23 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24 °C

Salomatlik
3 Aprel  2019 1544

Sog‘liqni saqlash vaziri sayyor qabulda 57 ta murojaatni ijobiy hal qildi

Buxoro viloyati Vobkent tumanida Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov tomonidan viloyat tibbiyot muassasalari rahbarlari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi. Vobkent, G‘ijduvon, Shofirkon, Romitan, Peshku hamda Buxoro tumanlari fuqarolari qatnashgan mazkur tadbirda 57 nafar fuqaroning murojaati atroflicha o‘rganib chiqilib, ijobiy hal etildi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

 

Qayd etish joizki, murojaatlarning asosiy qismi tug‘ma yurak nuqsoni, tayanch-harakat a'zolari, asab tizimi, buyrak va nafas yo‘llari xastaliklari yuzasidan bo‘lib, ularning aksariyati imtiyozli asosda tegishliligi bo‘yicha viloyat tibbiyot muassasalari va respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida davolanishi belgilandi.

Jumladan, kardiologik jarrohlik operatsiyasi orqali davolanishda amaliy yordam so‘ragan vobkentlik Maftuna Ergashevaga Respublika ixtisoslashtirish xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga davolash va operatsiya qilish uchun itimyozli asosda yo‘llanma beriladigan bo‘ldi. Nogironlik aravachasiga ehtiyoji bor yana bir vobkentlik Jalil Juraevga shu yerning o‘zida  nogironlik aravachasi taqdim etildi.

Shofirkon tumanidan O‘g‘iloy Kamolova esa bosh miya xastaligi bilan og‘rigan nabirasi Mirzohid Xayrulloevning davolanishi uchun amaliy yordam so‘radi. Ushbu murojaat yuzasidan viloyat tibbiyot muassalaridan pediatr, psixiatr, nevropatolog, ortoped kabi yetakchi tor mutaxassislarni tumanga yuborib, bemorni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, tajribali mutaxassislar ishtirokida konsilium qilgan holda viloyat yoki respublika tibbiyot muassasalarida davolash choralarini ko‘rish belgilandi.

Sayyor qabulda romitanlik Dilmurod Saidovning muammosi ham yechim topdi. U ikki tomonlama koksartroz operatsiyadan keyingi holat tashxisi bilan davolanish va operatsiya uchun amaliy yordam so‘ragan edi. Uni endoprotez bilan ta'minlash masalasi shu kunning o‘zida hal qilinib, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida imtiyozli ravishda operatsiya qilish va davolash rejalashtirildi.

Hozirgi kunda joylarda aholi bilan bevosita muloqot qilish, mavjud muammolarni joyida hal etish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Shu ma'noda, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan muntazam tashkil etilayotgan sayyor qabullar tibbiyot xodimlari zimmasiga ham katta mas'uliyat yuklaydi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining virtual qabulxonasi tashkil etilgan bo‘lib, fuqarolar vazirlikning rasmiy veb-sayti – www.ssv.uz, shuningdek, ushbu internet manzilida ko‘rsatilgan elektron pochta yoxud telefon orqali mazkur virtual qabulxonaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat yuborishi mumkin. Har bir murojaat shaxsan Sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan ko‘rib chiqilib, nazoratga olinadi hamda qonun doirasida hal etiladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech