04 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +15,9 °C

Voqea-hodisalar
16 Mart  2020 367

Suriyada nizolar boshlanganiga 9 yil bo‘ldi

Suriyada bir nechta davlat va yarimharbiylashgan turli diniy guruhlar ishtirokida keng qamrovli ichki mojarolar boshlanganiga  9 yil bo‘ldi.

15 mart, yakshanba kuni AQSh, Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya birgalikda Suriya bo‘yicha bayonot bilan chiqdi. Asad rejimi "shafqatsizligi uchun javobgarlikka tortilishi kerak. Rossiya va Eron qo‘llab-quvvatlovidagi Suriya rejimining harbiy hujumlari azob-uqubat va ijtimoiy inqirozga olib keldi", deyiladi bayonotda.

AQSh, Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya Suriya rahbariyatidan BMT Xavfsizlik Kengashining 2254-son rezolyusiyasi bajarilishini talab qilmoqda. Rezolyusiya umummilliy sulh e’lon qilinishini, konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazilishi, majburiy ushlangan shaxslar ozod qilinishini va erkin saylovlar o‘tkazilishini talab qiladi.

Suriyada barqarorlik o‘rnatish jarayonida donor mamlakatlar “ishonchli va qat’iy siyosiy jarayon” boshlanganidan keyingina mamlakatni qayta tiklashda gumanitar qo‘llab-quvvatlash masalasini ko‘rib chiqishga tayyor ekanliklarini aytishadi.

Bayonotda ta’kidlanishicha, o‘z rejimini saqlab qolish maqsadida Bashar Asad olib borayotgan kurash oqibatida 11 million kishi, ya’ni mamlakat aholisining salkam yarmi o‘z uy-joylarini tashlab ketishga majbur bo‘ldi, yarim millionga yaqin  suriyalik halok bo‘ldi.

2011 yil martida “Arab bahori” to‘lqinida boshlangan aksilhukumat namoyishlari Suriya shaharlarida ommaviy tartibsizliklarga sabab bo‘ldi. O‘sha yil yozida norozilik to‘lqini o‘zaro kurashuvchi kuchlar o‘rtasidagi qurolli mojaroga aylanib ketdi. Muxolifat prezident Bashar Asadning iste’fosini, 1962 yildan beri davom etayotgan favqulodda holat bekor qilinishini va Suriyada demokratik o‘zgarishlar amalga oshirilishini talab qilmoqda.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech