22 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +30,5 °C

Kеyingi avlod
13 Aprel  2019 1041

Sinfda nechta o‘quvchi bor?

“O‘g‘lim birinchi sinfda o‘qiydi. Lekin tabiatan bo‘shroq. Chaqqon, pishiqqina emas. Har kuni nimadir yo‘qotib keladi. O‘quv yili oxirlayapti. Shuning uchun bunga ham ko‘nikib qoldim. Ammo shu fe'l-atvori sababmi yoki sinfida o‘quvchi soni ko‘pligidanmi darsni o‘zlashtirishi ham qiyin bo‘lyapti. Sinfda 39 o‘quvchi o‘qiydi”.

Poytaxtlik Dilobar Abdullayeva bu borada o‘g‘lining o‘qituvchisi, maktab direktori va maktab psixologiga bir necha bor murojaat qilgan. U farzandining yaxshi bilim olishini istaydi.

Birinchi sinfga keluvchi bolalarning ko‘plab murojaat qilgani sabab, ba’zi boshqa maktablarga o‘xshab bu ta’lim muassasasining 1-sinf o‘qituvchilari 40 tagacha o‘quvchi olgan. Aslida bolalar soni qancha bo‘lishi kerak?

Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, bitta sinfda o‘quvchilar soni 35 nafardan oshmasligi belgilangan. Ammo yaxshi o‘qituvchilar bor deya taxmin qilingan maktablarda o‘quvchilar soni 45 tagacha yetadi.

Psixologlarning fikricha, kishi bir vaqtning o‘zida maksimum 7 ta ob’ektni qamrab olishi mumkin. Bundan kelib chiqadiki, o‘qituvchi bir paytning o‘zida 7 nafar bolaga chin ma'noda e'tibor qarata oladi. Sinflarda o‘quvchilar soni uzog‘i bilan 25 nafardan oshmasligi kerak. Finlyandiyada 25 nafar o‘quvchiga fanni ikkita o‘qituvchi o‘tadi. Bizda esa bitta o‘qituvchiga 40 talab o‘quvchi biriktirilgan.

Endi aytingchi, natija qanday bo‘ladi? Bunaqada bola bilan individual shug‘ullanish imkoni bormi?

Sinflarda o‘quvchilar sonining me’yoridan ko‘pligi bilimli bolaning yetishib chiqish ehtimolini pasaytiradi. Bu borada izchil o‘zgarishlar qilish shart. Zero, maktabni isloh qilmay turib iqtisodiyotni rivojlantirib bo‘lmaydi.

Ayni mavzuda izlanish jarayonida yurtdoshlarimizning fikri bilan qiziqdik.

– Qizim uch kundan buyon maktabga bormiyman, dars qilmayman deb xarxasha qiladi, – deydi Latofat Sa’dullayeva. – Botanika darsida doskaga chiqishga vaqt yetmagani uchun o‘qituvchisi keyingi darsda so‘rashini aytibdi. Kecha boshqa fanidan shunday bo‘lgandi. Avvalgi kuni uy vazifasini bajaribsan deb og‘zaki so‘ramagan ekan. Bu hol tez-tez takrorlanib turadi. U hatto o‘qishdan sovib ketayotgandek.

– O‘g‘lim 1-sinfda o‘qiydi, – deydi Ra'no Qayumova. – O‘quvchi ko‘p, parta yetishmaydi. Oxirgi ikkita partada uchtadan o‘tirishadi. O‘qituvchisi ularning o‘tirish joyini almashtirib turadi. Bu yaxshi. Lekin ularning orasida men faqat shu partada o‘tiraman deb, yig‘lagan, xarxasha qilgan bolalarni ham ko‘rganman. Hamma ota-ona farzandi oldi partada yoki bemalol o‘tirib dars qilishini, o‘zlashtirishini xohlaydi. Lekin ahvol o‘zingizga ma'lum.

– Tushunaman o‘qituvchilar kam, ehtimol maktablar ham kamdir, – deydi Avazbek Xudoyberganov. – Lekin o‘quvchilar 20ta bo‘lsa o‘zlashtirish ham yaxshi bo‘lardi. Men chekka tuman maktabida o‘qiganman. Sinfimizda 17 o‘quvchi bo‘lganmiz. Bemalol dars qilardik. O‘qituvchimiz hamma bilan muloqot qilishga, so‘rashga ulgurardi.

Poytaxtimizda 300dan ortiq maktab bor. O‘quvchilar soni ko‘pligi uchun bir qator maktabda bu qoidalar buzilganini ko‘rish mumkin. Maktablar 1000 o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, bor-yo‘g‘i 300-400 nafar o‘quvchi o‘qiydiganlari ham bor.

Buning sababi nima?

O‘quvchilar soni yaxshi ta’lim beriladigan maktablarda ko‘p bo‘lishi tabiiy hol. Ota-onalar ham sifatli ta’lim beriladigan maktabga farzandini berishga harakat qiladi Qonunchilikda bu borada cheklov bo‘lsa-da, ota-onalar bu talablarni buzadi.

Natija esa o‘zingizga ma’lum.

Ta’lim sohasidagi islohotlar jarayonida ota-onalar ham qonun-qoidalarga amal qilsa islohotlar samarasi ham tezroq ko‘rinadi. Farzandlarimiz ham yuksak salohiyatli bo‘ladi.

Mehrangiz Usmonova.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech