kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari investitsiyalarni jalb qilish, qulay investitsiya muhitini yaratish boʻyicha aniq vazifalar belgilab bergan edi. Shu asosda aniq moliyalashtirish manbalarini koʻrsatgan holda Investitsiya dasturi tasdiqlandi. Xususan, bu yil jami 4,2 milliard dollar qiymatidagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilishi belgilangan. 

Yigʻilishda oʻtgan ikki oyda bajarilgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Davlatimiz rahbari xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish holati umuman sust ketayotganini taʼkidlab, mutasaddilarni jiddiy ogohlantirdi. Ayrim tarmoq va hududlarda chet ellik investorlarga taqdim etish uchun aniq hisob-kitoblarga asoslangan loyihalar boʻyicha takliflar yoʻqligi tanqid qilindi. 

Prezidentimiz tegishli vazirlik va hokimliklar zimmasiga aniq va qatʼiy vazifalar yukladi. Investitsiya va tashqi savdo vazirligiga energetika, neft-gaz, kimyo, mashinasozlik, elektr texnikasi, axborot texnologiyalari va boshqa muhim sohalarga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalarni jalb etish boʻyicha investitsiya loyihalari portfelini shakllantirish topshirildi. 

Hukumatlararo komissiya yigʻilishlari investitsiya loyihalarini shakllantirish boʻyicha zarur maydonga aylanmagani qayd etilar ekan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish boʻyicha har bir komissiyaning maqsadli koʻrsatkichlarini ishlab chiqish lozimligi taʼkidlandi. 

Butun dunyoda davlat-xususiy sheriklik tizimi investitsiya jalb qilishning muhim omillaridan biridir. Shuni inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tuzilgan edi. Yigʻilishda mazkur agentlik faoliyatini tashkil etishga ham eʼtibor qaratilib, mutasaddilarga transport, energetika va xizmat koʻrsatish sohalarida davlat-xususiy sheriklik asosida chet el kapitali ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalarni shakllantirish vazifasi qoʻyildi. 

Yangi tuzilgan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga davlat ulushi mavjud boʻlgan korxonalarga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilish ishlarini jadallashtirish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi. 

Yuqorida qayd etilgan yoʻnalishlar boʻyicha chet el sarmoyalarini jalb etish uchun xorijiy davlatlarda taqdimotlar – roud-shoular oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi. 

Bu yilgi Investitsiya dasturiga muvofiq, markazlashgan mablagʻlar hisobidan 3 mingga yaqin obyektda qurilish va taʼmirlash ishlari bajarilishi rejalashtirilgan. Prezidentimiz moliyalashtirish va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishni tezroq yakunlab, qurilish ishlarini qisqa muddatlarda boshlash boʻyicha ham topshiriqlar berdi. 

Bunday dasturlarni ishlab chiqishni takomillashtirish maqsadida loyiha institutlarini boshqarishga xorijiy tajribani keng joriy etish kerakligi qayd etildi. 

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, hududlarda ishlab chiqarish sohalariga investitsiya jalb qilish talabga javob bermaydi. Vaholanki, mamlakatimizga koʻp miqdorda farmatsevtika va gigiyena vositalari, oziq-ovqat tovarlari, bolalar kiyimlari import qilinmoqda. Aslida bunday mahsulotlarni yurtimizda ishlab chiqarish uchun juda katta imkoniyatlar mavjud. 

Shu bois, Prezidentimiz vazirlik va idoralar rahbarlariga oʻzlariga biriktirilgan hududlarga chiqib, u yerda amalga oshirilayotgan loyihalarni jadallashtirish, isteʼmol tovarlarini ishlab chiqarish uchun investorlarni hududlarga, jumladan, erkin iqtisodiy zonalarga jalb etish boʻyicha topshiriqlar berdi. 

Xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini oʻzlashtirish holatiga eʼtibor qaratilar ekan, bu boradagi yillik rejani bajarishda Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, Sogʻliqni saqlash, Suv xoʻjaligi vazirliklarida qoloqlik mavjudligi qayd etildi. Mutasaddilarga ushbu yoʻnalishdagi ishlarni jadallashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. 

Baʼzi joylarda zarur infratuzilma yoʻqligi investitsiyalar jalb etishga toʻsiq boʻlayotgani, loyihalar uchun yer ajratish, elektr energiyasi, gaz, suv va kanalizatsiya tarmoqlariga ulanishda muammolar borligi qayd etildi. Shu munosabat bilan Iqtisodiyot va sanoat, Investitsiya va tashqi savdo vazirliklariga hududlarning infratuzilma obyektlarini rivojlantirish boʻyicha 3 yillik dastur ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi. 

Barcha topshiriqlar ijrosini taʼminlash va muammolarni bartaraf etishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi. 

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech