03 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +12,6 °C

Mamlakatimizda
15 Iyul  2019 1283

Sayyor qabullar hisobot uchun emas, aholi roziligiga qaratilgan

2019-yilning 6-oyi mobaynida Do‘stlik tumanidagi 4 ta sektorlar rahbarlari tomonidan o‘zlariga biriktirilgan hududlarda yashovchi fuqarolar bilan jami 72 marotaba ommaviy qabul tadbirlari o‘tkazildi. Bo‘lib o‘tgan ommaviy qabullarda aholi tomonidan eng dolzarb va o‘tkir muammolar ko‘tirilmoqda.

Shunday uchrashuvlardan birida G‘ofur G‘ulom mahallasida yashovchi Abduvali Sarimsoqov aholining ko‘p yillik muammosi bo‘lgan drenajlarni ishga tushirish lozimligini aytgan edi. Mahalla ahli yog‘in-sochinli davrlarda juda qiynalar, yer osti sizot suvining yuqorilab ketishi natijasida uylar hamda ma'muriy binolarning yer to‘lalari suv bilan to‘lardi. Muammo ko‘tarilganidan keyin aloqador tashkilot va idoralari mutasaddilari bilan joyiga chiqib o‘rganildi.

Ushbu muammo tuman Xalq qabulxonasi va 3-sektor rahbari I.Nurmatov tomonidan tuman hokimligi darajasida ko‘tarildi.

Tuman hokimligining tashabbusi bilan tegishli tashkilotlar va keng jamoatchilik vakillari homiyligi asosida drenaj tizimining Do‘stlik Qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji hovlisi, “A.Sarkisov” kanalining va Arnasoy tumaniga olib boruvchi yo‘ldan “Mevazor” QFYga o‘tuvchi qismlaridagi eski quvurlar to‘liq yangilandi. Natijada mahalla o‘rtasida to‘planib, atrofga badbo‘y hid taratgan sizot suvlar to‘planib qolishiga barham berildi.

O‘tkazilgan sayyor qabullardan shu kabi ko‘plab muammolar hal etilmoqda.

Tadbirlarda ishtirok etgan 2959 nafar fuqarolarning 639 nafari o‘zlarining 803 ta muammoli masalalari yuzasidan murojaat qilishgan. Ushbu murojaatlardan 466 tasi o‘rganib chiqilib qanoatlantirilgan, 294 tasi bo‘yicha fuqarolarga asosli tushuntirishlar berilgan, 43 ta murojaatlar esa hozirgi kunda ijrochi tashkilotlar tomonidan o‘rganib chiqilmoqda.

Ushbu raqamlarni 4 ta sektorlar kesimida ko‘rib chiqarkanmiz, 1-sektor rahbari tuman hokimi Ulug‘bek Uzoqov olti oy mobaynida 20 ta sayyor qabullar o‘tkazgan. Unda fuqarolardan 218 ta muammoli masalalari yuzasidan murojaatlar bo‘lgan. Murojaatlarning 135 tasi ijobiy hal etilgan, 81 ta murojaat bo‘yicha fuqarolarga asosli tushuntirishlar berilgan, 2 tasi ayni paytda o‘rganilmoqda.

Tuman prokurori Akbar Sakiyevga biriktirilgan 2-sektor hududida 18 ta sayyor qabullar tashkil etilgan. Ularda 175 ta muammoli masalalari ko‘tarilgan. Murojaatlarning 104 tasi ijobiy hal etilgan, 59 tasi bo‘yicha fuqarolarga asosli tushuntirishlar berilgan, qolgan 12 ta murojaatlar o‘rganilyapti. 

3-sektorga rahbarlik qilayotgan tuman IIB boshlig‘i I.Nurmatov aholi bilan 18 ta uchrashuv o‘tkazib, fuqarolardan 194 ta muammoli masalalari tushgan. 123 ta murojaat qanoatlantirilgan, 55 tasi bo‘yicha fuqarolarga kerakli maslahatlar berilgan, 16 ta murojaatlar esa o‘rganilmoqda. 

Tuman DSI boshlig‘i R.Begimqulov 4-sektor hududidagi aholi yashash manzillarida 16 ta sayyor qabullar tashkil etgan. Uchrashuvlar davomida 216 ta muammoli masalalari yuzasidan murojaat qabul qilingan. Aytilgan murojaatlarning 104 tasi o‘rnida hal etilgan. 99 tasi tushuntirishlar berilgan, 13 ta murojaatlar esa o‘rganilmoqda.

Ta'kidlash joizki, o‘tgan davr mobaynida Jizzax viloyati hokimligi tomonidan tasdiqlangan jadval asosida 2019-yil 4-aprel kuni Jizzax viloyati hokimi E.Saliyev tomonidan aholi bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda Nomoz Xolmurodov “Chinobod” mahallasida joylashgan 24 ta barak uylar buzilishga tushganligi sabab 150 ta xonadonlarda yashovchi 600 nafarga yaqin fuqarolarni taqdiriga aniqlik kiritishni so‘ragan.

Murojaat yuzasidan hozirgi kunda Do‘stlik tumani hokimligi tomonidan ushbu xonadonlarda yashovchi 40 ta oilaga uy-joy qurish uchun 3 sotixlik yer maydonlari ajratildi. Tuman hokimligi homiyligida ishlab chiqilgan loyiha asosida aholi tomonidan uy-joylarga poydevorlar qo‘yilib, devorlari ko‘tarilmoqda.

Qolgan 120 ta oilalarni uy-joy bilan ta'minlash uchun Do‘stlik shahri, A.Navoiy mahallasi hududida 4 ta 4 qavatli binolarning qurilishi rejalashtirilib, hozirgi kunda ushbu ko‘p qavatli uylarning poydevorlarini qurish ishlari boshlandi.

Bu kabi ijobiy hal etilgan masalalarni ko‘plab keltirish mumkin. Ta'kidlash joizki, o‘tkazilayotgan tadbirlar shunchaki hisobot uchun emas, aholining muammolarini aniqlash va ularni hal etishga qaratilgan.

G‘aybulla PARMANOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

Jizzax viloyati Do‘stlik tumani

Xalq qabulxonasi mudiri.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech