06 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28 °C

Mamlakatimizda
1 Aprel  2020 1816

Respublika maxsus komissiyasi axboroti

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga muvofiq, koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi tomonidan aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash hamda virusni yuqtirib olgan bemorlar salomatligini tiklash yuzasidan zarur vazifalar amalga oshirilmoqda.

Bunda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va koronavirusga qarshi kurashishda tajribaga ega mamlakatlar (Xitoy, Janubiy Koreya) mutaxassislarining tavsiya va maslahatlariga qatʼiy amal qilinmoqda. Aholi, ayniqsa yoshi ulugʻ insonlarni ushbu epidemiyadan ishonchli himoya qilish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining qarori qabul qilinib, muayyan tartiblar oʻrnatilmoqda.

Xususan, joriy yilning 1-aprelidan boshlab Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida “oʻzini yakkalash” (samo izolyatsiya) hayot tarzi joriy etiladi. 65 yoshdan yuqori boʻlgan fuqarolarga uyidan tashqariga chiqish qatʼiyan man etiladi. Zarurat boʻlgan taqdirdagina yaqin atrofdagi dorixona, oziq-ovqat va birinchi galdagi tovarlar doʻkoniga chiqishga ruxsat etiladi.

Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash fonida koʻplab yurtdoshlarimiz va qator jamoat tashkilotlari shaxsiy tashabbus koʻrsatib, turli xayriya aksiyalarini uyushtirmoqda. Ehtiyojmand oilalar, yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa yordamga muhtoj qatlamiga muayyan turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib bermoqda. Jamiyatning birdamligi ortib, fuqarolarning bir-biriga mehr-oqibat va muruvvat koʻrsatayotgani quvonarli hol.

Lekin mutaxassislarning fikriga koʻra, bu turdagi aksiyalar davomida COVID-19 virusining yana-da keng tarqalish xavfi juda yuqori. Bundan tashqari, butun dunyo boʻyicha ushbu infeksiyani yuqtirib vafot etayotganlar orasida asosan yoshi ulugʻ insonlar koʻpchilikni tashkil etadi.

Mamlakatdagi epidemiologik holatni inobatga olib aytish mumkinki, sanitariya-gigiyena qoidalari va karantin talablarini chetlab oʻtib, yakka tartibda xayriya tadbirlarini amalga oshirish aholi, ayniqsa nuroniylar hayotini jiddiy xavf ostiga qoʻyadi.

Mazkur jarayonda yakka tartibdagi xayriya aksiyalarini joriy yilning 1-aprelidan eʼtiboran vaqtincha toʻxtatish maqsadga muvofiqdir.

Soha mutaxassislarining fikrlari, savobtalab va sahovatpesha insonlardan kelib tushgan murojaatlar hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi qoshida Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi tashkil etilgani inobatga olinib, ehtiyojmand kishilarga xayriya yordamlarini manzilli yetkazilishida koʻmaklashish uchun bunday tadbirlar quyidagi markazlashgan tartibda amalga oshiriladi:

– Toshkent shahrida Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi Oʻzekspomarkaz Milliy koʻrgazma majmuasi tarkibidagi pavilyonda tashkil etiladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahri hamda viloyatlar markazlarida shunday mexanizm joriy etiladi;

– Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining hududiy boʻlimlari joylardagi ehtiyojmand oilalar, yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa yordamga muhtoj qatlami haqidagi maʼlumotni hududiy tegishliligi boʻyicha Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga taqdim etadi;

– jismoniy va yuridik shaxslarning begʻaraz yordamlari Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari orqali santitar-gigiyenik talablarga muvofiqligi koʻrikdan oʻtkazilib, karantin talablariga qatʼiy rioya etilgan holda (maxsus kiyim bosh va shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlangan holda) ehtiyojmandlarga yetkazib beriladi;

– aholining yordamga muhtoj qatlamiga xayriya yordamlarini shaxsan yetkazish istagida boʻlgan nodavlat-notijorat tashkilotlari vakillari hamda sahovatpesha insonlar va koʻngilli (volontyor) lar ushbu xayriya tadbirlarida yaqindan hamkorlik qilish va jarayonda qatnashishga taklif etiladi;

– ehtiyojmand oilalarga berilgan xayriya yordamlari haqidagi maʼlumotlar jamoatchilikka muntazam yetkazib boriladi.

Pul koʻrinishidagi mablagʻlarni “Oʻzbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga oʻtkazish tavsiya qilinadi.

Ushbu tartibga qatʼiy amal qilinishi talab etiladi!

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech