19 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24,7 °C

Bo‘sh vaqtda
11 May  2019 725

SODDALAR SAYYORASI

(Robert SheKLI)

 

Samoviy uchuvchi Jonni Bezik «Es-Bi-Si Eksploreyshns» kompaniyasida xizmat qilardi. U Koinotning mutlaqo noma’lum hududlarini tadqiq qila turib, yetib borish anchayin mushkul bo‘lgan Sirgon yulduzlar to‘dasini ham o‘rganmoqda. Dastlabki to‘rt sayyorada e’tiborni tortuvchi biron nima kuzatilmadi. Bezik beshinchisiga yaqinlashganida kema radiokarnayi jonlanib, past tovush eshitildi.

― Siz Loris sayyorasi atrofida parvoz qilmoqdasiz. Rejangizga bizning sayyoraga qo‘nish kiritilganmi?

― Ha, shunday, ― tasdiqladi Jonni. ― Darvoqye, tilimizni qaerdan bilasiz?

― Sayyoramizga yaqinlashayotganingizda mashinalarimizdan biri kemangiz bortidagi kompyuter ma’lumotlari asosida tilingizni o‘zlashtirib oldi.

― Buni qarang-a, zo‘rsizlar-ku?!

― Buning uncha qiyinligi yo‘q, ― javob berdi tovush. ― Biz hozir kemagiz kompyuteri bilan bevosita aloqa o‘rnatib, orbitamiz o‘lchamlari, tezligi va boshqa ma’lumotlarni kiritamiz. Qarshi bo‘lmasangiz, albatta.

― Albatta yo‘q, bemalol! ― dedi Jonni.

Shunday qilib, u hozirgina yer tarixida birinchi bo‘lib, o‘zga ong vakillari bilan muloqotga kirishdi.

Jonni oromkursiga yastangancha boshqaruv pultidagi uskunalarning yo‘nalish va tezlikning o‘zgarishini qayd etayotganini kuzatardi. Videoekranda moviy, yashil va jigarrang tusli, yerga judayam o‘xshash, Loris sayyorasi namoyon bo‘ldi. Faqat quruqliklar chiziqlari va shakli boshqacha edi. Ammo yerga shu qadar o‘xshash ediki, Bezik beixtiyor: «ko‘chamizdagi yigitlarni uchratib qolsam-a», deb o‘ylab qoldi.

Ular, ya’ni fazodagi qo‘shnilari aqlli chiqib qolishsa, zo‘r bo‘lardi-da. Ishqilib, bizdan aql-idrok borasida ustunroq, jismonan kuchliroq va tajovuzkorroq bo‘lishmasin-da! Bunday qo‘shnilarning kallasiga sizni har narsaga giriftor qilish kelib qolishiyam hech gap emas. To‘g‘ri, hammasi xuddi shunday bo‘lishi shart emas, ammo yolg‘on aytib ham nima qildi: biz shafqatsiz Koinotda yashaymiz va unda kim-kimdan ustun, degan azaliy savol mavjud.

yerdan samolarga bir maqsadda ekspeditsiya jo‘natilardi: agar qaerdadir, qandaydir tirik jonzod bo‘lsa, tinch-osuda kunlarimizning birida paydo bo‘lib, tinchimizni buzmaslaridan oldin, yaxshisi, biz, ularni topaylik. yerliklarning ssenariysi bo‘yicha muloqot hamisha dahshatli taraqqiyot bilan yuzma-yuz kelishdan boshlanardi. To‘g‘ri, boshqacha taxminlar ham yo‘q emasdi. 

yerliklarning taxminicha, o‘zga sayyoraliklar texnika sohasida bizdan ancha ilgarilab ketgan bo‘lishlari mumkin. Ba’zi farazlarga ko‘ra, o‘zga taraqqiyot vakillari favqulodda psixokinetik qobiliyat sohiblari, gohida esa go‘l bo‘lsalar-da, amalda hech qanday nozik tomonlari yo‘q bo‘lardi ― yuradigan o‘simliklar, yer qaziyotgan hasharotlar va shunga o‘xshash ko‘rinishda. yerliklar odatda ularni hamisha shafqatsiz, juda badbashara va badaxloq qiyofalarda tasvirlardilar. To‘g‘rida, yerlik yigitlarga qiyoslab bo‘larmidi?

Bu masalaning ikkinchi darajali tomonlari. Ammo asosiysi hech o‘zgarmasdi: yer o‘zga qudratli taraqqiyot bilan muloqotga kirishadi va ular bizni zabt etadilar.

Bezik parvozlar orasidagi tanaffuslar chog‘i o‘ziga o‘xshagan uchuvchilar bilan bu borada juda ko‘p suhbatlashgan.

Hademay, yerliklarni jiddiy qiziqtirgan yagona savolga javobni bilib oladi: ular biznimi yoki biz ularni?..

Loris havosidan nafas olsa bo‘lardi, suvi ham iste’molga yaroqli ekan. Aholisi ― gumanoidlar. Gipnopediya usuli yordamida ular Bezikka lorisliklar tilidan saboq berib, unga bosh shahar Atissni ko‘rsatdilar.

Jonni qancha ko‘p kuzatgani sayin, shuncha ma’yus torta bordi.

Lorisliklar yoqimtoy, bosiq va ochiqko‘ngil mavjudotlar ekan. So‘nggi besh yuz yil davomida ularning tarixi birortayam urush yoki qo‘zg‘olon ko‘rmagan. Tug‘ilish va o‘lim o‘rtasida mustahkam muvozanat o‘rnatilgan: aholisi juda ko‘p bo‘lsa-da, hammaga joy va imkoniyatlar yetarli edi. Irqiy farqlanish mavjud bo‘lsa-da, ular o‘rtasida birorta muammo yo‘q. Lorisliklar yuksak rivojlangan texnikaga ega, ammo atrof-muhit tozaligiga rioya qilishni qoyillatisharkan. Har kim o‘z sevimli ijodiy ishi bilan mashg‘ul. Barcha og‘ir ishlarni o‘zini o‘zi sozlovchi mexanizmlar bajaradi.

Mahobatli imoratlar, minoralar, saroylarga ega ulkan poytaxt Atissda barcha qulayliklar, bozorlaru restoranlar, istirohat bog‘lari-yu, ulug‘vor haykallar, qabristonu, tomoshagohlar, tamaddixonalaru bolalar o‘ynaydigan qumli maydonchalar va hatto, tiniq suvli daryo bor edi. Istagan narsangning hammasi. Eng qizig‘i, ovqatlanish, kiyim-kechaklar, turarjoy va sayru tomosha-yu, o‘yin-kulgining hammasi bepul. Istalgan kishi istagan narsasini oladi, istagan narsasini beradi va buning bari qandaydir yo‘l bilan muvozanatda ushlab turiladi. Shu bois unda Lorisda pul masalasida muammo tug‘ilgani yo‘q. Hatto, qulfga ham hojat yo‘q edi: Lorisdagi barcha eshiklar oddiygina fikriy buyruq yordamida ochilib-yopilardi.

Ammo bir narsa juda qiziq edi: Jonni qancha sinchkovlik bilan kuzatmasin, unga shuncha Lorisda sayyorani boshqaradigan hukumat yo‘qday tuyulardi. To‘g‘ri, Kelajakni Loyihalashtirish Byurosi rahbari Veerx ismli kimsa hukmdorga o‘xshab ketardi. Lekin u hech qachon farmoyishlar chiqarmas ekan ― faqat vaqti-vaqti bilan iqtisodiy, ijtimoiy va ilmiy voqyealarni bashorat qilarkan, xolos.

Bezik bularni bir necha kun ichida bilib oldi. Bunda unga Xelmis ismli maxsus tayinlangan kuzatuvchi durustgina yordam berdi. Uning aqlliligi, sabr-toqati-yu, topqirligi, behad hazilkashligi, o‘z ishiga tanqidiy ko‘z bilan qaray olishi va farosatliligi Jonniga sira yoqmadi.

Hashamatli mehmonxonadan ajratilgan xonasida hordiq onlari xayolga cho‘mgan Jonni lorisliklar kutish mumkin bo‘lganidan ham ortiq darajada yerlik insonlarning azaliy orzusi ― bekamuko‘st yashashga erishishga qanchalik yaqin turishganini angladi. Aftidan, ular mutlaqo barcha ustunliklarga ega edilar.

yerliklarning o‘zga sayyoraliklar, hatto, eng himmatlilarining ham, musiqasiga o‘ynashni xohlamasliklari aniq.

Bezik lorisliklarning o‘zini o‘tu cho‘qqa urishni yoqtirmasligini, tinchgina uyda o‘tirishni yaxshi ko‘rishlarini, o‘zgalarning hududiga ko‘z olaytirmasligini, hech kimni zabt etishni istashmasliklarini va «bosib olish» tushunchasining o‘zi ularga butunlay yotligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi. Biroq boshqa tomondan, ularning agar yerga nisbatan nimadir qilishmasa, yer ularga nisbatan aniq nimadir qilishini anglab yetmasliklari mumkin emasdi…

Ehtimol, hech qanday muammo paydo bo‘lmasligiyam mumkin. Ehtimol, lorisliklar kabi o‘ta donishmand, ishonuvchan va tinchliksevar xalqda hech qanaqa qurolning o‘zi yo‘qdir.

Ammo ertasi kuni Xelmis unga Qadimgi Sulolaning Fazoviy Flotini tomosha qilishni taklif qilganida Bezik o‘z ehtimollari borasida ikkilanib qoldi.

Ming yillardan beri harakatsiz turgan Flotdagi yetmishta kemaning barchasi parvozga shay holatda edi.

― Bizga tarixdan ma’lumki, qadimgi Sulolaning so‘nggi hukmdori Tormish II tirik o‘zga jonzotlar yashaydigan barcha sayyoralarni zabt etishni reja qilgan ekan, ― tushuntirish berdi Xelmis. ― Yaxshiyamki, niyatini amalga oshirishga kirishishidan ilgariroq xalqimizning aqli kirgan.

― Ammo kemalarni nega saqlab qo‘ygansizlar? ― so‘radi Jonni.

Xelmis yelkasini qisdi.

― Bu bizning o‘tmishda ajdodlarimizning o‘ylamay qilgan ishlardan xotira. Keyin agar bizga chetdan hujum qilib qolishsa… Himoyalanishga urinib ko‘ramiz.

— Chakki o‘ylamabsizlar, ― so‘z qotdi Jonni. O‘zicha chamaladi: yaqin ikki yuz yillar ichida bittagina ana shunday kema yerliklar fazoga olib chiqishi mumkin bo‘lgan barcha kemalarga bemalol qarshi jang qilishi mumkin.

Lorisdagi hayot ana shunday edi. Mutlaqo benuqson. Dahshatga soladigan darajada benuqson.

Rostdan ham u shunchalik bequsurmikan? Jonni ham barcha yerliklar kabi har to‘kisning bir kamchiligi borligiga ishonardi, albatta. Buning ham qandaydir g‘ayriqonuniy yo‘li bo‘lishi kerak, deya o‘ylardi u. Axir hamma vaqt ham barchasi silliq bo‘lavermaydi-ku?!

U tanqidiy ko‘z bilan kuzatardi, chamalardi, taqqoslardi. Lorisliklarda politsiya bo‘lib, «murabbiylar» deyisharkan va ular o‘zlarini favqulodda adabli tutishardi. Biroq mohiyatan politsiyachi edilar. Bu jinoyatning mavjudligini ko‘rsatardi.

Xelmis Jonnining xulosalarini tarqatib yubordi.

― To‘g‘ri, bizda genetik o‘rnatilgan me’yordan chetlashish kabi alohida holatlar uchrab turadi, lekin jinoyatchilik mutlaqo yo‘q. Murabbiylar qonunni ijro etishdan ko‘ra, ko‘proq ta’lim berish bilan shug‘ullanadilar. Istalgan fuqaro o‘z shaxsiy xatti-harakatlari borasida murabbiyning fikri bilan qiziqishga haqli. Agar u bilmasdan qonunni buzgan bo‘lsa, murabbiy buni unga tushuntirib qo‘yadi.

― Keyin hibsga oladimi?

― Yo‘q! Fuqaro uzr so‘raydi va shu bilan masalaga xotima beriladi.

― Agar fuqaro qonunni takror va takror buzsa-chi? Bunda murabbiylar qanday yo‘l tutadilar?

― Bunaqasi bo‘lmaydi.

― Bordi-yu, bo‘lsa-chi?

― Bilishimcha, murabbiylar barcha vaziyatlarga yechim topa oladilar.

― Juda sodda va go‘l ekanlar-ku?! ― shubhali po‘ng‘illadi Jonni.

Murabbiylarni sodda va go‘l deyishga dedi-yu, biroq Lorisda ishlar chindan ham juda yaxshi yo‘lga quyilgandi. Hamma yoqda xursandchilik va mukammallik hukmron. Murabbiylar o‘zlarini favqulodda kamtar tutishardi. Yo‘llarda hech qachon tiqilinchlar bo‘lmasdi, hech kim bir-birining asabini buzmasdi. Millionlab avtomatik tizimlar shaharga hayotiy muhim oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirib, chiqitlarni olib chiqib ketadi. Barcha shod-xurram, boshqalar bilan muloqotdan lazzat oladilar va san’at bilan shug‘ullanadilar.

Haqiqiy jannatning o‘zginasi. Hatto, Bezikning ham buni tan olmasdan iloji qolmadi. Uning kayfiyati tobora tushib borardi.

Jonni zo‘rg‘a ikki hafta chidadi. Keyin bir kuni avtomobil rulida ketayotib (avtomobillar qo‘lda boshqarilardi), burilish signalini bermasdan, mashinani keskin chapga burdi.

Bu paytda ortda kelayotgan mashina uni chap tomondan quvib o‘tmoqchi bo‘lib, endi-endi tezlik olayotgandi. Avtohalokat kelib chiqishiga bir bahya qoldi. Mashinalar aylanib ketib, bir-biriga qarab qolib to‘xtadi. Jonni va narigi mashina haydovchisi chiqishdi.

― Sal ehtiyot bo‘lgin-da, oshna! ― dedi haydovchi quvnoq ohangda. ― To‘qnashib ketishimizga oz qoldi-ya?!

― Ming la’nat, qanaqasiga to‘qnashib ketay, dedik? ― po‘ng‘illadi Jonni. ― O‘zing yo‘limni to‘sding-ku?!

Haydovchi do‘stona kuldi.

― Menimcha unday emas. Kim bilsin, tag‘in… tan olamanki…

― Menga qara, ― gapni shartta bo‘ldi Jonni. ― Sening yaramas diqqatsizliging tufayli ikkovimiz ham sal bo‘lmasa narigi dunyoga ravona bo‘lay dedik.

― Ammo siz, so‘zsiz mendan oldinda edingiz, keskin burilish esa…

Jonni keskin oldinga yurdi va tahdidli ovozda bo‘kirdi:

― Ho‘v, menga qara, bo‘lmag‘ur gapni yig‘ishtir. Sen aybdorsan, deb necha marta aytish kerak?

Haydovchi yana kuldi. Ammo asabiylasha boshlagani sezilib turardi.

― Aybdorni aniqlashni guvohlar sudiga havola etishni taklif qilaman, ― dedi qisqagina qilib u. ― Ishonchim komilki, bu yerda turgan barcha yaxshi kishilar…

Jonni bosh chayqadi.

― Menga hech qanday guvohlarning keragi yo‘q, ― dedi u. ― Nima bo‘lgani va bunda sen aybdor ekaningniyam yaxshi bilaman.

― Aftidan, mutlaqo ishonchingiz komilki…

― Bo‘lmasamchi, ― g‘azab otiga mindi Jonni. ― Bunga ishonchim komil va xuddi shunday bo‘ldiyam.

― Na chora, u holda…

― Nima, u holda?

― U holda, ― dedi haydovchi, ― mening kechirim so‘rashimga to‘g‘ri keladi.

― Ha, eng kamida shunday qilishing kerak, ― dedi Jonni gerdaygancha. Keyin mashinasiga o‘tirdi-da, ruxsat etilmagan tezlikda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Ana shu hodisadan so‘ng Jonni bir oz yengil tortganday bo‘ldi. Ammo baribir lorisliklarning ustunligini hazm qila olmasdi, ularning sermulohazaligi-yu, do‘stona munosabatlari g‘ashiga tegardi.

U xonasiga Lorisda faqatgina tibbiy maqsadlarda ishlab chiqariladigan spirtli ichimlikdan ikki shishasini olib qaytdi. Quyib ichdi va g‘amgin xayollarga berildi.

Ko‘p o‘tmay axloq bo‘yicha maslahatchi kelib, uning shossedagi xatti-harakati uchiga chiqqan qo‘pollik va yovvoyilik ekanini ta’kidladi. Buni u odob bilan bayon qildi, albatta.

Jonni unga daf bo‘lishini aytdi. Maslahatchi esa gapirishda davom etardi. U davolanishni taklif qildi. Hatto, buni qattiq talab qildi ham. Negaki u haddan tashqari yovuzlik va tajovuzkorlikka moyil va bu Loris fuqarolari uchun xavfli emish!

Bezik maslahatchidan yana bir bor yo‘qolishni so‘radi. Maslahatchi esa muammoni hal etmay turib, ketishni istamasdi. Jonni uni eshikdan itarib chiqarib yuborib, muammoni hal etdi-qo‘ydi.

Hayratga tushgan maslahatchi o‘rnidan turdi. Eshik ortidan turib Jonniga ishning barcha jihatlari oydinlashmaguncha hech qayoqqa chiqmay turishiga to‘g‘ri kelishini ma’lum qildi.

― Shunday qilib ko‘ringlar-chi, nima qilarkanman, ― dedi ma’nodor qilib Jonni.

― Tashvishlanmang, ― ishontirdi maslahatchi. ― Bu ko‘p vaqtni olmaydi va noxush hissiyotlar uyg‘otmaydi. Biz madaniyatlarimiz o‘rtasidagi tafovutni yaxshi anglaymiz. Ammo nazorat qilinmaydigan va asoslanmagan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ya olmaymiz ham.

― Agar o‘zlaringiz qitiq patimga tegmasalaringiz, jahlim chiqmaydi, ― dedi Jonni. ― Asosiysi, jahlimni chiqarmanglar va meni qamab qo‘yishni xalyolingizga ham keltirmang.

― Qoidalarimiz mutlaqo kunday ravshan. Hademay, bu yerga murabbiy keladi. U bilan bahslashmaslikni maslahat beraman.

― Bu deyman, o‘zingizga muammo izlayotganga o‘xshaysiz, ― dedi dona-dona qilib Jonni. ― Bo‘pti, ko‘ramiz. Ko‘nglingizga kelganini qiling. Men ham ko‘nglimga kelganini qilaman.

Maslahatchi ketdi. Jonni esa ichib, yana xayolga cho‘mdi. Murabbiy keldi. Qonunning rasmiy vakili sifatida murabbiy Jonnidan so‘zsiz itoatni kutgandi, albatta. Biroq yerlikning buni xayoliga ham keltirmaganini ko‘rib, hayrati oshdi. Bunday bo‘lishi mumkin emas! Murabbiy yangi ko‘rsatmalar olish uchun ketdi.

Jonni esa ichishda davom etdi. Bir soat o‘tgach, murabbiy qaytib kelib, agar bunga zarurat tug‘ilsa, uni kuch ishlatib olib ketish vakolatiga ega ekanini ma’lum qildi.

― Rostdanmi? ― so‘radi Jonni.

― Ha. Xullas, meni bunga majbur etmang…

Jonni uniyam kuch ishlatish zaruratidan xalos etib, eshikdan itarib chiqarib yubordi.

Bezik xonasini chayqalib-chayqalib tark etdi. Murabbiyga hujum qilish ― og‘ir ayb ekanini bilardi. Bundan osongina qutulib keta olmasligi aniq. Kemasiga qaytib, eson-omon bu yerdan juftakni rostlashga qaror qildi. Ular, albatta, uchishga xalaqit qilishlari yoki uni havoda urib tushirishlari mumkin. O‘zlarini qiynab o‘tirishmasa kerak. Qaytanga qutulganlariga quvonishlari turgan gap.

Bezik kemaga biron sarguzashtsiz yetib bordi. Kema atrofida esa yigirma chog‘li ishchi kuymalanishmoqda. Ustaboshiga zudlik bilan uchib ketishi kerakligini aytdi. U esa bunday qila olmasligidan qattiq xijolatda ekanini bildirdi. Dvigatel sochib tashlangan, uni tozalab, zamonaviylashtirishmoqda. Loris xalqining kamtarona va do‘stona tuhfasi emish!

― Menga yana besh kun vaqt bering va siz Orionning g‘arbidagi eng tezuchar kemaga ega bo‘lasiz, ― va’da berdi ustaboshi.

― Jin ursin, zo‘r bo‘lardiku-ya! ― dedi Jonni. ― Quloq soling, men juda-juda shoshyapman. Dvigatelni tezroq yig‘ib, o‘rnatishning sira iloji yo‘qmi?

― Agar kecha-kunduz tinmay va tushlikka tanaffuslarsiz ishlasak, uch yarim kunda do‘ndiramiz.

― Obbo! ― ingradi Jonni. ― Qaysi ahmoq sizlarga kemaga teginsin dedi?

Ustaboshi uzr so‘ray boshladi. Jonni bundan yanada quturib ketdi. To‘satdan to‘rt nafar murabbiyning paydo bo‘lishi, navbatdagi asossiz zo‘ravonlikning oldini oldi.

Bezik ulardan qochib, o‘zini kichik ko‘chalar labirintiga urdi. Ensiz tosh yo‘lakdan qochib bormoqda. Ko‘p o‘tmay, uning yo‘lini yopiq eshik to‘sdi. Unga fikran ochilishni buyurdi. Ochilmadi. Bunday quturib ketgan Bezik fikriy buyrug‘ini takrorladi. Fikriy buyruq shu darajada kuchli bo‘ldiki, natijada atrofdagi boshqa eshiklar ham sharaqlab ochilib ketdi… Murabbiylardan qutulgan Bezik nafas rostlash uchun to‘xtadi.

Buning uzoq davom etmasligi kunday ravshan edi. Birorta reja o‘ylab topish kerak. Ammo butun boshli Loris sayyorasi ta’qib qilayotgan bitta yerlikka qanday reja yordam berishi mumkin? Yarimtayam imkoniyati yo‘q.

Kutilmaganda Jonnining kallasiga bir fikr kelib qoldi: bu yerning hukmdorini topib, agar odamlari esini yig‘ib olmasa, uni o‘ldiraman, deb qo‘rqitish.

Lekin bu fikrning bir kamchiligi bor edi ― bu xalqda hukmdorning o‘zi yo‘q. Lorisliklarning insonlarga o‘xshamaydigan xususiyati.

Shunga qaramasdan, ularning bir nechta o‘ta muhim amaldorlari bor edi. Masalan, Veerx. Albatta, bunday katta odamni qo‘riqlashlari aniq. Biroq lorisliklarning bunga aqllari yetmagan bo‘lishlari ham mumkin. Biram sodda odamlarki.

Topdi! Mana, o‘sha butun boshli sayyoraning nozik tomoni. Aholisi juda sodda va go‘l. Bundan foydalanib qolmaslik esa ― gunoh.

O‘tkinchi unga do‘stona jilmaygancha manzilni tushuntirdi. Kelajakni Loyihalashtirish Byurosiga to‘rt kvartal qolganida Bezikni yigirma kishidan iborat murabbiylar to‘dasi to‘xtatdi.

Ular uning taslim bo‘lishini talab qilishdi. Talab shu darajada ishonchsizlik bilan aytildiki… Jonnining miyasiga ularga faqat hibsga olish buyurilgan va buni ilk bor qilishmoqda, degan fikr keldi. Birinchidan, ular tinchliksevar, sermulohaza fuqarolar, ikkinchidan ― politsiyachilar.

― Kimni hibsga olmoqchisizlar? ― so‘radi u.

― Jonni Bezik ismli o‘zga sayyoralikni, ― dedi katta murabbiy.

― Buni eshitganimdan xursandman, ― dedi Jonni. ― U mengayam juda ko‘p yomonlik qilgan.

― Ammo o‘sha siz…

Jonni xoxoladi.

― Hafsalangizni pir qilayotganimdan juda afsusdaman, biroq o‘sha men emasman. Lekin bizning bir-birimizga o‘xshab ketishimizdan xabarim bor.

Murabbiylar yuzaga kelgan holatni muhokama qila boshladilar.

Jonni gapida davom etdi:

― Quloq soling, do‘stlarim. O‘zim anavi uyda tug‘ilganman, meni xotinim va to‘rt farzandim bilan qo‘shib hisoblaganda yigirmatacha kishi tanishi mumkin. Sizga yana qanaqa isbot kerak?

Murabbiylar yana kengasha boshladilar.

― Buning ustiga, ― bo‘sh kelmadi Jonni, ― nahotki, chindan ham meni o‘sha xavfli va betiyiq jinoyatchi, deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz? Fikrimcha, bunday emasligini o‘zingiz ham tushunib turibsizlar.

Katta murabbiy uzr so‘radi.

Jonni esa yo‘lida davom etdi. Maqsadga erishishiga bir kvartal qolganida Bezik murabbiylarning yangi guruhiga ro‘baro‘ keldi. Ular orasida sobiq gid Xelmis bor ekan. Bu guruh ham unga taslim bo‘lishni taklif qildi.

― Mening bunga vaqtim yo‘q, ― dedi Bezik. ― Buyruqlaringiz bekor qilingan. Hoziroq sizlarga kimligimni oshkor etishga vakolatim bor.

― Biz sizning aslida kim ekaningizni yaxshi bilamiz, ― dedi Xelmis.

― Agar bilganingizda uni oshkor qilishimga hojat qolmasdi, to‘g‘rimi? Diqqat bilan eshiting. Men lorislikman, bundan ko‘p yillar muqaddam o‘ta muhim topshiriqni bajarish uchun meni tajovuzkorlikka o‘qitishgan. O‘sha topshiriq bajarildi. Rejalashtirilganidek, men qaytib keldim. Lorisdagi hayotni tekshirib ko‘rish uchun bir-ikki joyda tajribalar o‘tkazdim, xolos. Natijalar esa o‘zingizga ma’lum. Ammo ular irqning yashab qolishi nuqtai nazaridan juda tashvishli. Men zudlikda ushbu muammoni Kelajakni Loyihalashtirish Byurosida Bosh Loyihachisi bilan muhokama qilishim zarur. Darvoqye, sizlarga yana mutlaqo maxfiy bir sirni aytib qo‘yay, ahvolimiz o‘ta jiddiy va o‘ylab o‘tirishga deyarli fursat qolmagan.

Shoshib qolgan murabbiylar Jonnidan aytgan gaplarini tasdiqlashini talab qildilar.

― Aytdim-ku, vaqt g‘aanimat, deb. Agar bunga vaqtim bo‘lganida bajonidil tasdiqlab bergan bo‘lardim.

― Janob, bizga buyruq bo‘lmaguncha ketishingizga yo‘l qo‘ya olmaymiz.

― U holda sayyoramizning ehtimoliy halokati sizlarning vijdoningizga havola.

― Unvoningiz qanaqa, janob? ― so‘radi ofitser-murabbiy.

― Har holda siznikidan baland, ― tez javob berdi Jonni.

Ofitser qarorga keldi.

― Qanday buyruq bo‘ladi, janob?

Jonni jilmaydi.

― Xotirjamlikni saqlang. Vahimani quving. Kelgusi ko‘rsatmalarni kuting.

Bezik ishonch bilan yo‘lini davom ettirdi. Byuro eshigiga yetib ham keldi va fikran eshikka ochilishni buyurdi. Eshik ochildi. Ammo kirishga ulgurmadi.

― Qo‘lingizni ko‘taring va eshikdan nari keting! ― degan keskin buyruq eshitildi orqa tarafdan.

Bezik o‘girilib, o‘n chog‘li murabbiy turganini ko‘rdi. Hammasi qurollangan.

― Otishga haqqimiz bor, ― ogohlantirdi ulardan biri. ― Aldayman, deb ovora bo‘lmang. Bizga gaplaringizga quloq solmaslik va qanday bo‘lmasin sizni qo‘lga olish buyurilgan.

― Sizlarga sira gap uqtirib bo‘lmas ekanda?!

― Endi yuring.

― Qayoqqa?

― Qamoqxonaga. Siz uchun eski qamoqxonalardan birini maxsus ochdik. Barcha sharoit yaratiladi, albatta. Sudya o‘zga sayyoradanligingiz va madaniyatingizning past darajasini hisobga olgan holda ishingizni ko‘rib chiqadi. Shubhasiz, ogohlantirish olasiz, va o‘ylaymanki, Lorisni zudlikda tark etasiz.

― Shunaqa deng?! Rostdan ham shunday oson qutulamanmi?

― Bizni shunday, deya ishontirishdi, ― dedi murabbiy. ― Biz ongli va rahmdil mavjudotlarmiz. Sizning qahramonona qarshiligingiz yuqori baholangan.

― Minnatdorman.

― Endi esa bunga xotima berildi. O‘z ixtiyoringiz bilan taslim bo‘lasizmi?

― Yo‘q.

― Kechirasiz, tushunmadim.

― Sizlar men, umuman, yerliklar haqida hech nima bilmaysiz va tushunmaysizlar ham. Men manavi eshikdan kirmoqchiman.

― Agar bunday qilsangiz otishga majbur bo‘lamiz.

― Mayli, otaveringlar, ― dedi Jonni. ― Padariga la’nat hammasining!

Va o‘zini eshikdan ichkariga urdi. Murabbiylar esa otishmadi. Kelajakni Loyihalashtirish Byurosi yo‘lagidan keta turib, orqa tarafdan murabbiylarning bahslashayotganini eshitdi.

     Ko‘p o‘tmay u Bosh Loyihachi Veerxga ro‘baro‘ keldi. U mittigina va juda bosiq kishi ekan.

― Salom, ― dedi Bosh Loyihachi. ― Marhamat, o‘tiring. Men hozirgina yer va Loris o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar bashoratini tugatdim.

― Bu gapni qo‘ying, ― maslahat berdi Jonni. ― Mening bir-ikkita osongina iltimosim bor, va ishonchim komilki, ularni mamnuniyat bilan bajarasiz. Yo‘qsa…

― Buni bilib qo‘yish siz uchun juda qiziqarli, deb o‘ylayman, ― uning gapini bo‘ldi Veerx, ― biz yerliklarning ruhiy fe’l-atvoriga doir xususiyatlarni lorisliklarniki bilan taqqoslab ko‘rib, xulosa chiqardik. Hukmronlik uchun o‘rtamizda to‘qnashuv yuz berishi aniq. Buning tashabbuskori esa sizlar bo‘lasizlar. Siz yerliklar kim zo‘rligini aniqlamaguncha tinchimaysizlar. Taraqqiyot darajangizni hisobga oladigan bo‘lsak, shunday yo‘l tutishingiz turgan gap. To‘g‘ri, texnika nuqtai nazaridan sizlarda birortayam imkoniyat yo‘q. Biz sanoqli lahzalarda sizning istalgan flotingizni yo‘q qilib yuborishimiz mumkin.

― U holda xavotirga tushmasangiz ham bo‘larkan.

― Biroq texnika borasidagi ustunlik ruhiyat kabi muhim ahamiyatga ega emas. Siz, yerliklar, yetarlicha aqllisizlar va bizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qilmaysizlar. Kelishuvlar, tahdidlar, qoida buzishlar, yana kelishuvlar, hujum, izoh berishlar, bostirib kirishlar, janglar va hokazolar. To‘g‘ri va aqlli yechim topishni istab o‘zimizni go‘yoki sizlar mavjud emasdek tuta olmaymiz ham. Bu xuddi sizlar uchun bizni tinch qo‘yishning iloji yo‘qligi kabi, biz uchun ham ilojsiz. Bizlar rostgo‘y, bosiq va halol mavjudotlarmiz. Sizning xalqingizga esa tajovuzkorlik, salga lovullab ketish va hayron qolarli darajadagi makkorlik xos. Barcha holatlarni hisobga olsak, biz, sizlarga ruhiy jihatdan qarshilik ko‘rsata olmaymiz.

― Hmm, Buni qarang-a! ― dedi Jonni. ― Bunaqa gaplarni eshitish juda g‘alati bo‘larkan. Mening biror maslahat berishim tentaklik bo‘laru ammo o‘ylab ko‘ring, barini yaxshi tushunarkansiz, nega bunga moslasha qolmaysizlar?

― Hyech kim o‘z istagiga qarab madaniyatini bir lahzada o‘zgartira olmaydi, ― dedi Bosh Loyihachi. ― Xo‘p, o‘zimizni o‘zgartira oldik ham deylik. Bunda biz sizlarga o‘xshab qolamiz-ku?! Ochig‘ini aytganda, bu bizga to‘g‘ri kelmaydi.

― Ha, bu tabiiy, ― dedi tan olib Jonni.

― Mo‘’jiza yuz berib, xalqimiz jangarilikni o‘zlashtirdi ham deylik. Bari bir sizlar ming-ming yillar davomida tajovuzkorlik yo‘lidan borib o‘zlashtirganingizni biz, bir necha yil ichida o‘zlashtira olmaymiz. Qurollar borasidagi ustunligimizga qaramasdan, biz, aftidan, mag‘lubiyatga mahkummiz. Negaki, bu o‘yinda siz joriy etgan qoidalarga asosan o‘ynashimizga to‘g‘ri keladi.

Jonnining ko‘zlari qisildi. Uning fikrlari boshqacha yo‘ldan keta boshlagandi. Lorisliklar juda ishonuvchan, haddan tashqari sodda va go‘l mavjudotlar. Biron-bir tinchlik bitimini bahona qilib, kutilmaganda ularning kemalaridan birortasini qo‘lga kiritish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Balki ikkita yoki uchtasini… Keyin esa…

― Ko‘rib turibman, siz ham xuddi shunday fikrga keldiniz, ― ta’kidladi Veerx.

― Biz chindan ham, sizlardan farqli o‘laroq, birinchi bo‘lishga jon-jahdimiz bilan yopishamiz, ― dedi Jonni. ― Lorisliklar haddan tashqari halol kishilar, ular hamisha, hatto, bu hayot-mamot masalasi bo‘lsa ham, qoidalarga amal qiladilar. Biz, yerliklar esa, unchalik iymanib o‘tirmaymiz, g‘alabaga erishish uchun hech narsadan jirkanmaymiz ham. Siz sayyorangizni himoya qila olmaysiz.

― Bizning taqqoslash xulosalarimiz ham shunday, ― dedi Veerx. ― Biz, xullas, vaqtni tejash va xalqimizni xavf ostida qoldirmaslik uchun hoziroq sizni hukmdorimizga aylantirishga qaror qildik.

― Nima???

― Bizga hukmdor bo‘lishingizni istaymiz.

― Shaxsan men-a?!

― Ha, shaxsan siz.

― Hazilni yig‘ishtiring, ― to‘ng‘illadi Jonni.

― Buning mutlaqo hazili yo‘q, ― qat’iy dedi Veerx. ― Biz, lorisliklar hech qachon aldamaymiz va buni siz yaxshi bilib olgansiz. Men sizga bashoratni yetkazdim. Boshqa o‘ylardan o‘zini soqit qilib, kerakli qarorni qabul qilish ― eng aqlli ish bo‘lgan bo‘lardi. Bizga hukmdor bo‘lishga rozimisiz? Agar istamasangiz ― ushbu lavozimga boshqa birorta yerlik nomzodni ko‘rsatib, uning bu yerga yetib kelishiga yordam bera olasizmi?

― Rosa kutilmagan taklif bo‘ldi-ku?! ― dedi o‘ziga o‘zi Jonni. ― Qanaqa, jir ursin, boshqa nomzod? Bo‘pti, sizning sayyorangiz bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri keladi. Men sizlarga shafqatli hukmdor bo‘laman, chunki menga yoqib qoldingiz.

― Sizdan minnatdormiz, ― dedi Veerx. ― Ruhan bajarib bo‘lmaydigan vazifani yuklamaguningizcha bizga hukmdorlik qilish qiyinchilik tug‘dirmasligiga hali o‘zingiz amin bo‘lasiz. Ammo vatandoshlaringiz sizga bunday taklifni hech qachon qilmasalar kerak. Buning ularga yoqmasligi aniq.

― Ha, nimasini aytasiz… ― istehzoli kuldi Jonni. ― Ular sizlar kabi sodda va go‘l emaslar. Shunday qilgan taqdirlarida ham meni taxtdan qulatish va o‘rnimga o‘z yigitlaridan birortasini o‘tqazish uchun hech nimadan qaytishmaydi. Biroq siz lorisliklar meni qo‘llab-quvvatlarsiz?

― Xislatlarimiz o‘zingizga ma’lum. Siz uchun kurashishga tayyormiz. Biroq biz, hukmdorlik vakolatiga ega kishigagina bo‘ysunamiz.

― Aftidan, sizlardan boshqasini kutib bo‘lmaydi, ― dedi Jonni. ― yerga qarshi kurash uchun mutlaqo yaramaysizlar. Judayam soddasizlar, o‘z mustaqilligingizni saqlab qolishga qodir emassizlar. Buni biz, mustaqillik uchun ming-ming yillar davomida kurashgan yerliklar qila olamiz. yerdan bir nechta ishonchli va sodiq yigitlarni chaqirtirib olaman… Ha-a, ishning bu yog‘i rosa g‘alati bo‘ldi-ku?!

― Afsuski, bunda sizga yordam bera olmayman, ― dedi Bosh Loyihachi. ― Tan olishim kerakki, bunaqa ishlarni sira tushunmayman.

Jonni qovog‘ini uyib, peshanasini artdi, so‘ng boshini qashidi. Keyin dedi:

― Xo‘sh… Bo‘ldi, men nima qilishim kerakligini tushundim, siz-chi?

― O‘ylashimcha, buning ko‘plab yo‘llari bor.

― Yo‘li faqat bitta, ― chertib-chertib gapirdi Jonni. ― Ertami-kechmi yerni zabt etishim kerak. Yo‘qsa, ular meni zabt etadilar. Ya’ni bizni. Bu shundog‘am tushunarli emasmi?

― Shunday bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas.

― Bu ayni haqiqat! Yo men ularni yoki ular meni.

Bir oz jim turgach, Jonni davom etdi:

― Bunday bo‘lishi yetti uxlab tushimga ham kirmagandi. Ikki hafta ichida oddiy samoviy uchuvchidan butun boshli sayyora hukmdoriga aylanish hazil gapmi. Endi yerni zabt etishim kerak va bu fikrga bir oz ko‘nika olmay turibman. Darvoqye, bundan faqat o‘zlariga yaxshi bo‘ladi. O‘sha maymunlarga taraqqiyot olib kelamiz, ularga qanday yashash kerakligini o‘rgatib qo‘yamiz. Vaqti kelib, rahmat ham aytishadi.

― Menga biror topshirig‘ingiz bormi? ― so‘radi Veerx.

― Qadimgi Sulola Floti haqida barcha ma’lumotlarni olishni istayman. Ammo bundan oldin, adashmasam, toj kiydirish marosimini o‘tkazish kerak. Yo‘q, oldin meni imperator deb e’lon qiluvchi referendum, keyin toj kiydirish marosimi o‘tkazilishi kerak. Buni hal qila olasizmi?

― Zudlik bilan shu ishga kirishaman, ― dedi Bosh Loyihachi.

O‘zlarining soddaliklari va himoyasizliklarini ko‘rsatsalar-da, lorisliklar shunday yo‘l bilan jangari hukmdorga ega bo‘ldilar. Fazoviy flotiga yollama uchuvchilarni, albatta, yerdan tanlab oladi. Jangavor harakatlar esa bevosita yer va uning atrofida bo‘ladi.

Axir, lorisliklar insonlar bilan urush olib borishga haddan tashqari soddalik va go‘llik qiladilar.

Rus tilidan

Nurpo‘lat NURQULOV tarjimasi

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech