08 Avgust 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28,2 °C

Raqamlashtirish
8 Iyun  2020 1880

Soliq tizimi raqamli kelajagining Strategiyasi qabul qilindi

Joriy yilining 5-iyun kuni Vazirlar Mahkamasining “Soliq maʼmuriyatchiligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi 359-sonli qarori qabul qilindi

Mazkur qaror bilan Davlat soliq qoʻmitasining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish Strategiyasi belgilandi.

Unda DSQ maʼlumotlarini qayta ishlash markazi va telekommunikatsiya qurilmalarini modernizatsiya qilish, server va dasturiy taʼminotlar xarid qilish, axborot tizimlari majmuini yagona platformaga oʻtkazish, elektron davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini oshirish, katta hajmdagi maʼlumotlarni tezkor tahlil qilish tizimlarini yoʻlga qoʻyish kabi vazifalar nazarda tutilgan. Natijada davlat byudjetiga qoʻshimcha tushumlar hajmi 20 trln. soʻmgacha ortishi kutilmoqda.

Ushbu hujjat tizimning maʼlumotlar almashish bilan bogʻliq boʻlgan bir qator muammolarini hal etishga qaratilgan, jumladan:

- mavjud maʼlumotlar bazasi hajmining yetarli emasligi;

- serverlar xotira hajmining 90 % bandligi;

- elektron xizmatlar soni 3,8 barobarga, axborot tizimlar soni 2,5 barobarga ortishi natijasida korporativ tarmoq tezligini oshirish zarurati yuzaga kelganligi;

- turli axborot tizimlarining integratsiyalashuvi natijasida maʼlumotlar bazasida katta yuklanish hosil boʻlganligi;

- yagona platforma mavjud emasligi.

Maʼlumotlarni qayta ishlash markazini modernizatsiya qilish natijasida:

- maʼlumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish tezligi 10 barobargacha oshiriladi;

- maʼlumotlar bazasidagi axborotlarni konfidensialligini taʼminlash darajasi 100 % oshadi, tashqi xavflardan himoya qilish hamda maʼlumotlarni xavfsiz va ishonchli saqlash imkoniyatlari kengayadi;

- maʼlumotlar bazasi hajmi 1 Petabaytgacha yetkaziladi.

Business Intelligence va Big Data texnologiyalarini joriy etish strategiyaning asosiy vazifalaridan biri sifatida kiritilgan.

Mazkur texnologiyalarning yoʻlga qoʻyilishi natijasida:

- katta hajmdagi maʼlumotlarni qayta ishlash va tezkor tahlil qilish tizimlari kengayadi;

- xufiyona aylanmalar darajasi keskin qisqaradi va soliq solinadigan baza kengayadi;

- markazlashgan tizimlar orqali shakllangan maʼlumotlarni qayta ishlash natijasida bozor konyukturasini oʻrganish, tovar va xizmatlarning bozor narxlarini tahlil qilish hamda prognozlash imkoniyati yaratiladi;

- xodimlarning 50-60 foizida maʼlumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish bilan shugʻullanish imkoniyati paydo boʻladi.

Soliq organlarining axborot tizimlari majmui toʻliq yagona platformaga oʻtkazilishi:

- maʼlumotlarni kiritish, toʻplash, tahlil qilish tizimlarini optimallashtiradi;

- maʼlumotlar bazasidagi katta yuklanishlarning oldini oladi;

- soliq toʻlovchilarning hisobot topshirish jarayonini 5-7 barobargacha yengillashtiradi;

- inson omili aralashuvini 60 foizga qisqartiradi;

- soliq maʼmuriyatchiligi va nazoratining mutlaqo yangi tizimini yaratish, shuningdek, korrupsiyaviy omillarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha preventiv va oldini olish choralarini qoʻllashga imkoniyat yaratadi.

Soliq maʼmurchiligida biznes jarayonlarni avtomatlashtirilishi biznes jaryonga sarflangan umumiy vaqtni 20-30 foizga qisqartiradi.

DSQ Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasida nazarda tutilayotgan Case Management System, Case Assesment System tizimlarining yaratilishi orqali soliq auditi jarayonini avtomatik tarzda qayd etish, monitoring qilish, real vaqt rejimida maʼlumot va tahlillardan foydalanish orqali soliq tizimini takomillashtirishga erishiladi.

Soliq toʻlovchilarga koʻrsatiladigan elektron davlat xizmatlari va ularning mobil ilovalari sonini koʻpaytirish esa soliq xizmati xodimlari bilan munosabatlarda inson omilini 60 foizga qisqartiradi. Bu nafaqat korrupsiyaning oldini oladi, balki qogʻoz shaklidagi hujjat ishlarini ham keskin kamaytiradi.

Ushbu qarorda davlat soliq xizmati organlarining boshqa vazirlik va idoralar bilan axborot almashinuv tizimlari sonini oshirish ham belgilangan. Bu choralar soliq toʻlovchilarning majburiyatlari hisobini yuritishga oid yirik hajmdagi axborotlarni elektron tarzda olish, tahlil qilish va soliq solish bazasini kengaytirishga xizmat qiladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech