18 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +20,9 °C

Ijtimoiy hayot
15 May  2019 1041

Sayyor qabul: muammolar yechimini topmoqda

Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov “Qizilqumsement” AJ sog‘lomlashtirish maskanida fuqarolar bilan navbatdagi sayyor qabulini  o‘tkazdi. 

Viloyat Xalq qabulxonasi rahbari F.Quvondiqov, tuman va shahar sektor rahbarlari, viloyat korxona, tashkilot, muassasa va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari ishtirok etgan sayor qabulda aholining murojaatlari atroflicha o‘rganib chiqildi.

— Inson manfaatlarini himoya qilish uchun rahbarlar xalq bilan muloqot qilishi, fuqarolarning dardu tashvishlari, orzu niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilishi kerakligini davrning o‘zi taqozo etmoqda, — deydi viloyat hokimligi Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha mas’ul xodimi Q.Abduazizov. — Ayniqsa, so‘nggi uch yil barchamizning hayotimizga, xususan mamlakatimiz tarixiga yangi davr nafasini olib kirdi. Bugungi sayyor qabulda ham har bir murojaat atroflicha tahlil etilib, aksariyati joyida hal etildi. Qabul davomida fuqarolardan 48 ta murojaat tushgan bo‘lsa, ularning 14 tasi joyida ijobiy yechim topdi. 9 ta murojaatga huquqiy tushuntirish berildi va 25 ta murojaat yuzasidan o‘rganish talab etilganligi sababli ko‘rib chiqish jarayoniga qabul qilindi.

Karmana tumani markazida istiqomat qiladigan Farog‘at Yo‘ldosheva o‘z murojaati orqali farzandi bir necha yillardan buyon ishsizligini bayon etib, uning bandligini ta’minlash maqsadida “Navoiydonmahsulotlari” AJning shahobchasini ochishda amaliy yordam so‘radi. Fuqaroning ushbu murojaati shu kunning o‘zida “Navoiydonmahsulotlari” AJ rahbariyati tomonidan hal etib beriladigan bo‘ldi.

— Men bugungi sayyor qabulda egizagim Zuhra Hamidovaning suyak yemirilishi kasalligiga chalinganligi,  buning oqibatida u nogiron hamda yotoqda bo‘lib qolganligini aytib, davolanish masalasida yordam so‘rab murojaat etdim. Shuningdek, o‘zimning ham bir oyog‘imda suyak yemirilishi kasalligi kuzatilayotganligini bildirib o‘tdim, — deydi  Xatirchi tumani “Oltinsoy” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiladigan fuqaro Fotima Hamidova. — Viloyat hokimi va tadbirkorlar tomonidan bizning davolanishimiz uchun zarur bo‘lgan 38 million so‘m mablag‘ homiylik asosida ajratib beriladigan bo‘ldi. Bundan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Muroja-atimiz ijobiy hal etilganidan xursandmiz.

Saxovatpesha xalqmiz. Ayniqsa, bu ezgu amallar muqaddas Ramazon oyida yanada keng quloch yozadi.  Sayyor qabulda tadbirkor, “Karmana tomorqa xizmati-2” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Samad Ahmedov kam ta'minlangan oilalarning oilaviy sharoitini yaxshilash maqsadida 30 dona tikuv mashinasi tekinga ajratishini ma'lum qildi. Ayni paytda Xalq qabulxonasiga bu borada murojaat qilgan kam ta'minlangan oilalar ro‘yxati shakllantirilmoqda.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech