24 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +30,5 °C

Kеyingi avlod
25 Fevral  2019 1493

Test sinovlarida qanday yangiliklar bo‘lishi kutilmoqda?

Joriy yilning 15-fevral kuni “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. Xo‘sh, unga ko‘ra oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirish va test sinovlariga qanday o‘zgartirish va yangiliklar kiritilshi kutilmoqda? Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida qaror loyihasi bo‘yicha tashkil etilgan matbuot anjumanida batafsil ma’lumot berildi.

 

Demak, 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab abiturientlar va ularning ota-onalari tomonidan ortiqcha ovoragarchiliklar va xarajatlarning oldini olish maqsadida ularning yashab turgan manzilida Davlat xizmatlari markazlari orqali hujjat topshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Davlat xizmatlari orqali hujjat topshirilganda eng kam ish haqining 10 foizigacha bo‘lgan miqdorda to‘lov amalga oshiriladi.  

Abiturientlarning o‘qishga kirish imkoniyatini yanada oshirish maqsadida bir vaqtning o‘zida uchta bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlash huquqi berilmoqda.

Shuningdek, o‘tgan yil va undan oldingi davrda o‘qishni tugatgan abiturientlar test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining bir barobari (hozirda 202 730 so‘m) miqdorida to‘lovni amalga oshirish tartibi taklif qilinmoqda. Joriy yilda maktab, litsey va kollejlarni bitirgan yigit-qizlar uchun test sinovlari mutlaqo bepul, hech qanday tulovlarsiz o‘tkazilishi saqlanib qolinmoqda.

Anjumanda aytilishicha, abiturientlardan tushgan to‘lovlar test sinovlarini yanada sifatli va qulay sharoitlarda tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Ushbu mablag‘lar binolarning ijara tuloviga, katta quvvatli konditsionerlar, shaxsni aniqlash texnologiyalari, kuzatuv kameralari va ota-onalar uchun monitorlar bilan jihozlashga hamda abiturientlarni ichimlik suvi va ruchka bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi. Ta’kidlanishicha, test sinovlarini shafofligini taminlashga katta e’tibor qaratiladi. Shu boiz abiturientlardan tushadigan mablag‘larning 80 foizi zamonaviy texnologiyalarni xarid qilishga sarflanadi.

– Test sinovlarini tashkil etish qo‘shimcha mablag‘larni talab etadi, abiturientlardan tushadigan to‘lovlar mavjud xarajatlarni to‘liq qoplash uchun yetarli deb bo‘lmaydi, – deydi Davlat test markazi direktori Majid Karimov. – Bu xarajatlar, turt mingdan ortiq guruh nazoratchilariga to‘lanadigan ish haqi, ularga tashkil etiladigan tushlik, test materiallarini sifatli tayyorlash, o‘z vaqtida belgilangan joylarga yetkazib berish, olib kelish, saqlash va shu kabilardir.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech