18 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +26,7 °C

Fikr
12 Fevral  2019 3395

Mehribonlik uyidan keyingi hayot yoxud mustaqil yashash qanday kechadi?

Mehribonlik uyini tark etayotgan Angelina G. (ismlar o‘zgartirilgan) bu yerga qaytib kelmaslikka ont ichdi. O‘shanda o‘zi ham hayotidagi bu sahifa batamom yopildi, deb o‘ylagandi. Ammo shunday bo‘ldiki, endi uning o‘g‘li bu yerda tarbiyalanmoqda. Afsuski, bu hali eng yomon holatlar emas. Keling, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarning mustaqil hayotga yo‘l olganidan keyingi taqdiri qanday kechishiga bir nazar solaylik.

Bolalarning bu toifasi haqida eshitiboq, ko‘pchiligimizda achinish hissi paydo bo‘lishiga o‘rganib qolganmiz. Ularga kiyim-kechak, o‘yinchoqlar va boshqa narsalar bilan yordam qo‘lini cho‘zadigan ko‘ngillilar ham bor, albatta. Biroq adolat yuzasidan bu bolalarning to‘liq davlat ta’minotida ekanini aytib o‘tish joiz. Bu chetdan olingan gap emas – ular ko‘pgina ota-onalar o‘z farzandiga yaratib bera olmaydigan juda yaxshi sharoitlar bilan ta’minlangan.

Bolalar turli to‘garaklarga qatnashadilar, muzey va teatrlarga borishadi. Bundan 20 yil muqaddam tarbiyalanuvchilarga bunday muassasalarda ancha qiyin bo‘lgan, ammo bugungi sharoit butunlay o‘zgacha, oldingi tarbiyalanuvchilar buni orzu ham qilolmagan.

To‘g‘ri, bolaga ota-ona beradigan mehr-e’tibor o‘rnini hech nima bosa olmaydi. Bu yerdagilarning istagi ham o‘xshash: mudom ota-ona, ularni kutishadigan uylari haqida o‘ylashadi. Tarbiyachilar qancha harakat qilmasin, afsuski, baribir bolalarga kerakli mehr-e’tiborni bera olmaydi. Ammo tarbiyachilar mehribonlik uyini tark etayotganlarning ertaga mustaqil hayotda qiynalib qolmasligi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qiladilar.

Bolalar 9-sinfni tugatgandan so‘ng har oy nafaqa olib turadilar. Ularning katta qismi omadga erishadi, deya taxmin qilish ham mumkin edi. Ammo haqqoniy hayotda hammasi boshqacha. Mana, atigi bir nechtagina tarix. Ko‘pgina hollarda ssenariy yildan-yilga takrorlanayotganini ko‘rish ham mumkin.

Alina J. dastlab, bolalar uyida, uch yoshidan mehribonlik uyida tarbiyalandi. Aqlli va zehni o‘tkir qizaloqqa katta umid bildirish mumkin edi. Juda uzoqqa boradiganday tuyulardi. To‘qqizinchi sinfni tugatganidan so‘ng barcha tarbiyalanuvchilar kabi kollejga o‘qishga kirdi. U yerda bir yigitni uchratib, sevib qoldi. Keyin, o‘qishini ham tugatmasdan, farzandli bo‘ldi. Yigit esa mas’uliyatga hali tayyor emas ekan. Ammo baribir uni oilasiga olib ketishdi. Bo‘lmasam-chi, u har oy oladigan pensiyasini ularnikiga keltirib berardi. Ular esa pulni o‘z bilganicha ishlatardi. Kollejni tugatgach, qiz davlatdan bir necha millionlik «ko‘tarma» pul ham oldi. Bir so‘z bilan aytganda, bunday kelin foydali edi. Yigit ham nikohni rasmiylashtirishga sira shoshilmasdi. Talablari esa bir olam, qaysidir gapi yoki ishi yoqmasa, qo‘l ko‘taradi. Qizaloq tuzoqqa tushgandi. Ketida na ota-onasi, na yaqinlari va na biror kimsasi yo‘q, biror kasbi ham bo‘lmagan boyaqish nima ham qilsin? Bundan qutulishning yo‘llari ham oz – hammasiga chidashi yoki qochib ketishi kerak edi. Ammo qo‘lida yoshgina go‘dagi bilan qayoqqa ham bora olardi?

Ikkinchi hodisa qahramoni Irina L. ham kollejda o‘qiyotganida farzandli bo‘lgan. Bolaning otasi esa to‘satdan g‘oyib bo‘ladi. Davlatdan pul olib turganida bolasi o‘zi bilan yashadi. Hozir farzandi mehribonlik uyida tarbiyalanmoqda.

Katerina G.ning tarixi sal boshqacharok. Kollejni tugatgach, universitetga o‘qishga kirdi, ammo o‘qishni xohlamadi va tashlab ketdi. Sal keyin bir erkakni uchratdi, farzandli bo‘ldi, ammo turmushi o‘xshamadi. Bugun ikki farzandning onasi. Na kasbi bor va na ishi, ammo farzandini bolalar bog‘chasiga bepul rasmiylashtirishni talab qilmoqda. Ancha vaqt unga saxovatli kishilar yordam qo‘lini cho‘zishdi. Shuncha qo‘llab-quvvatlangani, shuncha notanish kishilarning unga achinish hissi bilan qaragani 30 yoshga kirgan bo‘lsa-da, haliyam atrofdagilar unga nimanidir qilib berishi kerak, deb o‘ylashiga olib kelgandir, ehtimol. Sababi juda oddiy – uning g‘irt yetimligi.

Bunday voqealar juda ko‘p. Afsuski, ko‘pgina bitiruvchilar atrofdagilarning mehr-etibori, hamdardlik bilan munosabatda bo‘lishiga o‘rganib qolgan. Keyinchalik bu pozitsiya ular uchun anchayin qulay bo‘lib qoladi. Boz ustiga, ma’lum omadlarga erishish uchun katta kuch sarflashga to‘g‘ri kelmaydi. O‘qib, kasb egallab, ish qidirib yurishadimi? «Men yetimman, yordam bering!», degan kodli so‘z bor, axir.

Yuqoridagi kabi misollar bilan ularni namoyish etmoqchi ham emasmiz. Mehribonlik uyini tark etgan bolalar mustaqil bo‘lish sinovlaridan o‘ta olmay, o‘z jonlariga qasd ham qilishmoqda. Ba’zi birlari atrofda o‘ziga jalb qiluvchi narsalarni ko‘radi va spirtli ichimlik icha boshlaydi yoki giyohvand moddalarni qabul qiladi.

Ular orasida omadga erishayotganlari ham bor, albatta. Nima uchun ayrimlari yiqilsa, turib olg‘a intilishda davom etadi-yu, ba’zilari tayyorga ayyorlik pozitsiyasini egallaydi? Ana shu savol bilan Mehribonlik uyi bitiruvchilariga murojaat qildik.

Bir necha o‘nlab javoblarni yiqqach, shunday xulosaga kelish mumkin: hamma narsa muhayyo etilgan turmush tarziga o‘rgangan bolalarga mustaqil hayot ummonida suzish juda qiyin. Negaki, mehribonlik uyidagi va tashqaridagi hayot – ikkita boshqa-boshqa voqelik. Bittasida senga imkoni boricha yaxshi sharoitlar yaratib berishadi, ikkinchisida esa, birovning sen bilan sariq chaqalik ishi yo‘q.

Mundoq olib qaralsa, bu 16-17 yoshli bola haqqoniy hayot bilan yakka o‘zi qoladi, degani. Hatto, davlatdan kvartira olib, oddiy oylik kommunal xizmatlar to‘lovini amalga oshirish kerakligini, davlat bergan «ko‘tarma» pullarni qanday to‘g‘ri sarflashni ham bilmaydi va uni bir-ikki hafta ichida sovurib yuboradi. Afsuski, bu yoshda ularning kallasida butunlay boshqacha o‘y-fikrlar hukmron bo‘ladi – mazza qilib o‘ynab-kulish, chiroyli kiyinish, yaxshi telefon sotib olish. Bunday turmush tarziga juda tez o‘rganishadi, ammo tez orada pullari tugagach, ko‘pchiligi pulsiz, ishsiz qolib ketadi.

– Mehribonlik uyini tark etar ekansan, seni bir vaqtning o‘zida ko‘tarinkilik va g‘amginlik hissi chulg‘ab oladi, – deya xotirlaydi u yerda tarbiyalanganlardan biri. – Ammo mehribonlik uyidan tashqaridagi hayotning butunlay boshqacha ekanini tez tushunib olar ekansan. Bu yerda qiyinchiliklar juda ko‘p. Atrofdagilarning senga nisbatan butunlay befarqligiga birinchi bor duch kelasan. Masalan, kun bo‘yi tuz tatimasang ham birortasining sen bilan ishi bo‘lmaydi. Sen esa bu dunyo to‘g‘risida hali hech nima bilmaysan, aksariyat hollarda so‘raydigan odamning o‘zi bo‘lmaydi. O‘ta muhtojlik, atrofdagilarning xiyonati, mutlaqo hech kimga kerak emasligingni his etish, joningga qasd qilishga urinish – men hali 18 yoshimda to‘qnash kelganlarimni bir qismigina, xolos. Agar yonimda biror kimsa bo‘lganida, hammasi boshqacha bo‘lgan bo‘larmidi? Ammo amalda hech kimning sen bilan ishi, dardi yo‘q.

Bunga kim aybdor va qanday yo‘l tutish kerak? Ba’zan hatto, katta odam ham dovdirab qoladigan hayotiy qiyinchiliklarga o‘spirinni dosh berolmaganlikda ayblash to‘g‘rimi? Balki bu borada mehribonlik uyi tarbiyaluvchilarini hayotda tez-tez to‘qnash keladigan ilojsiz holatdan qutqarishning ish beradigan rejasini kattalarning o‘zlari bilim va tajribasiga, amaliga tayanib o‘ylab ko‘rgani ma’quldir. Nima uchun ijtimoiy moslashish darslarini, ya’ni mablag‘larni qanday boshqarish, qarorlar qabul qilish, zimmasiga mas’uliyatni olish kabilarni mehribonlik uylarida mutaxassislardan ilgariroq o‘rganish mumkin emasmi?

Oksana Malosabirova.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech