07 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +13,5 °C

Ta'lim
11 Mart  2020 620

Talabalar o‘qishini ko‘chirish jarayoni shaffof o‘tadi

Ayni paytda O‘zbekiston fuqarolarining o‘qishini xorijdan O‘zbekistonga ko‘chirish masalasi ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p muhokama bo‘layotgan mavzulardan biriga aylandi. Hademay, o‘qishni ko‘chirish uchun  uzaytirilgan muddat ham yakuniga yetadi. Bu borada tushunib-tushunmay mulohaza yuritayotgan, noto‘g‘ri ma’lumotlarni ham  ijtimoiy tarmoqlarda tarqatayotgan fuqarolarimiz jarayonning ular o‘ylaganidek oson kechmasligini bilib qo‘yishlari foydadan xoli bo‘lmaydi.

Oliy va maxsus o‘rta ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov bilan suhbatda   qo‘shni davlatlarda tahsil olayotgan yoshlarimizning  o‘qishini ko‘chirish jarayoni, shaffofligi va hujjatlar bilan  bog‘liq masalalarga e’tibor qaratildi.

O‘zingiz ta’kidlaganingizdek, bu masala xorijda ta’lim olayotgan ko‘plab fuqarolarimiz uchun ayni muddao bo‘ldi. Avvalo, keng ko‘lamli bu jarayonga tayyorgarlik qay darajada olib borilgani haqida aytsangiz ...

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan qo‘shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan mamlakatimiz fuqarolariga o‘qishini respublikamiz oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish bo‘yicha ariza topshirishga ruxsat berildi. Bu jamoatchilik orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Shu sabab aholini to‘g‘ri va haqqoniy ma’lumotlar bilan tanishtirib borish maqsadida vazirlikning rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, qolaversa, respublika miqyosidagi ommaviy axborot vositalari orqali keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi. Yurtimizning barcha viloyatlarida hududiy ishchi guruhlari tashkil etilib, axborot stendlari o‘rnatildi,  maslahat  xonalari ajratildi. Hujjat topshirish bilan bog‘liq shart-sharoitlarga keladigan bo‘lsak, barcha ishchi guruhlarining samarali ishlashi uchun zarur texnikalar, talabalar va ularning ota-onalari uchun qulayliklar yaratildi.

Ayni paytgacha qabul qilingan arizalar va ularning hududlarga tegishliligi yuzasidan aniq ma’lumot bersangiz...

Qo‘shni davlatlar (Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston) oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalardan joriy yilning 15-fevraliga qadar 34 955 ta ariza qabul qilindi. Ehtiyoj kattaligi inobatga olinib, arizalar qabuli  15-martga qadar uzaytirildi. 10-mart holatiga ko‘ra,  eng ko‘p talaba Termiz (4 822), Andijon (3 661) va Farg‘ona davlat universitetlarida (3 169) bo‘lishi aniqlandi. Fuqarolarimizning oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishini ko‘chirishi uchun jami 80 ta OTMga kvotalar belgilab berilgan bo‘lib, bugunga qadar 36 ming 400 nafardan ko‘proq  talabaga o‘qishini ko‘chirishiga ruxsat berildi. 2020-yilning 15 fevraligacha topshirilgan hujjatlar 2020-yil 25-fevraliga qadar umumlashtirilib, tegishli qaror qabul qilish uchun Davlat komissiyasiga taqdim etilganidek, 15-martga qadar topshirilgan hujjatlar ham shu tartibda ko‘rib chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining bayoni bilan oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilish uchun tavsiya qilinadi.

Topshirilayotgan hujjatlar orasida soxtalari ham aniqlanib, mutasaddilar tomonidan qaytarib yuborilayotgan holatlar ham bo‘lyapti. Bunda qanday mezon asos qilib olingan?

Afsuski, hukumat tomonidan berilgan imkoniyatdan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanish maqsadida noqonuniy yo‘llar orqali mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalariga o‘qishini ko‘chirish holatlari ham uchramoqda. Jumladan, joylardagi hududiy ishchi guruhlariga fuqarolar tomonidan qalbaki (soxta, yasama) hujjatlar topshirishga urinish holatlari kuzatilyapti. Bunday ishlarda yurtimiz fuqarolarining ham qo‘li bor...

Shuning uchun vazirlik bu borada huquqni muhofaza qilish idoralari, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda . olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida biron marta chegaradan o‘tmagan fuqarolarning ham o‘qishini ko‘chirish uchun ariza topshirgani aniqlandi. Bunday shaxslarga nisbatan tegishli qonuniy  choralar ko‘riladi, albatta.  Bu borada  o‘qishini qo‘shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalaridan ko‘chirish istagidagi talabalar va ularning ota-onalari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilyapti.

Shuningdek, fuqarolarning qo‘shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalarida kamida oxirgi bir semestrda o‘qishi respublika oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirilayotgan ta’lim yo‘nalishiga mazmunan mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishida to‘liq o‘qiganligi to‘g‘risidagi hujjatlari batafsil tekshirilib, zarur hollarda  muayyan oliy ta’lim muassasalariga so‘rovnomalar yuborish,  mas’ul xodimlarni yuborish orqali aniqlash ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.

Qariyb 40 ming nafar talabalarni Oliy ta’lim muassasalarimizga joylashtirish qator muammolarni keltirib chiqarishi aniq. Bu masalada qanday chora-tadbirlar ko‘rilyapti?

To‘g‘ri, mazkur jarayon OTMlarimiz quvvati, sig‘imi, pedagog kadrlari sonidan kelib chiqib ish tutishni taqazo etadi. Shuning uchun ham xorijdan o‘qishini ko‘chirayotgan talabalarning asosan sirtqi va kechki ta’limda tahsil olishlari ko‘zda tutilyapti. Bu ular kunduzgi ta’limda o‘qiy olmaydi, degani emas. Imkoniyatdan kelib chiqib,  ularni kunduzgi ta’lim shakliga ham qabul qilamiz. Ammo shuni ham aytish kerakki, OTMlarimizga qabul kvotalari qancha oshirilmasin, 2023-yilgacha bu tendensiya binolarga bo‘lgan katta ehtiyojni yuzaga keltirmaydi. Chunki akademik litsey va kollejlarning yuzga yaqin binolari oliygohlarimiz tasarrufiga berildi.

Pedagog kadrlar masalasi esa, albatta, dolzarb. Qo‘shimcha professor- o‘qituvchilar jalb qilinadi, faoliyat yuritayotgan pedagoglarning ish yuklamasi ko‘payadi, bu muammo ularning  oylik maoshini ko‘tarish bilan bartaraf  etiladi.  Bundan tashqari,  yana qator masalalar bo‘yicha  tegishli chora-tadbirlarni rejalashtiryapmiz. Maqsad –  yoshlarimizga mutaxassisligi doirasida yetarlicha bilim berish, ularni yetuk kadrlar sifatida jamiyatga qo‘shish, kvotalarni ko‘paytirish evaziga bo‘sh ish o‘rinlariga sof raqobatni shakllantirish, shunchaki diplom olish bilan ishli bo‘laman, degan tushunchani ular ongidan chiqarib yuborish. Chet davlatlar oliygohlariga qabul qilingan aksariyat yoshlarimiz orasida qaysi fakultetning qaysi yo‘nalishida ta’lim olayotganini aniq bilmaydiganlari ham bor ekani achinarli.

   Bugungi kunda OTMlarida ta’lim sifatini oshirish, korrupsiya holatlariga barham berish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, ayni paytgacha qabul kvotalarini bo‘sh ish o‘rinlariga nisbatan belgilagan bo‘lsak, endilikda bitta ish o‘rni uchun 5-6 nafar kadrlar tayyorlanadi. Bu o‘z navbatida ish o‘rinlariga bo‘lgan raqobatni vujudga keltiradi, o‘z ustida ishlash, har tomonlama mukammallikka erishishda muhim omil bo‘ladi.

Kuni kecha o‘qishni ko‘chirish natijalarini onlayn aniqlash imkoni ham yaratildi...

Hozirda test rejimida ishlayotgan tizim yordamida joriy yilning 7-fevralidan 15-fevraligacha ariza bilan murojaat qilgan fuqarolar pasporti seriyasi va raqamini kiritib, natijalarni bilishi mumkin. Keyinchalik mazkur tizim faoliyati takomillashtirilib, Yagona davlat interaktiv xizmatlar portali orqali mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash uchun arizalarni qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatini ishga tushirish ham rejalashtirilgan.

Munojat  MO‘MINOVA

suhbatlashdi.

 

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech