14 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +10,2 °C

Hukumat
21 Oktyabr  2019 804
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev: Oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir

Yangi muhtasham “Kongress-xoll” saroyida 21-oktyabr kuni oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari yigʻilganlarni, butun xalqimizni ushbu tarixiy sana bilan tabrikladi.

- Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir. Kimda-kim oʻzbek tilining bor latofatini, jozibasi va taʼsir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi boʻlsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, oʻlmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qoʻshiqlariga quloq tutsin, - dedi Prezident.

Oʻzbek tili turkiy tillar oilasiga mansub eng yirik tillardan biridir. Dunyo miqyosida bu tilda 50 millionga yaqin odam soʻzlashadi.

Mustabid tuzum davrida tilimizni yoʻqotishga koʻp urinishlar boʻlgan edi. Lekin xalqimiz oʻz ona tilini – milliy gʻururini saqlab qoldi. Millatparvar ziyolilar, tilimiz fidoyilarining jonkuyarligi natijasida 1989-yil 21-oktyabr kuni qabul qilingan qonunga asosan, oʻzbek tili mamlakatimizda davlat tili maqomiga ega boʻldi.

Ushbu tarixiy sanadan oʻttiz yil oʻtib bu borada yana bir qutlugʻ qadam qoʻyildi. Prezidentimiz 2019-yil 21-oktyabr kuni “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” farmon qabul qildi. Unga binoan 21-oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilandi. Ona tilimiz fidoyilari, butun xalqimiz bu xushxabarni katta xursandchilik bilan qarshi oldi.

Prezident ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi taʼsiri va mavqeini yanada oshirish, “Davlat tili haqida”gi qonunni bugungi kun talablaridan kelib chiqib takomillashtirish zarurligini taʼkidladi. Bu boradagi dolzarb vazifalarni koʻrsatib oʻtdi.

- Har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Bu olijanob harakatni barchamiz oʻzimizdan, oʻz oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak.

Tantanali tadbirda deputat va senatorlar, hukumat aʼzolari, davlat va jamoat arboblari, diplomatik korpus vakillari, tilshunos olimlar va pedagoglar, yoshlar ishtirok etdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech