04 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +15,9 °C

Xalqaro hamkorlik
18 Mart  2020 607

Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonni koronavirusga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlaydi

AQSh elchixonasi koronavirus kasalligiga qarshi kurashish uchun O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga shaxsiy himoya vositalarini topshirdi.

17-mart kuni AQSh elchixonasi yangi koronavirus kasalligi COVID-19 tarqalishiga tayyorgarlik ko‘rishi uchun O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga ikkinchi xayriya yordami sifatida shaxsiy himoya vositalarini topshirdi.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) koronavirusdan zarar ko‘rgan yoki uning tarqalishi xavfi yuqori bo‘lgan mamlakatlar, shu jumladan O‘zbekiston uchun, yuqumli kasalliklar bo‘yicha favqulodda zahira fondidan qo‘shimcha mablag‘ ajratdi.

AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniel Rozenblyum mamlakat tayyorgarligini yuqori baholadi.  U shunigdek,  COVID-19 ga tayyorgarlik ko‘rish va tegishli javob qaytarishda USAID O‘zbekistonni kelgusida ham qo‘llab-quvvatlashi va ko‘mak berishini ma'lum qildi.

USAID taqdim etgan shaxsiy himoya vositalari tarkibiga 10 000 ta qo‘lqop, 10 200 ta niqob, 1 400 ta maxsus xalat va 200 ta ko‘zoynak kiradi. Ular butun O‘zbekiston bo‘ylab viloyat markazlari va shaharlarda tarqatiladi.

«Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati nomidan koronavirus infeksiyasiga qarshi tayyorgarlik va javob choralarini ko‘rishda O‘zbekiston Respublikasiga ko‘rsatgan yordami uchun Amerika Qo‘shma Shtatlariga chuqur minnatdorlik bildiramiz. Biz vatandoshlar salomatligi va farovonligini oshirish borasidagi yaqin hamkorligimizni yuksak qadrlaymiz», – dedi bosh sanitar vrach va agentlik direktori Bahrom Almatov.

AQSh dunyo bo‘ylab sog‘liqni saqlashda ko‘maklashuvchi eng yirik davlatdir. O‘tgan o‘n yil ichida amerikalik soliq to‘lovchilar dunyo aholisi hayotini saqlab qolish, eng zaif qatlamni himoya qilish hamda dunyo hamjamiyati va xalqlar barqarorligini targ‘ib qilish uchun USAID va AQSh Davlat departamenti orqali 90 milliard dollardan ortiq mablag‘ taqdim qilgan. USAID sarmoyalari halokatli patogenlar nazoratini yaxshilash, laboratoriya tizimlarini mustahkamlash, xabardorlikni oshirish, halokatli kasallik avj olishiga qarshi kurashish va mikroblarga qarshi preparatalarga o‘sib borayotgan tahdidlarga qaratilgan chora-tadbirlarga yo‘naltirilgan, deb xabar beradi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech