19 Oktyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,2 °C

Hukumat
27 Fevral  2020 2227
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Tadbirkorlikni rivojlantirish va kasbga tayyorlash orqali kambagʻallikni kamaytirish choralari belgilandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 27-fevral kuni tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar boʻyicha videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Maʼlumki, har qanday mamlakatda aholining kam taʼminlangan qatlami mavjud. Oʻzbekistonda ham odamlarning muayyan qismi yetarli daromad manbaiga ega emas.

Xalqimiz farovonligini oshirish maqsadida “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, tomorqani rivojlantirish kabi dasturlar qabul qilindi. Oʻtgan ikki yil davomida birgina oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida byudjetdan qariyb 10 trillion soʻm imtiyozli kreditlar ajratildi. Albatta, bu aholi bandligini taʼminlash, oilalar uchun daromad manbai yaratishga xizmat qildi.

Kambagʻallik yurtimizda koʻp yillar “yopiq mavzu” boʻlib keldi. Joriy yil 24-yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomada davlatimiz rahbari bu haqda ochiq-oydin gapirdi va tariximizda birinchi marta kambagʻallikni qisqartirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Bugungi videoselektor yigʻilishida shu boradagi ishlarni tizimli tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

– Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 12-15 foiz yoki 4-5 million aholimiz kambagʻal. Bu ularning bir kunlik daromadi 10-13 ming soʻmdan oshmayapti, degani. Yoki bir oilada mashina ham, chorva ham boʻlishi mumkin, lekin bir kishi ogʻir kasal boʻlsa, oila daromadining kamida 70 foizi uni davolatishga ketadi. Xoʻsh bunday oilani oʻziga toʻq deyish mumkinmi? Prezident sifatida meni odamlarimizning ovqatlanishi, davolanishi, bolalarini oʻqitishi, kiyintirishi kabi hayotiy ehtiyojlari nima boʻlayapti, degan savol har kuni qiynaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish borasidagi ishlarni samarali amalga oshirish maqsadida Prezidentning 2020-yil 18-fevraldagi farmoni hamda qaroriga muvofiq, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi. Mahalla – tuman (shahar) – viloyat – respublika darajasida tadbirkorlikni rivojlantirish va kambagʻallikni kamaytirishga masʼul lavozimlar joriy qilinib, vertikal tizim yaratildi.

Shuningdek, kuni kecha Bosh vazirning moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi hamda hukumatda alohida kotibiyat tashkil etildi.

– Kambagʻallikni kamaytirish oylik yoki nafaqa miqdorini koʻpaytirish, yoppasiga kredit berish, degani emas. Buning uchun, eng avvalo, aholini kasbga oʻqitish, moliyaviy savodxonligini oshirish, odamlarda tadbirkorlik hissini uygʻotish, infratuzilmani yaxshilash, farzandlarini oʻqitish, sifatli davolanish, manzilli nafaqa toʻlash tizimini joriy qilish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu maqsadda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon banki va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan kambagʻallikka qarshi kurashishning oʻrta va uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqilmoqda.

Yigʻilishda avvalo har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat darajasidagi haqiqiy sharoit va ahvolni tahlil qilish kerakligi qayd etildi. Buning uchun, birinchi yoʻnalishda kambagʻallikka oid real ahvol, yaʼni mahallalardagi daromadi kam oilalar soni haqida maʼlumot yigʻilishi, ikkinchi yoʻnalishda tuman va shaharning salohiyati, tabiiy resurslari, yer va infratuzilma imkoniyatlari xaritasi tuzilishi belgilandi.

– Odamlarning mehnat qilib, boy boʻlishi va yaxshi hayot kechirishi uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz zarur, – dedi Prezident.

Qayd etilganidek, tadbirkorlik yaxshi rivojlangan va aholi zich joylashgan hududlar atrofida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan va boʻsh turgan yer maydonlarida kichik sanoat zonalari tashkil etiladi. Zarur infratuzilma yaratish uchun Kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyalariga byudjetdan 100 milliard soʻm ajratiladi. Ulardagi yer uchastkalari tadbirkorlarga bozor qiymatida egalik huquqi bilan sotiladi. Ushbu loyiha oʻzini oqlasa, ikkinchi yarim yillikda yana qoʻshimcha 150 milliard soʻm ajratiladi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga hokimlar bilan birgalikda yangi kichik sanoat zonalari uchun boʻsh yer maydonlarini aniqlab, infratuzilma bilan taʼminlash vazifasi yuklatildi.

Foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni kambagʻal aholiga ajratib berish, zarur joylarda artezian va quduqlar qazish boʻyicha topshiriq berildi.

Aholini tadbirkorlikka oʻrgatish, kasbiy malakasini oshirish orqali kambagʻallikni kamaytirish eng asosiy masala hisoblanadi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda rasman ish bilan band boʻlmagan 1 million 400 mingga yaqin ayollar va yoshlar bor. Xotin-qizlar oʻrtasida ishsizlik darajasi 13 foiz, yoshlarda esa 15 foizni tashkil etmoqda. Fargʻona, Samarqand, Andijon, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida bu koʻrsatkich yuqori.

Shu bilan birga, bugungi kunda qurilishda 104 ming, kommunal sohada 71 ming, xizmat koʻrsatish sohasida 68 ming, yengil sanoatda 46 ming nafar mutaxassisga ehtiyoj mavjud.

Yigʻilishda shu kabi talab bor joylarga malakali mutaxassislar yetkazib berish, bandlikni taʼminlash uchun har bir hududda ishsiz aholini tadbirkorlikka oʻqitish kurslari tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.

Oʻqish yakuni boʻyicha Kichik biznesni rivojlantirish agentligi tomonidan tanlov eʼlon qilinib, eng ilgʻor loyiha uchun “startap”ga 20 million soʻm miqdorida grant ajratiladi. Hokimlar ham mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan ilgʻor tadbirkorlik loyihalariga grantlar beradi.

Kasbga oʻqish istagini bildirgan yolgʻiz va koʻp farzandli ayollar, ishsizlar uchun kundalik hayotda ehtiyoj yuqori boʻlgan hunarlar, xususan, tikuvchilik, pazandalik, sartaroshlik va boshqa yoʻnalishlarda kasbga oʻrgatish kurslari tashkil etiladi. Buning uchun mahalla idoralari yoki hududdagi binolardan joy ajratilib, zarur jihozlar bilan taʼminlanadi.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligiga “Mahalla guzarlarida kasbga oʻqitish dasturi”ni ishlab chiqib, talabgorlar roʻyxatini shakllantirish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Qator hududlarda kasbga oʻqitish borasidagi ishlar keskin tanqid qilindi. Jumladan, Qoraqalpogʻistonning 11 tumanida, Buxoro va Toshkent viloyatlarida 9 tadan, Surxondaryoning 7, Jizzaxning 5 tumanida birorta ham bunday markazlar yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi.

Kasbga tayyorlash markazlarini tashkil etishga nodavlat tashkilotlarni faol jalb qilish, ular oʻrtasida eng yaxshi kasbga tayyorlash oʻquv dasturi boʻyicha tanlov oʻtkazib, gʻoliblarga Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan grant ajratish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga har bir hududda “Ishga marmahat” mono-markazlari hamda kasbga tayyorlash markazlari tashkil etib, ishsizlarga kasbiy bilim va koʻnikmalar, shuningdek, ehtiyojga qarab xorijiy tillarni ham oʻrgatish vazifasi qoʻyildi.

Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasidagi mablagʻlarning 70 foizi kambagʻal aholiga ish oʻrni yaratishni nazarda tutuvchi kichik va oʻrta biznes loyihalariga yoʻnaltirilishi belgilandi. Shuningdek, kambagʻal kishini ishga olgan korxonalarga bank kreditlari boʻyicha qulayliklar berilishi aytildi.

Axborot texnologiyalari sohasi bir tomondan biznesga koʻmaklashuvchi vosita, ikkinchi tarafdan biznesning alohida yoʻnalishidir. Shu bois oʻzini oʻzi band qilmoqchi boʻlganlarga tushunarli boʻlgan interaktiv mobil ilovalar, barcha savollarga javob beradigan “biznes navigator”lar yaratish zarur.

Savdo-sanoat palatasi, Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga tijorat banklari bilan birga sodda tilda tayyor biznes loyihalar ishlab chiqib, odamlarga taklif etish boʻyicha koʻrsatma berildi. Bu biznes loyihalarda xarajat va daromad bilan bogʻliq barcha hisob-kitoblar, ishlab chiqarish quvvatlari, mahsulot miqdori kabi masalalar “ipidan-ignasigacha” aniq boʻladi.

Joylardagi muloqotlar, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali ushbu loyihalar haqida aholining barcha qatlamiga yetkazish kerakligi qayd etildi.

Savdo-koʻngilochar markazlarni koʻpaytirish hamda koʻchma savdoni rivojlantirish, bu boradagi ortiqcha cheklovlarni olib tashlash boʻyicha takliflar bildirildi.

Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi hamda Bosh vazir qabulxonalari davlat va tadbirkor oʻrtasidagi “koʻprik” vazifasini bajarishi, tadbirkorlik tashabbuslarining amalga oshishiga har tomonlama koʻmaklashishi shartligi taʼkidlandi.

Joriy yil 1-martdan boshlab iqtisodiy kompleks idoralari faoliyatini reyting asosida baholash tizimi hamda Hududlarda tadbirkorlik rivojlanishi indeksi joriy etilmoqda. Aholi oʻrtasida ochiq va yashirin soʻrovlar oʻtkazish orqali ularning iqtisodiy kompleks tashkilotlariga boʻlgan munosabati oʻrganib boriladi. Natijalarga qarab, muayyan hududdagi iqtisodiy kompleks rahbarlari faoliyati “namunali”, “yaxshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz” deb topiladi. Ijobiy baholanganlar ragʻbatlantiriladi va past baho olganlariga jazo choralari koʻriladi. Baholash natijalari bir yilda ikki marotaba Oliy Majlis palatalari, xalq deputatlari viloyat kengashlarida va hukumatda muhokama qilinadi.

Videoselektor yigʻilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech