19 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +18,5 °C

Ijtimoiy hayot
1 Aprel  2019 1002

Sherzod Shermatov Buxoroda boshqa viloyatlarga qaraganda ta’lim sifati nima sababdan yuqoriligini aytdi

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov viloyatlarda ta’lim darajasini tahlil qila turib, Buxoro viloyatida ta'lim ko‘rsatkichi yuqori ekanligi sabablarini o‘zining Facebook’dagi sahifasida keltirdi.

 

Buxoro viloyatida o‘qituvchiga bo‘lgan o‘ziga xos hurmat saqlanib qolingani tufayli boshqa viloyatlarga nisbatan ta'lim sifatining ancha yuqori ekanini ko‘rsa bo‘ladi, deydi vazir.

«DTMdan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili oliy ta'lim muassasalarida o‘qish uchun hujjat topshirgan abiturientlarning imtihondan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘qishga tavsiya etilgan ulushi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatgichga ega viloyat bu Buxorodir — 20%. Respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich esa atigi 11% tashkil qilgan.

Shu o‘rinda, ko‘pchilikka ma'lum bo‘lgan Qorako‘l tumanidagi matematika bo‘yicha mashhur maktab (1-IDUMI) haqida alohida to‘xtalib o‘tishni lozim topdim. Maktab tashqaridan oddiygina ko‘rinsa-da, maktab o‘quvchilari erishgan muvaffaqiyatlari orqali alohida tahsinga loyiq.

Maktab direktori va o‘qituvchilari bilan suhbat davomida ushbu ta'lim maskani erishgan muvaffaqiyatlarning bir qator sabablari aniqlandi:

1) O‘z kasbiga fidoyi bo‘lgan ustozlar.

1-IDUMI asoschisining shogirdi hozir direktor lavozimida ishlasa-da, o‘z ustozi haqida alohida ehtirom bilan so‘zlab berdi. Umuman bu dargohda o‘qituvchiga bo‘lgan hurmat boshqa ta'lim muassasalariga qaraganda o‘zgacha. Buxoro viloyatining boshqa tumanlaridagi maktablarda ham ustozlarga bo‘lgan e'tibor sezilarli ravishda yuqori ekani diqqatimizni tortdi. Oddiy misol: ko‘rgan maktablarimizning deyarli barchasida faoliyat yuritgan ustozlar haqida maktab yo‘laklarida alohida stendlar joylashtirilgan va ular yosh avlodga o‘rnak qilib ko‘rsatilmoqda. Natijada, ko‘pchilik yaxshi o‘quvchilar universitetni bitirib, o‘zlari o‘qituvchi bo‘lib, aynan o‘zlari bitirib ketgan maktablariga qaytmoqdalar. Bu esa o‘z navbatida maktablardagi sifatni boshqalarga nisbatan yaxshiroq ushlashga imkoniyat yaratmoqda.

2) Tanlov imtihonlarining halol o‘tkazilishi natijasida eng kuchli o‘quvchilarni tanlanishi.

Bilimli o‘quvchilarning tanlab olinishi natijasida bu yerda o‘ziga xos muhit shakllangan. Ya'ni bu dargohda kuchli o‘quvchilar yig‘ilgani sababli, ularni o‘qishga majbur qilishga hojat yo‘q. Ular orasidagi o‘zaro raqobat tufayli ta'lim sifati natijalari yanada yaxshilanib boraveradi.

3) Mahalliy hokimiyat yoki ota-onalar ushbu maktabning qabul imtihoniga aralashmasdan, balki halol o‘tkazilishiga yordam berishidir;

4) O‘quvchilar orasida qat'iy tartib intizom va o‘qituvchilarning o‘z ishiga mas'uliyat bilan yondashishi.

Misol uchun, o‘quvchilar maktab hududida oddiy mobil telefonlardan foydalanishi qat'iyan taqiqlangan. Bu qoida nafaqat o‘quvchilar, balki, o‘qituvchilar uchun ham dars vaqtida qat'iy cheklangan. Direktor hatto ba'zida ataylab boshqa telefon raqamdan o‘qituvchiga telefon qilib, dars vaqtida o‘qituvchi telefondan foydalanyaptimi yo‘qmi tekshirib ko‘rarkan.

5) Direktor tomonidan anonim takliflar uchun quti o‘rnatilgan. Bundan tashqari rahbar o‘qituvchilar va o‘quvchilarning takliflarini tizimli ravishda eshitib borar ekan. Bu esa maktab faoliyatini doimiy takomillashtirib borish uchun imkoniyat yaratadi.

Ushbu maktab salohiyatini yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Prezidentidan uning negizida Xalqaro matematika maktabi tuzish bo‘yicha tashabbus bo‘ldi.

Buxoroning ta'limga bo‘lgan e'tiborining kuchli ekanini inobatga olib, Prezident tomonidan Birlashgan Arab Amirliklaridagi xalqaro maktablar tajribasini o‘rganish va yana bir shunday maktabni Buxoroda tashkil etish bo‘yicha ham topshiriq bo‘ldi.

DTMga bog‘liq ushbu mavzuni «Ma'rifat» gazetamiz birinchi bo‘lib ko‘tarib chiqqani uchun e'tibor qaratgandim. Raqamlarni olib tahlil qilinsa, viloyatlar orasidagi ancha katta farqni ko‘rsa bo‘larkan. Ikkinchi tomondan, gazetalar majburiy obunadan raqobat muhitiga o‘tgandan keyin o‘z ustida ishlab, gazeta mushtariylarini jalb etish uchun bu kabi tahliliy maqolalar ustida ishlashga o‘tganini ham yaxshi ko‘rsatgich deb baholasa bo‘ladi».

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech