30 Mart 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +21,3 °C

Mamlakatimizda
19 Mart  2020 397

Sport inshooti pasportini berish tartibi belgilandi

2020-yil 17-martda qabul qilingan 164-sonli Hukumat qarori bilan Jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshooti pasportini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti tasdiqlandi.

Mazkur reglamentga asosan, davlat xizmati tadbirkorlarga davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali, tadbirkor bo‘lmagan yuridik shaxslar uchun esa hududiy jismoniy tarbiya va sport organlari orqali «Sertifikatlashtirish va kompyuterlashtirish markazi» davlat korxonasi tomonidan ko‘rsatiladi.

Bunda dastlab  Jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshooti pasportini berish bo‘yicha so‘rovnoma to‘ldiriladi.

Agarda sport inshooti ariza beruvchi tomonidan ijaraga olingan bo‘lsa, so‘rovnomaga amaldagi inshoot ijarasi shartnomasining nusxasi ilova qilinadi.

Davlat xizmatini ko‘rsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (223 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.

So‘rovnoma kelib tushgandan so‘ng hududiy boshqarma ariza beruvchi bilan birgalikda 7 ish kuni davomida sport inshootini ko‘zdan kechiradi.

Oliy va birinchi toifa berilishi nazarda tutilgan sport inshootlarini ko‘zdan kechirish Markaz vakili ishtirokida amalga oshirilishi shart.

Sport inshooti blankasida ko‘rsatilgan ma'lumotlar inshootning toifasini belgilashga asos hisoblanadi.

Sport inshooti pasporti quyidagi muddatlarga beriladi:

- oliy va birinchi toifadagi sport inshootlari uchun – 4 yil;

- ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi toifadagi sport inshootlari uchun – 3 yil;

- beshinchi toifadagi sport inshootlari uchun – 2 yilgacha (sport inshootini ijaraga olish haqidagi shartnomada ko‘rsatilgan muddatdan kelib chiqqan holda).

Sport inshooti pasportining amal qilish muddati tugaganda, yangi pasport mazkur ko‘rsatilgan Reglamentga muvofiq beriladi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech