19 Aprel 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +15,2 °C

Hukumat
14 Yanvar  2019 1302

Shavkat Mirziyoyev: Milliy ruh kuchli bo‘lsa, iroda, jangovar salohiyat ham yuqori bo‘ladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga muvofiq Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 27 yilligi munosabati bilan bir guruh harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari harbiy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi.

 

14-yanvar kuni ana shu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Davlatimiz rahbari, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev yig‘ilganlarni Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklab, ularga mukofot topshirishni yuksak sharaf deb bilishini ta’kidladi. 

– Bu mukofotlar sizlarga aynan Vatan himoyachilari kunida topshirilayotganida chuqur ramziy ma’no bor. Biz bu bayramda Qurolli Kuchlarimizni, barcha askar, serjant, ofitser va generallarni, muhtaram faxriylarimizni sharaflaymiz, ularga eng ezgu tilaklarni bildiramiz. Sizlarning timsolingizda hozir butun armiyamizni, barcha harbiylarimizni qutlab turgandek bo‘layapman. Jonajon Vatanimiz himoyasi va tinchligi yo‘lidagi fidokorona xizmatingiz va jasoratingizni hammamiz yaxshi bilamiz, yuksak qadrlaymiz. Shu ma’noda, bu mukofotlarni xalqimiz va davlatimizning Qurolli Kuchlarimizga, uning barcha shaxsiy tarkibiga ko‘rsatayotgan cheksiz ehtiromi sifatida qabul qilishingizni istayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Mamlakatimizning yangi Mudofaa doktrinasi asosida Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini yuksaltirish, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikalar bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarning jismoniy va intellektual tayyorgarligini oshirish bo‘yicha ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Harbiy qism va bo‘linmalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, poligonlarda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. Harbiylarni uy-joy bilan ta’minlash, oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash uchun munosib shart-sharoitlar yaratilmoqda. 

Mudofaa tizimida inson omili hal qiluvchi rol o‘ynaydi. O‘z qasamyodiga sodiq, keng bilim va malakaga ega, aql-zakovatli, mard va azmu shijoatli harbiylar armiyaning qudratli kuchidir. G‘alabani ta’minlaydigan ham, shaxsiy tarkibni tarbiyalaydigan va o‘z ortidan ergashtiradigan ham shular.

– Har qanday tahdid va xatarlarga munosib zarba berishga tayyor milliy armiyamiz – xalqimiz, mamlakatimizning ishonchli va mustahkam qalqonidir. Shuning uchun biz hozirgi kunda harbiy kadrlarning jangovar qobiliyati va tayyorgarligi bilan birga vatanparvarlik tarbiyasiga jiddiy ahamiyat qaratyapmiz. Ya’ni, har bir askar va serjantda, ofitser va generalda, butun shaxsiy tarkibda milliy ruh va g‘urur kuchli bo‘lishi kerak. Milliy ruh – bu yengilmas kuch. Milliy ruh kuchli bo‘lsa, iroda, jangovar salohiyat ham yuqori bo‘ladi. Kelajakda harbiy bo‘lishni orzu qiladigan botir farzandlarimiz milliy ruhni, muqaddas Vatan taqdiri uchun mas’uliyat tuyg‘usini qaerdan oladi? Vatanimiz boy tarixidan, Amir Temur kabi buyuk ajdodlarimiz jasoratidan oladi. O‘z oilasi, mehribon ota-onasi hamda el-yurtimizning ishonchi, g‘amxo‘rligi va e’tiboridan oladi.

Yoshlarga hamisha o‘rnak va namuna bo‘lib kelayotgan siz kabi chinakam fidoyi harbiylardan oladi, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari sohada qilinadigan ishlar hali ko‘pligini, harbiy-ma’muriy sektorlar ishini takomillashtirish ustuvor vazifa bo‘lib qolishini qayd etdi. Barcha bo‘g‘indagi hokimiyat va boshqaruv idoralari, mahalla, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar, ta’lim-tarbiya muassasalari, keng jamoatchilik vakillari bilan amaliy hamkorlikni yanada faollashtirish zarurligini ta’kidladi.  

– Milliy armiya va harbiylarimiz xalqimizga qancha yaqin, bir tanu bir jon bo‘lsa, shuncha qudratli bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.  

Marosimda Qurolli Kuchlar safida va davlat idoralarida ko‘p yillardan buyon munosib xizmat qilib kelayotgan harbiylar va rahbar xodimlarning bir guruhiga general unvonlari berilishi ma’lum qilindi. 

– General bo‘lish har bir harbiy xizmatchining muqaddas orzusi. Sizlarni ana shunday yuksak unvonga erishganingiz bilan chin qalbimdan tabriklayman. Lekin shuni doim yodda tutishimiz kerakki, harbiy xizmatda va davlat boshqaruvida bundan ham yuqori martaba, bundan ham oliy unvon bor. Bu – xalqimiz, Vatanimizning ishonchiga, o‘z muqaddas burchiga doimo sodiq va munosib bo‘lishdir, – dedi davlatimiz rahbari. 

Prezidentimiz bir guruh harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.

Mukofotlanganlar yuksak e’tibori, harbiylar va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

– Sizlarning yurakdan bildirgan fikrlaringizni eshitib, Vatanimiz himoyasi haqiqatan ham sodiq va mard, fidoyi insonlar qo‘lida ekaniga yana bir bor ishonch hosil qildim. Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, yurtimiz osoyishtaligi va xavfsizligini saqlashdek mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman, – dedi Prezident. 

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech