17 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +21,5 °C

Xalqaro munosabatlar
31 May  2019 1101
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev xorijiy davlatlar elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-may kuni Gruziya, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Zurab Abdushelishvili, Deniel Rozenblyum va Kan Chje Kvondan ishonch yorliqlarini qabul qildi. 

Davlatimiz rahbari elchilarni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini boshlagani bilan samimiy tabriklab, ularga ushbu sharafli va mas’uliyatli vazifada muvaffaqiyatlar tiladi.

Keyingi yillarda mamlakatimiz xorijiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan faol tashqi siyosat olib borayotgani alohida ta’kidlandi.

Markaziy Osiyo va MDH davlatlari, Amerika, Yevroosiyo va Afrikaning yetakchi mamlakatlari bilan munosabatlar mustahkamlanib, amaliy hamkorlik tobora faollashayotgani bundan dalolat beradi.

Bundan tashqari, “yo‘l xaritalari” asosida nufuzli xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar bilan uzoq muddatli sheriklik aloqalari kengaymoqda.

Prezidentimiz o‘z nutqida yangi elchilar vakillik qilayotgan davlatlar bilan ko‘p qirrali hamkorlikning istiqbollariga to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekiston bilan Gruziya o‘rtasidagi, avvalo siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlar rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Keyingi yillarda parlamentlararo aloqalar ham faollashdi.

Gruziya bilan tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, sanoat, transport, logistika va turizm sohalarida kooperatsiyani kuchaytirishga qaratilgan aniq loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlarining do‘stlik va har tomonlama hamkorlik ruhidagi ikki tomonlama munosabatlarida yuksak darajaga erishilganini yuqori baholadi.

O‘tgan yil may oyida AQShga amalga oshirilgan oliy darajadagi tarixiy tashrif mamlakatlarimiz strategik sherikligida yangi bosqichni boshlab berdi.

Bugun barcha darajalardagi muloqot va almashinuvlar faollashgani kuzatilmoqda. AQSh savdo vaziri Uilbur Ross, kongressmenlar Trent Kelli va Visente Gonsales, Missisipi shtati gubernatori Filipp Brayant va boshqalar boshchiligidagi yuqori darajadagi delegatsiyalarning mamlakatimizga tashriflari samarali bo‘ldi.

Amerikaning yetakchi kompaniya va banklari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik kengaymoqda, madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanmoqda, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlarini ta’minlash sohasida, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqot amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari Koreya Respublikasi bilan munosabatlarda alohida strategik sheriklikka erishilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Janubiy Koreya Prezidenti Mun Chje Inning o‘tgan oyda O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuksak bosqichga olib chiqib, ularni yangi amaliy mazmun bilan boyitdi.

Mamlakatimiz Koreya Respublikasi rahbariyatining Koreya yarimorolida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash borasidagi izchil siyosatini qat’iy qo‘llab-quvvatlayotgani ta’kidlandi.

Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, innovatsiya va investitsiyalar, transport va kommunikatsiyalar, infratuzilmani modernizatsiya qilish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma dastur va loyihalarni o‘z vaqtida tayyorlash va sifatli ro‘yobga chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Prezidentimiz yangi tayinlangan elchilar faol diplomatik faoliyati bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishlariga ishonch bildirdi. 

O‘z navbatida, Favqulodda va muxtor elchilar davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun yana bir bor minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida samarali davlatlararo munosabatlarni izchil rivojlantirishga bor kuch-g‘ayratini safarbar qilishini qayd etdilar.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech