05 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +30,1 °C

Xalqaro hamkorlik
11 May  2020 521

Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorligi masalasi koʻrib chiqildi

Parlament yuqori palatasi toʻrtinchi yalpi majlisida Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) bilan hamkorligi masalasi koʻrib chiqildi.

Avval xabar berilganidek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar va hisob-kitoblar Senat qoʻmitalari va maxsus ishchi guruhi yigʻishlarida yetakchi ekspert va mutaxassislarning ishtirokida chuqur tahlillar asosida muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman va shahar Kengashlari tomonidan ham muhokama qilindi.

Yalpi majlisda ham ushbu masala qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻldi.

YEOII doirasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish tarafdorlarining fikriga koʻra, ushbu tashkilot bilan hamkorlik tashqi savdo hajmining oʻsishi, mamlakatimizda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, hududiy klasterlar, sanoat va savdo zonalarini tashkil etishda mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlarini yana-da kengaytiradi.

Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini YEOIIga aʼzo davlatlarga bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirmasdan eksport qilish imkoniyati yaratiladi.

Yana bir eʼtiborli tomoni shundaki, YEOII bilan hamkorlik transport-kommunikatsiya va yuklar tranziti sohasidagi manfaatlariga ijobiy taʼsir qiladi. YEOIIga aʼzo davlatlarda oʻz mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarimizga keng imkoniyat yaratadi.

Oʻzbekistonning YEOIIda “kuzatuvchi davlat” sifatida ishtirok etishi mazkur tashkilot doirasida olib borilayotgan ishlardan xabardor boʻlishi va natijada tahlillar asosida toʻgʻri xulosa qilish imkonini beradi.

Qarshi ovoz bergan senatorlar iqtisodiyotimizning qator tarmoqlarida ishlab chiqarish surʼatlarining pasayishi, muayyan darajada ish oʻrinlarining yoʻqotilishi, investitsiya faoliyati va sanoat modernizatsiya jarayonlarining sustlashishiga olib kelishi mumkinligini bildirishdi.

Shuningdek, muayyan davrda mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari narxlarining oshishi, ularning raqobatbardoshligiga salbiy taʼsir qilishi hamda ichki bozorda import mahsulotlari hajmi koʻpayishini ham taʼkidlashdi. Bundan tashqari, respublikaning savdo saldosi va toʻlov balansi holati yomonlashishi xavfi borligi qayd etildi. Mamlakatimiz manfaatlari uchun Jahon savdo tashkilotiga aʼzolik masalasi dolzarbroq ekanligi ham aytib oʻtildi.

Qizgʻin va ochiq munozara yakunida senatorlar Oʻzbekiston Respublikasining YEOIIda “kuzatuvchi davlat” maqomida ishtirok etish taklifini maʼqullashdi.

Mazkur masala boʻyicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech