22 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent -1 °C

Suhbat
1 Fevral  2019 4224

Sellofan paketlardan voz kechishning vaqti keldi!

Bugungi kunda polietilen paketlar nafaqat global ekologik muammolarni keltirib chiqarmoqda, balki energetika resurslarining ham behuda sarflanishiga sabab bo‘lmoqda. Misol uchun Xitoyda polietilen paketlarni ishlab chiqarish va foydalanish taqiqlangach 1,6 million tonna neft tejab qolingan.

Butun dunyo polietilen paketlarga qarshi kurashish kampaniyasini ishga tushirdi. MDH mamlakatlarida ham polietilen muammosini hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xo‘sh, bu borada yurtimizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Biz ushbu savol bilan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mas’ul xodimi Sevara Davlatova bilan suhbatlashdik.

– Ma’lumki, joriy yilning 1-yanvaridan boshlab yurtimizda polietilen paketlarni bepul tarqatish va ulardan foydalanish taqiqlandi. Demak, endi polietilen paketlar pulli bo‘ldi. Shundaymi?

– Darhaqiqat, joriy yilning 1-yanvaridan boshlab yurtimizda polietilen paketlarni 40 mikrongacha ishlab chiqarish va import qilish, sotuvchilarga mahsulot sotib olgan xaridorlarga paketlarni bepul taqdim etish, shuningdek, sotib olinayotgan mahsulotlar narxiga paketlar qiymatini qo‘shish yoki ularni tannarxidan past narxlarda sotish taqiqlandi.

Bunda biologik parchalanuvchi dastasiz polimer materiallardan tayyorlangan paketlar – mahsulotlarni qadoqlashning ajralmas qismi hisoblangan paketlar hamda turmushda foydalanish uchun sotiladigan o‘ramlarga ruxsat berildi. Aynan mana shu narsa, bir martalik polietilen paketlardan foydalanishni kamaytiradi. Odamlarda avvalgi paytlardagi kabi turli – qalin sellofan paketlar, qog‘oz paketlar, to‘r xaltalar, bo‘z va boshqa matolardan tikilgan xaltalardan foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish zarur.

Aholi yildan-yilga ko‘plab polietilen paketlardan foydalanmoqda. Xususan, O‘zbekistonda yiliga bu ko‘rsatgich 26,2 ming tonnani tashkil etmoqda. Chiqindi masalasi o‘z yechimini kutayotgan asosiy muammolardan biri sanaladi, agar u zudlik bilan hal etilmasa, yaqin orada barchamiz global chiqindixonada yashashga majbur bo‘lamiz.

Ana shu sababdan ham polietilen paketlardan samarali foydalanish, shu orqali insoniyatning ekologiyaga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida bu yilning 1-yanvaridan boshlab O‘zbekistonda polietilen paketlar pulli etib belgilandi.

– Aytingchi, polietilen paketlar ekologiyaga, qolaversa, inson salomatligiga qanchalik zararli?

– Polietilen paketlar, asosan qayta tiklanmaydigan tabiiy resurslar – neft va gazdan tayyorlanadi. Bir martalik paketning o‘rtacha «umri» 20 daqiqaga teng bo‘lib, tuproq ustida 1000 yil, suvda 450 yilda parchalanadi.

Polietilen paketlarning aholi salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi, rad qilib bo‘lmaydigan holat. Negaki, polietilen paketlarni ishlab chiqarishda zaharli modda – qo‘rg‘oshindan foydalaniladi. Mazkur moddaning organizmda to‘planishi turli kasalliklarning yuzaga kelishiga zamin yaratadi. Yana qadoqlash materiallari choklarini birlashtirishda kimyoviy yelimdan foydalaniladi, bu esa aksar holatlarda mahsulotlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, reklama maqsadlarida aksar holatlarda polietilen paketlarga turli yorqin ranglardan iborat tashkilot logotiplari tushiriladi. Odamlar paketlardagi mazkur ranglar tarkibida inson organizmi uchun zararli, yuqori darajada zaharli moddalar borligini anglamagan holda unga oziq-ovqat mahsulotlarini soladilar.

Polietilen tarkibida bakteriyalar bisyor. Bironta mahsulot polietilen paketga solinib muzlatgichga qo‘yilganida, undagi xavfli toksinlar mahsulotga o‘tadi. Tabiiyki, bu mahsulot, vaqti kelib inson tomonidan iste’mol qilinadi. Bunda, ular inson salomatligiga zarar yetkazmay qolmaydi.

- Xorij davlatlarida polietilen paketlardan foydalanish tartibi qanday?

- Ko‘plab davlatlarda nafaqat polietilen paketlar qayta ishlanyapti, balki ulardan foydalanishga ma’lum bir cheklovlar qo‘yilmoqda. Ba’zi davlatlarda paketlarni ishlatishga qo‘shimcha soliqlar solinmoqda.

Xitoyda 2008-yil 1-iyundan boshlab juda ham yupqa (qalinligi 0,025 mm.gacha) polietilen paketlarni ishlab chiqarish hamda ularni savdo do‘konlarida bepul tarqatish taqiqlangan. Mazkur talablarni buzgan savdo do‘konlari katta miqdorda jarimaga tortiladi yoxud mahsulotlari musodara qilinadi.

Lyuksemburgda 2004-yildan boshlab aholi o‘rtasida qulay hamda qayta-qayta ishlatish mumkin bo‘lgan sumkalardan foydalanish va polietilen paketlardan voz kechish borasida targ‘ibot ishlari boshlandi. 2007-yilga kelib esa bir marotabalik polietilen paketlarni bepul tarqatish man etildi, 2009-yilga kelib bunday paketlardan foydalanish 55 mln.dan 6,5 mln.gacha tushdi.

Fransiyada plastik paketlardan foydalanish mutlaq taqiqlangan. Britaniyada 2015-yildan boshlab har bir ishlab chiqarilgan polietilen paket uchun 5 sent soliq kiritilgan.

O‘tgan yili Keniyada mamlakat hududiga plastik paketlarni olib kirish, foydalanish va ishlab chiqarishni taqiqlovchi qonun kuchga kirdi. Unga asosan, qonunbuzarlarni 4 yilgacha ozodlikdan mahrum etish yoki 40 ming AQSh dollarigacha jarimaga tortish mumkin.

Dunyoning rivojlangan mamlakatlari plastik paketlardan foydalanishda bosqima-bosqich voz kechmoqda.

Yevropa mamlakatlarida odam boshiga ishlab chiqarilayotgan polietilen paketlar sonini yil sayin qisqartirib borish rejasi qabul qilingan. Unga ko‘ra, 2019-yilda bir kishiga 90 ta paket, 2025-yilga kelib 40 tagacha tushirish rejalashtirilgan.

Rossiyada ham EKA – yashillar harakati plastik paketlardan foydalanishni qisqartirish maqsadida kurash olib bormoqda. Shu tufayli 3 yil oldin supermarketlarda plastik paketlarni bepul tarqatish taqiqlangan.

Hozirda BMTning dengiz chiqindilariga qarshi kurashish bo‘yicha targ‘ibot kampaniyasi doirasida polietilen paketlardan foydalanishni cheklash yoki plastik materiallar bilan qadoqlangan mahsulotlarni yuqori soliq stavkasi bilan soliqqa tortishni taklif etilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda ham ushbu masalada maqsadli yo‘nalishga ega bo‘lgan bosqichma-bosqich ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birga xorij tajribasi va jamoatchilik muhokamasini hisobga olib, 2020-yilning 1-yanvariga qadar foydalanish xususiyatini yo‘qotganidan so‘ng atrof-muhitga zarar yetkazadigan, ishlab chiqariladigan va import qilinadigan tovarlar guruhiga ekologik yig‘imni joriy qilish yuzasidan asoslangan takliflar kiritish vazifasi topshirilgan.

Anvar Sherov suhbatlashdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech