24 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +30,5 °C

Mamlakatimizda
27 Mart  2019 1420

Sherzod Shermatov Prezident maktablariga qabul jarayoni haqida fikr bildirdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov va vazirlikning boshqa mas’ullari bilan “O‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish bilan bog‘liq muammolar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tgan edi.

 

Ta’lim muassasalaridagi mavjud kamchiliklar, o‘qitish tizimida yo‘l qo‘yilayotgan nuqsonlarning oldini olish, o‘quvchilardan asossiz pul yig‘ishlarni to‘xtatish maqsadida maktablarda Kuzatuv kengashlari tuzilayotgani ma’lum qilindi. Kengash tarkibi asosan ota-onalardan iborat bo‘lib, ular direktor faoliyatini nazorat qiladi. Bu loyihaga Angliyadagi School Board tajribasi ilhom bergani aytib o‘tildi.

– Respublikadagi eng katta ish beruvchi davlat tashkiloti Xalq ta’limi vazirligi hisoblanadi, – dedi vazir Sherzod Shermatov. – Maktablarni bilimli va malakali o‘qituvchilar bilan ta’minlash, pedagog kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish asosiy vazifamizdir. Hozir tizimdagi o‘qituvchilarning 62 ming nafari o‘rta maxsus ma’lumotli. Biroq sohadagi islohotlar va jamiyatda o‘qituvchi maqomining ko‘tarilishi natijasida 37 ming nafar oliy ma’lumotli o‘qituvchi maktablarga qaytib keldi.

– Bugun mamlakatimizdagi maktablardagi ahvol qanday?

– O‘zbekistondagi maktablarning to‘rtdan birida suv yo‘q. Mingdan ziyod maktab hamon “burjuyka” pech orqali isitiladi. Chegara hududlarda joylashgan maktablarda xavfsizlik nol darajada. Biz hali robototexnika yoki kosmosga uchish haqida gapirmay qo‘ya qolaylik, avval maktablardagi toza suv va isitish muammosini hal etib olaylik.

Matbuot anjumanida Sherzod Shermatov Prezident maktablariga qabul jarayoni haqida fikr bildirdi.

– Prezident maktablariga o‘quvchilar faqat bilimiga qarab qabul qilinadi. Hech qanday tanish-bilishchilik, pul, iltimoslarga aslo yo‘l qo‘yilmaydi. Prezidentimiz maktabga qabul jarayonini baholash uchun eng yuqori tajribaga ega xorijiy mutaxassislarni olib kelish talabini qo‘ydi. Shuning uchun biz bir qancha davlatlarda mavjud amaliyotni o‘rgandik, tahlillarimizdan so‘ng Cambridge universitetining Cambridge Assessment kompaniyasini tanlab oldik. Bu test o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi dunyodagi eng nufuzli tashkilotlardan biri hisoblanadi. O‘quvchi-nomzodlarni Prezident maktablariga qabul qilishni Cambridge Assessment to‘liq nazorat qiladi. Maqsad – halol raqobat asosida iqtidorli, ilmga chanqoq yoshlarni tanlab olish.

Vazir OAVning maktabda o‘qituvchilardan keraksiz hujjatlarning so‘ralishi, ularni turli ishlarga jalb etish, shuningdek, repetiterlik qilishda qonuniy asoslarning mavjudligi haqidagi savollariga ham javob qaytardi.

Mehrangiz Usmonova

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech