27 May 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +16,4 °C

Salomatlik
19 Mart  2019 912

Sog‘lom turmush tarzi qandli diabet xastaligining oldini oladi

Bugungi kunda dunyoda 425 million qandli diabet holati qayd etilgan bo‘lsa-da, amalda bu kasallik bilan xastalangan bemorlar ikki barobar ko‘pdir. Shu bois yurtimizdagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ushbu kasallik bilan og‘rigan bemorlarning milliy registri olib borilmokda.

Aholining reproduktiv salomatligi, onalar, bolalar va o‘smirlarning sog‘lig‘ini saqlashni yanada kuchaytirish borasida tasdiqlangan Davlat dasturi doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida hududlar kesimida 42 nafar 1-tur qandli diabet bilan og‘rigan bemor bolalar “Medtronik”,“Minimed-715” insulin pompalari va uning anjomlari bilan ta'minlandi. Natijada bolalarning sog‘lom hayotga qaytishiga erishildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Aholini, ayniqsa, yoshlarni qandli diabet kasalligidan himoya qilish chora-tadbirlari: natijalar, muammolar va yechimlar” mavzusidagi matbuot anjumanida aytib o‘tildi.

 Joriy yilda ham markaz tomonidan o‘tgan yil dekabr oyidagi dastur doirasida xarid qilingan 50 dona insulin pompalari yil davomida 50 nafar qandli diabetning 1-turi bilan og‘rigan bemor bolalar va o‘smirlarga, 5 nafar homiladorlikni rejalashtirgan, qandli diabetning 1- yoki 2-turi bilan kasallangan ayollarda qo‘llanilishi rejalashtirilgan.

– Qandli diabet bilan og‘rigan bolalar, o‘smirlar va ushbu kasallikning 1-turiga chalingan katta yoshlilar hamda insulin bilan muolaja qilinadigan 2-tur bemorlar ko‘proq e'tiborga muhtoj bo‘lishadi. Ushbu guruh bemorlar yuz foiz davlat tomonidan insulin bilan ta'minlanmoqda, – deydi  Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Feruza Haydarova. – Qandli diabetni o‘z vaqtida aniqlanish va samarali davolash asoratlar yuzaga kelishini kamaytiradi, bemorlar hayotini uzaytirib, asoratlarni davolashda ketadigan sarf-xarajatlarni kamaytiradi. Kasallikni davolash barobarida, uning oldini olish eng muhim vazifadir. Ayniqsa, 2-tur qandli diabetning oldini olish sog‘lom turmush tarzi va tibbiy madaniyatga bog‘liq. Ya'ni, ovqatlanish tartibiga rioya etmaslik, kamharakatlilik, semizlik va qon bosimining yuqori bo‘lishi ushbu xastalikning asosiy sabablaridir.

Yana bir e'tiborli jihati, Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan yurtimizning ayrim viloyatlarida 45 yoshdan oshgan aholi orasida qandli diabetning skriningi o‘tkazilmoqda. Barcha viloyat endokrinologik dispanserlarini esa o‘z vaqtida uzluksiz ravishda zarur reaktivlar, xususan, glikirlangan gemoglobin va qalqonsimon bez gormonlari reaktivlari bilan ta'minlash yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, 1-tur qandli diabet bolalar va o‘smirlarni analog insulinlar, insulin yuborish uchun maxsus moslamalar  (insulin shprits-ruchkalari) va o‘z-o‘zini nazorat qilish vositalari bilan to‘liq ta'minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

           

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech